12:13 / 26.09.2022
14260
Messi va «Barselona»ning ajralishi: Leo klubdan nimalarni talab qilgani haqida

«Barselona» va Lionel Messi o‘rtasidagi aloqalar uzilganiga 1,5 yildan oshdi, ammo hissiyotlar hamon so‘nmayapti. Ispaniyaning El Mundo nashri argentinalik futbolchining ketishi bilan bog‘liq bir qancha tafsilotlarni oshkor qildi. «Barselona» bundan qattiq ranjidi.

Foto: Getty Images

2021 yilda Lionel Messi erkin agent maqomida «Barselona»ni tark etdi. Klub rahbariyati La Liga tomonidan o‘rnatilgan moliyaviy cheklovlar tufayli u bilan yangi shartnoma imzolash imkonsiz ekani haqida bayonot berdi. Keyinchalik, argentinalik futbolchi «Barselona»da qolish uchun maoshining 50 foizga qisqartirilishiga ham tayyor bo‘lganini aytdi.

Yaqinda El Mundo nashri Messining «Barselona»dan ketishi bilan bog‘liq bir necha ma’lumotlarni oshkor qildi.

• Leo 2023 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma va uni imzolashi uchun 10 million yevro bonus olishni xohlagan. Bonus uning akasi Rodrigo Messiga to‘lanishi kerak edi. Shuningdek, Leo o‘zining klubdagi ichki muammolarini hal qilish uchun mas’ul bo‘lgan xodim Pepe Kosta bilan shartnomaning uzaytirilishini talab qilgan.

• Messi pandemiya sababli kechiktirilgan maoshini 3 foiz ustama bilan qaytarilishini istagan. Diario Sport xabariga ko‘ra, 2020 yilgi qarz taxminan 52 million yevroga teng.

• Leo shartnomadagi tovon puli 10 ming yevro qilib belgilanishini xohlagan. Bu unga istalgan paytda klubni tark etish imkonini bergan bo‘lardi. Shu bilan birga, agar hukumat soliqlarni oshirsa, futbolchi o‘zining «toza» maoshini saqlab qolinishini talab qilgan – klub soliqlarni to‘lashni o‘z zimmasiga olishi kerak edi.

• Yana bir nechta mayda narsalar: Leo o‘zining va Luis Suaresning oilasi uchun «Kamp Nou»da shaxsiy loja ajratilishini, shuningdek, yangi yil arafasida shaxsiy samolyot bilan ta’minlanishini so‘ragan.

El Mundo nashriga ko‘ra, klubning avvalgi prezidenti Xosep Bartomeu futbolchining barcha talablariga rozi bo‘lgan, faqat tovon pulini 700 milliondan 10 mingga tushirilishini istamagan. Shuningdek, 10 million yevro miqdoridagi bonusni keyingi yillarga qoldirishni so‘ragan. Leo rad etgan va shu bilan muzokaralar to‘xtab qolgan.

Joan Laporta prezident bo‘lgach, muzokaralar davom ettirilgan va tomonlar boshqa shartlar bilan kelishuvga erishgan. Ammo shartnoma La Liga tomonidan qabul qilinmagan.

«Barsa» bunga munosabat bildirdi

Muhim jihat: El Mundo Ispaniyadagi eng ishonchli manba emas, lekin Messi haqidagi ma’lumotlarini hujjatlar bilan mustahkamlamoqda. Masalan, gazeta futbolchining Kataloniya klubidagi faoliyatida qanday bonuslarni olgani haqidagi ma’lumotlarni ham tarqatdi.

Masalan, 2003/04 mavsumi uchun 45 977 yevro miqdoridagi qat’iy belgilangan bonus + har bir o‘yin uchun 1 503 yevro.

Qolgan yillar uchun:

– 2004/05: 64 368 + 1 653

– 2005/06: 82 759 + 1 803

– 2006/07: 96 553 + 2 104

– 2007/08: 275 865 + 6 010

– 2008/09: 303 451 + 6 611

– 2009/10: 354 026 + 7 212

– 2010/11: 404 601 + 7 813

– 2011/12: 432 188 + 8 414

El Mundo avvallari ham Leoni bezovta qilgan edi. Masalan, 2021 yil yanvarda «Barsa» bilan shartnomasi nusxasini e’lon qildi. Unda argentinalik futbolchining to‘rt yillik shartnoma bo‘yicha oladigan daromadi 555 million yevro ekani ko‘rsatilgan. Futbolchining advokati nashrni sudga berishini aytgan edi.

«Barselona» El Mundo tomonidan e’lon qilingan yangi ma’lumotlarga munosabat bildirdi va rasmiy bayonot berdi.

«El Mundo nashri Barçagate doirasida olib borilayotgan tergovga taalluqli hujjatlar va elektron xatlardan foydalanish imkoniyati borligini ta’kidlamoqda. Vaholanki, bu masala bo‘yicha hujjatlar hali tomonlarga taqdim qilinmagan.

