20:55 / 24.09.2022
45528

«Rossiya moliyaviy tomondan qodir emas». Sharqda Putinning safarbarlik qarori qanday kutib olindi? 

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning safarbarlik haqidagi qarori Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb davlatlari tomonidan keskin qoralangan edi. Ammo Kreml xo‘jayinining yuz minglab odamlarni armiyaga jalb qilish niyati, Ukraina hududlariga egalik qilish da’vosi va yadroviy tahdidlari Sharqda ham tanqidlarga uchradi. Vaholanki, Moskva G‘arb davlatlariga mutanosib «ko‘p qutbli dunyoni» yaratishda Sharqning qo‘llab-quvvatlashini kutgan edi. 

Foto: EPA

Yaqinda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ekspertlar Rossiyaning Sharq davlatlari bilan munosabatlaridagi o‘zgarishlarni qayd etishdi. Masalan, Putin Xitoyning Ukrainadagi urush bilan bog‘liq «savollari» borligini tan oldi. Hindiston yetakchisi Narendra Modi esa Rossiya prezidentiga «hozir urushlar davri emas», deb ochiqchasiga aytdi. Shuningdek, ShHT sammitini yoritgan jurnalistlar Putin muzokaralardan oldin boshqa davlat rahbarlarini kutib qolganini qayd etishdi, vaholanki, avval u hammani kuttirar edi. 

Sharqning yirik davlatlari, jumladan, mintaqadagi eng yirik davlatlar – Xitoy va Hindiston ommaviy axborot vositalari Rossiyadagi so‘nggi voqealar haqida nimalarni yozmoqda? 

Hindiston TV kanallari urush eskalatsiyasi haqida gapirmoqda 

Rossiya qurollarining eng yirik xaridori va Moskvaning jahon miqyosidagi an’anaviy ittifoqchisi bo‘lgan Hindiston matbuoti safarbarlik haqidagi yangiliklarga katta e’tibor qaratdi. 

Hindistonning yetakchi telekanallaridan biri Republic TV muharriri efirda «Putin ekstremal qurollardan foydalanishni istisno qilmasligi»ni aytdi va Rossiyani «urushni keskinlashtirishga urinish»da aybladi. 

Yana bir mashhur WION TV boshlovchisi Modining Rossiya prezidentiga aytgan so‘zlarini esladi va shunday qo‘shimcha qildi: «Aftidan, Putin urushni osonlikcha yakunlamaydi, u g‘alabadan boshqasiga rozi emas». 

NDTV 24x7 axborot kanali eksperti Putinning bayonotini «taqqoslama eskalatsiya» deb baholadi va Kreml o‘z harbiy maqsadlariga erishish uchun qonuniy sabablarni topishga urinayotganini aytdi. 

«Urush Rossiya uchun jiddiylashmoqda, chunki joriy etilgan sanksiyalar fonida uning pozitsiyasi zaiflashmoqda», - dedi mashhur Zee News kanali tahlilchisi. 

Xitoyda Putin ochiqdan ochiq tanqid qilinmadi, ammo «Rossiya bunga moliyaviy tomondan qodir emas»ligi aytilmoqda 

Xitoy davlat matbuotining Putin tahdidlari va safarbarlik haqidagi maqolalari (qo‘shnilarga nisbatan) kamroq tanqidiy ruhda bo‘ldi. Ular Kremlning «qisman safarbarlik» rejalari haqida gapirib, yadro qurolidan foydalanish tahdidlariga unchalik ahamiyat bermadi. 

Foto: EPA

Bunday yo‘nalish Pekinning rasmiy siyosatiga to‘liq mos keladi, u asosan Moskvaning dunyo tuzumi haqidagi qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi va Ukrainadagi harakatlarini G‘arb bilan qarama-qarshilik kontekstida ko‘radi. 

Biroq Xitoyning bu pozitsiyasi og‘zaki qo‘llab-quvvatlashdan nariga o‘tgani yo‘q. ShHT sammiti xabarlariga qaraganda, Putin Xitoy rahbarining «Sila Sibiri 2» gaz quvurini qurish uchun shartnoma imzolashiga erisha olmagan. Bu quvur Rossiya gazini Yevropaga yetkazib beriladigan va tobora qisqarib borayotgan hajmini qoplash uchun mo‘ljallangan edi. 

CCTV davlat kanali Kremlning so‘nggi qarorlari haqida xabar berarkan, Putinning G‘arb davlatlarini ayblashiga urg‘u berdi. Jumladan, Rossiya prezidenti G‘arbni «Rossiyani zaiflashtirish va yo‘q qilishga, Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazishga urinayotganlikda» ayblagan edi. 

Xitoy ommaviy axborot vositalari Putinning yadro to‘qmog‘i bilan tahdid solishiga umuman e’tibor bermadi. Biroq Global Times tabloidi «Sputnik» Rossiya davlat axborot agentligiga tayangan holda, Putinning G‘arbni «yadroviy shantaj»da ayblashiga e’tibor qaratdi. Jumladan, uning «Mamlakatimiz hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, biz, albatta, Rossiya va xalqimizni himoya qilish uchun qo‘limizdagi barcha vositalarni ishga solamiz. Bu blef emas», degan so‘zlarini keltirdi nashr. 

«Pandora qutisi» 

Biroq hatto Xitoy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarida ham Putin qarorlarining tanqidini topish mumkin. 

