13:32 / 21.09.2022
2774
«Bo‘zsuv» kanali atrofidan 35 sotix yerni olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Hududlarda yer maydonlari savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departament Chinoz tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.Sh. boshqa bir fuqaro J.ga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “Bo‘zsuv” kanali atrofidan zaxiradagi 35 sotix yer maydonini 13 000 AQSh dollariga rasmiylashtirib olib berishga kelishib, oldindan 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament hamda DXX Sherobod tuman bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Sherobod tumani qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i Sh.B. fuqaro O‘.ga “Bog‘iobod” MFY hududidagi 4 gektar zaxiradagi yer maydonini tanishlari orqali arzon narxlarda auksionda yutib olib berishi evaziga 10 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlanib, shundan 4,8 mln so‘mni qaytargan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.Sh. boshqa bir fuqaro M.ga Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” MFY hududidagi 10 sotix zaxiradagi yer maydonini 3 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, Yer resurslari va kadastr davlat qo‘mitasi Namangan viloyat boshqarmasi sobiq xodimi S.I. fuqaro Sh. ishonchiga kirib, unga “Ch.A.” fermer xo‘jaligiga qarashli 20 sotix yer maydonini rasmiylashtirib olib berish evaziga 2 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Top