Bu ma’lumotlarning tergov ishiga hech qanday aloqasi yo‘q va ulardan foydalanish klub obro‘si va konfidensialligiga putur yetkazadi. O‘z huquqlarimizni himoya qilish maqsadida yuridik bo‘lim tomonidan tegishli choralar ko‘rish masalasi o‘rganilmoqda», deyiladi bayonotda.

«Messining «Barselona»da bepul o‘ynashini kutgan edim»

Leo maoshining ikki baravar kamaytirilishiga rozi bo‘lganini aytgan edi: «Maoshimning 50 foizga qisqartirilishiga rozi bo‘ldim, ular mendan boshqa hech narsa so‘ramadi. Shundan so‘ng maoshimning yana 30 foizidan voz kechishimni so‘rashgani haqidagi gap-so‘zlar yolg‘on. Bunday bo‘lmagan. Biz qo‘limizdan kelganini qildik, lekin qololmadim. Muxlislarga doim to‘g‘ri gapirganman. Atrofda juda ko‘p mish-mishlar tarqaldi, ko‘pincha ular yolg‘ondan iborat edi».

Shunday bo‘lsa-da, «Barselona» Messini olib qololmas edi. La Liganing moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq qattiq talablari bor. Unga ko‘ra, klublar moliyaviy aylanmasining 70 foizidan ortig‘ini maoshlarga sarflay olmaydi. Aks holda, yangi futbolchilar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

2020 yilda Messining shartnomasi muddati tugadi, shuning uchun u qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim edi. Bu esa klubning moliyaviy ahvoliga to‘g‘ri kelmas edi. Tomonlar umidsiz vaziyatga tushib qolishdi va xayrlashishdi.

Ammo variant bor edi - «Barsa» zudlik bilan katta shartnomalardan xalos bo‘lishi kerak edi. Ammo klub yulduzlardan ajralishni istamadi. Bundan tashqari ular Aguero, Depay va Erik Garsiya bilan shartnoma imzolashgan edi.

2021 yil oktabr oyida Laporta bu voqealarga izoh berib, shunday dedi:

«Leoni juda yaxshi ko‘raman, shu sababli undan xafa bo‘lolmayman. Vaqt o‘tishi bilan hech narsa amalga oshmasligini tushuna boshladim va ikkala tomonning ham hafsalasi pir bo‘ldi. Unda qolish istagi bor edi, lekin «PSJ» klubidan tushgan taklif tufayli unga bosim ham bor edi. Agar u «Barsa»da qolmasa «PSJ»ga ketishini bilar edi. U klub tarixidagi eng yaxshi futbolchi sifatida yodda qoladi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan xulosa qilish mumkinki, u «Barsa»ni tark etishdan oldin «PSJ»dan taklif olgan. Va bu taklif juda foydali ekanini biz ham bilardik.

Qarorga kelganda, men hamma narsani «Barselona» manfaati uchun qilyapman deb o‘yladim. Men vaziyat o‘zgarishini, Messi «Barsa»da bepul o‘ynashini taklif qilishini kutdim, bunga umid qildim. Lekin uning darajasidagi o‘yinchi bunga rozi bo‘lmasdi. Munosabatlarimiz yaxshi. Agar moliyaviy ahvolimizni yaxshilasak, uning talablarini qondirishimiz mumkinligini bilardim», dedi Laporta.

Laporta va Xavi Leoni qaytarishni orzu qilmoqda

Bu haqda ilk marotaba jurnalist Jyerar Romero kapirdi. Avvalroq u birinchi bo‘lib «Barselona»ning Jyul Kunde bilan shartnoma imzolashini aytgan edi.

Ispaniya matbuoti argentinalik futbolchini bir necha oydan beri «Barselona»ga «qaytarmoqda», Xavi bilan yana birga ishlash imkoniyati haqida yozmoqda. Murabbiy hozircha bunga ishonmayapti, lekin orzu qilyapti: «Prezidentga allaqachon aytganman: Umid qilamanki, uning «Barsa»dagi tarixi hali tugamadi».

Insayder Fabritsio Romano so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda «Barselona» Messining atrofidagilar bilan aloqa o‘rnatadi va kerakli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradi. Ammo argentinalik futbolchi kelajagi haqida faqat 2022 yilgi jahon chempionatidan keyingina qaror qabul qilmoqchi, u chalg‘ishni istamayapti. Leoning «PSJ» bilan imzolagan shartnomasi 2023 yil yoziga qadar amal qiladi – nazariy jihatdan Leo hatto erkin agent sifatida qaytishi mumkin.

Ammo hozircha bu shunchaki orzu. «Messi oilasi bilan yaxshi munosabatdaman. Lekin u «PSJ» futbolchisi va uni boshqa muhokama qilishni istamayman. Faqat undan ma’naviy qarzimiz borligi haqida gapirishim mumkin», dedi Laporta.

Mavzuga oid
Top