13:52 / 23.09.2022
10462

O‘zbekiston avtomobil bozorida savdolarning sezilarli o‘sishi qayd etildi

Yil boshidan buyon mamlakat barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli o‘sishi qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan - 44 foiz, Qashqadaryo – 34 foiz va Jizzax viloyatlarida – 23 foiz kuzatildi.

Foto: UzAuto Motors

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faoliyatni baholadi.

Markaz tahlili shuni ko‘rsatdiki, hozirgi kunda avtomobillarga bo‘lgan talab ancha barqaror bo‘lib, shu yil yanvar oyida boshlangan faollik o‘sish tendensiyasini davom ettirmoqda. Avgust oyida avtomobil sotib olishga qiziqish ortishi qayd etildi, bu valuta kurslari o‘zgarishi va iste’molchilar pul mablag‘larini investitsiya qilish istagi ortishi bilan bog‘liq.

Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi

Joriy yil avgust oyida sotilgan avtotransport vositalari umumiy soni 119,3 mingtani tashkil etdi, bu iyul oyiga nisbatan 16 foizga ko‘p. Yil boshidan buyon mamlakat barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan - 44 foiz, Qashqadaryo – 34 foiz va Jizzax viloyatlarida – 23 foiz qayd etildi.

Yil boshiga kelib jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillar umumiy soni 3,1 mlnni tashkil etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,28 mlnga ko‘p. O‘zbekiston har ming doimiy aholisiga o‘rtacha 87 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har 12 kishidan biri avtomobilga ega.

Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori (2021-2022)

Eng ko‘p avtomobillar Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan - 525 028 ta. Poytaxtdan keyin eng ko‘p ro‘yxatga olingan avtomobillar Samarqand viloyatida — 392 475 ta, Toshkent viloyatida — 324 154 ta va Farg‘ona viloyatida — 325 009 ta. Hududlar bo‘yicha jismoniy shaxslarga tegishli eng kam ro‘yxatga olingan yengil avtomobillar Sirdaryo – 68 278 ta, Jizzax – 90 860 ta va Navoiy viloyatlarida – 97 439 ta qayd etildi.

Avgust oyida ikkilamchi bozorda 98 mingta avtomobil sotilgan, bu o‘tgan oyga nisbatan 21 foizga ko‘p. Shu bilan birga, ikkilamchi avtomobil bozori yil davomida 2,2 barobar o‘sdi.

Mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ulushi

Avgust oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotilishi 17 mingtani tashkil etdi va iyul oyiga nisbatan 7,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, 2021 yil avgust oyiga nisbatan savdo hajmi 1,8 baravar oshdi. Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 1,8 mingtani tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 38 foizga, o‘tgan yil avgust oyiga nisbatan esa 1,8 barobarga oshgani qayd etildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi bunday keskin o‘sishi joriy yil may oyidan boshlab import qilinadigan avtomobillarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlari pasayishi bilan izohlanadi, bu savdo hajmi o‘sishiga ta’sir ko‘rsatdi. Joriy yil may-avgust oylarida xorijiy avtomobillar savdosi o‘tgan yil shu davriga nisbatan 1,6 barobarga oshgan. Ushbu davrda mahalliy avtomobillar sotuvi ham barqaror o‘sishni ko‘rsatib, 1,4 barobarga oshgan.

Top