17:52 / 22.09.2022
6569
Huquq himoyachilari Yevropa ittifoqini chaqiruvdan qochgan rossiyaliklarni kiritishga chaqirdi

Nemis huquq faollari va siyosatchilari Yevropa ittifoqi va Germaniya safarbarlikdan qochgan Rossiya fuqarolariga boshpana berishi kerak, deb hisoblaydi.

Majburiy safarbarlikdan qochib, jang qilishni istamagan rossiyaliklar uchun Yevropa ittifoqiga kirish tartibini aniqlash zarur, deya ma’lum qildi 22 sentabr, payshanba kuni boshpana izlovchilar va Germaniyaga kirishni xohlovchilarni qo‘llab-quvvatlovchi Pro Asyl huquqni himoya qilish tashkiloti

Majburiy chaqiruvdan qochgan rossiyaliklarning arizalarini qabul qilish, ularda Yevropa ittifoqiga kirish imkoniyati yo‘q ekan, «ma’nosiz narsadir», dedi tashkilot rahbari Gyunter Burkxardt. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy variantlardan biri - Gruziya va Turkiyaga ketishga muvaffaq bo‘lgan rossiyaliklarga gumanitar vizalar berilishi. 

Tashkilot, shuningdek, Germaniyani urushga borishdan bosh tortgan rossiyaliklar va «katta shaxsiy xatar ostida o‘z mamlakatida urushga qarshi chiqqanlar» uchun «chegaralarni ochishga» chaqirdi. Bu haqda Pro Asyl’ning Yevropa bo‘limi rahbari Karl Kopp ma’lum qildi. 

«Yevropa ittifoqi qonunchiligiga ko‘ra, xalqaro huquqni buzadigan urushdan qochganlar boshpana va himoya olish huquqiga ega. Shu ma’noda Germaniya va Yevropa endi Rossiyaning agressiv urushiga qarshi ovoz bergan odamlarni byurokratik bo‘lmagan holda qabul qilishni tashkil etish kerak», - deydi u.

«Harbiy xizmatga chaqirilish xavfi ostida bo‘lgan, harbiy jinoyatchilar armiyasining bir qismi bo‘lishni istamagan har bir kishi Putin tizimiga qarshi chiqadi. Biz, yevropaliklar endi rejimga qarshi rossiyaliklar va begunoh dezertirlarga tezda boshpana berishimiz kerak», dedi Germaniya Erkin demokratik partiyasi fraksiyasi parlament kotibi Yoxannes Fogel. 

«Putin - rus tilida so‘zlashuvchilar uchun eng katta tahdid. Biz rossiyalik dezertirlarni Putinning safarbarligidan himoya qilishimiz va ularni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlashimiz mumkin va kerak», - dedi Bundestagdagi Germaniya-Ukraina parlament guruhining «yashillar»dan raisi Robin Vagener.

«Aftidan, ko‘pchilik rossiyaliklar o‘z vatanini tark etayotganga o‘xshaydi: Putin yo‘lini yomon ko‘radigan va liberal demokratiyani sevadigan har bir kishi Germaniyada juda yaxshi kutib olinadi», deb yozadi Germaniya adliya vaziri Marko Bushman. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir kun avval «qisman safarbarlik»ni e’lon qilganidan so‘ng, Rossiyada xorijda aviachiptalarga talab keskin oshdi. Aviasales aviachiptalariga buyurtma berish portali ma’lumotlariga ko‘ra, 21 sentabr, chorshanba kuni sobiq SSSRning Rossiyaga qo‘shni respublikalari – Armaniston, Gruziya, Ozarboyjon va Qozog‘istonga barcha to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarga chiptalar sotib olingan. 

Turkish Airlines Istanbulga parvozlar uchun chiptalar faqat 24 sentabrdan qayta paydo bo‘lishini e’lon qildi, AirSerbia bilan Belgradga uchish uchun navbatdagi imkoniyat faqat 26 sentabrda paydo bo‘ladi. Chegara shaharlariga ichki reyslar uchun chiptalar ham yuqori talabga ega. Misol uchun, chorshanba kuni Moskvadan Vladikavkazga, Gruziya chegarasigacha bo‘lgan reysga joy 750 dollardan ortiq – odatdagidan o‘n baravar qimmatroqqa sotilgan. 

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top