12:27 / 21.09.2022
30173
Shoygu Rossiya va Ukraina armiyasining urushdagi yo‘qotishlari haqida gapirdi

RF prezidenti Vladimir Putin bugun qisman safarbarlik haqida e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Luhansk va Donetskdagi «xalq respublikalari», Xerson va Zaporijjya oblastlarini kelgusida egallash va himoyalash maqsadida qabul qilindi. Shu kunlarda ushbu hududlar RF tarkibiga kirish bo‘yicha referendumlar o‘tkazish sanalarini e’lon qilishgandi.

Foto: «Rossiya 24» telekanali efiridan skrinshot

Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon 5 937 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma’lum qildi. Rossiya harbiy idorasi yo‘qotishlar haqida mart oyi oxiridan buyon ma’lumot bermayotgandi.

«Buni aytmay o‘tolmayman, biz anchadan bunyo bu haqda gapirmadik: yo‘qotishlarimiz haqida. Bizning maxsus amaliyotdagi yo‘qotishlarimiz 5 937 kishini tashkil etmoqda», - dedi Shoygu «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida. Uning intervyusi Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik e’lon qilishi ortidan berildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yarador bo‘lib safdan chiqqan harbiy xizmatchilarning 90 foizi safga qaytgan.

Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urush davomida rossiyalik harbiylarning 55 mingga yaqini halok bo‘lgan.

Shoygu Ukraina armiyasi yo‘qotishlarini 100 mingga baholadi - 61 ming qurbon va 49 ming yarador. Shuningdek, 2 mingdan ortiq xorijlik yollanma harbiylar o‘ldirilgani qo‘shimcha qilindi.

Rossiya mudofaa vazirligi harbiy yo‘qotishlar haqida so‘nggi bor 25 mart kuni xabar bergandi - 1351 qurbon.

MRB ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyi oxiriga kelib Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari soni 15 mingdan oshgandi. Britaniya razvedkasi esa iyun oyidayoq qurbon bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 20 mingni tashkil etishini xabar qilgandi.

YEGOR ALEYEV/TASS 

Shoygu tomonidan aytilgan raqamlar BBC rus xizmati, «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi tomonidan rasman tasdiqlangan o‘lim holatlari asosida jamlagan ma’lumotlardagidan ham kamroq.

BBC 16 sentabr holatiga ko‘ra Rossiya mojaroda kamida 6 476 nafar harbiy xizmatchisidan ayrilganini tasdiqlagan. Bular faqat ochiq manbalar asosida tasdiqlash imkoni bo‘lgan ma’lumotlardir, shu tufayli bu ma’lumot haqiqiy yo‘qotishlarni aks ettira olmaydi.

Tasdiqlangan o‘lim holatlari soni bo‘yicha hamon Dog‘iston (301 kishi), Buryatiya (267 kishi) va Krasnodar o‘lkasi (256 kishi) yetakchilik qilmoqda.

Shoygu yana nimalar dedi?

Putinning telemurojaati ortidan e’lon qilingan intervyuda Shoygu armiyaga zaxiradan 300 ming kishi chaqirilishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi - bular jangovar tajriba va harbiy mutaxassislikka ega bo‘lgan rossiyaliklar bo‘ladi.

Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada ulkan safarbarlik resursi mavjud — bu qariyb 25 million kishi degani, qisman safarbarlik esa faqat 1 foizdan ortiq qismini qamrab oladi.

Vazirning ishontirishicha, talabalar safarbarlikka jalb etilmaydi, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar esa urushga jo‘natilmaydi. U Rossiya regionlari rahbarlari safarbarlik doirasidagi chaqiruvlar tashkil etilishi ta’minlanishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, qisman safarbarlik birinchi navbatda tutashuv chiziqlari va egallangan hududlardagi nazorat uchun kerak.

«Tutashuv chizig‘ining o‘zi, uni front chizig‘i deyish mumkin, 1 ming kilometrdan oshadi. Tabiiyki, orqa qismni mustahkamlash, bu hududlarni nazorat qilish kerak. Qisman safarbarlik, birinchi navbatda shu ish uchun joriy etilmoqda», degan u

Zaxiradan chaqirilganlar tayyorgarlikdan o‘tishi, tartibga solinishi, shundan keyingina vazifalarni bajarish uchun jo‘natilishi mumkin.

Shoyguning qo‘shimcha qilishicha, hozirda faqat Ukraina bilan emas, balki kollektiv G‘arb va NATO bilan ham jang ketmoqda, NATOning butun sun’iy yo‘ldosh guruhlari Rossiyaga qarshi ishlamoqda, Ukraina armiyasi esa to‘lig‘icha G‘arb mamlakatlari nazoratida — Kiyevda G‘arb qo‘mondonligi o‘tiribdi.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top