13:25 / 26.09.2022
11179

Rossiyaliklar Qozog‘istondan asosan boshqa davlatlarga chiqib ketish uchun foydalanmoqda - Qozog‘iston IIV

So‘nggi vaqtlarda chegaralar orqali Qozog‘iston Respublikasiga kirib kelgan Rossiya fuqarolarining katta qismi Qozog‘istonda ko‘p ham ushlanib qolmayapti. Ushlanib qolganlari ustidan esa to‘liq nazorat o‘rnatiladi.

Foto: exk.kz

Bu borada Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya qo‘mitasi rahbari vazifasini bajaruvchi Aslan Ataliqovning so‘zlarini keltirayotgan Ekspress K’ning yozishicha, 2022 yilning boshidan buyon Qozog‘istonga 1,7 million rossiyaliklar kirib kelib, ularning 1 mln 656 ming nafari mamlakatni tark etgan.

So‘nggi kunlarda Qozog‘iston Respublikasidan 40 ming nafar rossiyaliklar chiqib ketgan. Ularning bir qismi qo‘shni O‘zbekiston va Qirg‘izistonga o‘tib ketgan bo‘lsa, boshqa qismi uzoq xorij davlatlariga yo‘l olgan.

Oqimning bu qadar kattaligi Qozog‘iston va Rossiyaning qo‘shni davlat ekanligi, chegarada nazorat-o‘tkazish punktlari ko‘pligi va Qozog‘istonning tranzit salohiyati bilan tushuntiriladi. Rossiyada aviachiptalar taqchilligi boshlangach, uzoqroq davlatlarga relokatsiya qilish uchun rossiyaliklar Qozog‘iston aeroportlaridan foydalanishni afzal ko‘ra boshlashgan, — degan Ataliqov IIV brifingida.

Ataliqovning aytishicha, rossiyaliklar tomonidan istiqomat hujjatini olish uchun so‘rovlar ham u qadar ko‘p emas. 1 sentabrdan 24 sentabrga qadar 896 nafar xorijlik fuqaro doimiy istiqomat hujjati uchun so‘rov berishgan. Ularning 115 nafari rossiyaliklar.

«Xorijliklar ustidan nazorat chegarani kesib o‘tgan ondan boshlanadi, ularga tegishli ma’lumotlar axborot tizimiga kiritiladi. Qabul qiluvchi qo‘shimcha tomonlar — hotellar, hostellar va xonadonlar xorijiy fuqarolarning yashash joylari haqida ma’lumotlar berishadi. Ma’lumotlar uchastka nozirlariga kelib tushadi, ular yashash joyi va maqsadini tekshirishadi. Shuningdek, «Uchastka» nomli umumiy profilaktik tadbir doirasida xorijiy fuqarolar ustidan nazorat o‘rnatiladi», — deya ta’kidlagan Ataliqov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, IIVdan tashqari bu masala bilan o‘z vakolatlari doirasida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, MXQ chegara xizmati hamda Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi ham shug‘ullanadi.

Avvalroq Qozog‘istonda Rossiyadan migratsiya bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan edi.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top