Masalan, CCTV telekanali Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyakning «Safarbarlikning joriy etilishi Rossiya tomonidan jang maydonidagi yo‘qotishlar ko‘lamini tan olishini anglatishi» haqidagi so‘zlarini keltirdi. 

Foto: EPA

Global Times saytidagi Buyidao blogida Rossiyaning «harbiy va diplomatik bosimga uchrayotgani va bu tobora oshib borayotgani» yozildi. Shuningdek, Modi aytgan hozir urushlar davri emasligi haqidagi so‘zlar keltirildi.

The Paper davlat nashri yuz minglab oddiy rossiyaliklarning urushga jalb etilishida «katta siyosiy xavf»ni ko‘rdi. «Rossiya jamiyati buni istamasligi aniq, Rossiya hukumati esa bunga moliyaviy tomondan qodir emas», deb hisoblamoqda nashr. 

Xitoyning Phoenix TV telekanali sharhlovchisi Chjyen Xao so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda o‘tkazilgan «referendumlar» noqonuniy hisoblanadi va xalqaro hamjamiyat ularni tan olmaydi. 

Putinning qarorlari odatda qattiq senzura qilinadigan Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida ham tanqid qilinyapti. 

«Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat qachongacha davom etadi?» deb so‘raydi Sina Weibo platformasi foydalanuvchilaridan biri. «Bu savoldan maqsad inflatsiyaga dosh bera olamizmi yoki yo‘qligini tushunish, shuningdek, urush fond bozoriga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmoqda. Beqarorlik kerak emas, hamma narsa oqilona chegaralarda saqlanishi lozim». 

Ba’zi sharhlovchilar Rossiyaning Ukraina bilan qarama-qarshiligi yangi, ancha xavfliroq shaklga aylanib ketishi mumkinligidan qo‘rqishadi. Global Times gazetasi sobiq bosh muharriri Xu Si Jin Guancha veb-saytida yozishicha, agar yadroviy urush boshlanib ketsa, «Pandora qutisi ochiladi va oqibatlarini tasavvur qilib bo‘lmaydi». 

Markaziy Osiyo: «Migrantlar Rossiya uchun «to‘p yemi» 

Markaziy Osiyodagi siyosatshunoslar Kreml harakatlarini tanqid qilishda ancha uzoqqa borishmoqda. 

«Mehnat migrantlari – Rossiya uchun juda qulay vosita», deb yozdi o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov. «Rossiyada gastarbayterlarning hayoti hech qanday qiymatga ega emas. Minglab migrantlar qurbon bo‘lsa-yu, ammo ukrainaliklarni o‘ldirsa, Rossiya xursand bo‘ladi». 

Taniqli o‘zbek iqtisodchisi Yuliy Yusupov bundan ham keskinroq bo‘ldi. «Donbass konchilari va traktorchilaridan to‘p yemi tugadi. Endi «oddiy rossiyaliklar» qirg‘inga yuborilyapti», deb yozdi u. 

Qirg‘izistonning mashhur Kloop saytida huquqshunos Beksulton Osmonov so‘zlari keltirildi. Unga ko‘ra, Rossiya pasportiga ega Qirg‘iziston fuqarolariga safarbarlikka duch kelmaslik uchun imkon qadar tezroq vataniga qaytish maslahati berilgan. 

Yana bir advokat Fotima Yakupbayeva huquqiy oqibatlardan ogohlantirdi. U «qirg‘iz fuqarosining chet davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishi fuqaroligini yo‘qotish uchun asos bo‘lishi mumkin»ligi Qirg‘iziston qonunlarida belgilab qo‘yilganini aytdi. 

Turkiya «migrantlar ombori» bo‘lishni xohlamaydi 

Turkiyadagi sharhlovchilarning qayd qilishicha, safarbarlik haqidagi xabarlar e’lon qilinganidan so‘ng, bu davlatga va qo‘shni Armanistonga «bir tomonlama chipta» bilan kelayotganlar ko‘payib ketgan. 

Foto: Reuters

Turkiya rossiyalik muhojirlar to‘lqiniga duch kelishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mahalliy aholi bundan norozi, turk jamoatchiligi avvaldan ham muhojirlarga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lib kelgan. 

«Mamlakat muhojirlar omboriga aylandi», deb shikoyat qildi mashhur Eksi Sozluk munozara platformasi foydalanuvchilaridan biri. 

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganida, ularning harbiylari Turkiyaga qochib keldi. Rossiya urush boshladi – qochqinlar bu yerga keldi. Suriyada fuqarolar urushi boshlanadi va jang qilishni istamaganlar ham bu yerga keldi», deb yozdi g‘azab bilan boshqa foydalanuvchi. 

Mahalliy aholining ba’zilari, shuningdek, migrantlarning ko‘payishi narxlarning keskin o‘sishiga turtki berayotganidan shikoyat qilmoqda: avgust oyida mamlakatda inflatsiya 80 foizdan oshgan. «Ijara haqi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, ish yuritish buyumlari, maktablar, shifoxonalar, pochta xizmatlari qimmatlashmoqda. Hamma joyda navbatlar, hamma joyda odamlar. Narxlar tez orada yana ko‘tarilsa kerak», deb qo‘rqadi Eksi Sozluk foydalanuvchilaridan biri.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top