15:41 / 26.09.2022
16397

Til o‘rgangan jizzaxlik pedagoglar nega sarson qilinmoqda: ularning sertifikati haqiqiymi yoki soxta?

Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi xususiy o‘quv markaziga bosim o‘tkazmoqda. Buning oqibatida jizzaxlik 17 nafar o‘qituvchi asossiz ishdan bo‘shatilyapti. Hanuz holatga oydinlik kirita oladigan biror mas’ul topilgani yo‘q.

Muammo nimada?

2020 yilda poytaxtimizda «TESOL Asia» MChJ Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining tasdiqnomasi bilan ishga tushirilgan. Bu markaz o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun darslar tashkil qilib, xalqaro sertifikatlarni olishda yordam beradi. Bular orasida TESOL/TESL/TEFL sertifikatlari ham bor. 

TESOL/TESL/TEFL sertifikatlari turli xil mamlakatlarda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlash huquqini, ya’ni inglizcha ona tili bo‘lmagan o‘quvchilarga dars berish imkoniyatini taqdim qiladi. Ayrim davlatlarda pedagog bo‘lib ishlash uchun universitetni tamomlab bakalavr darajasidagi diplomga ega bo‘lish shart emas. TESOL, TESL va TEFL bilan ham dars berish mumkin. 

2021 yil Prezidentning tegishli qarori bilan ta’lim muassasalarining kamida C1 darajasidagi milliy sertifikat yoki unga tenglashtirilgan xalqaro darajadagi sertifikatga ega o‘qituvchilarga oylik maoshining 50 foizida ustama haqi to‘lab borilishi, qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi 312-sonli qarori bilan 2022-2023 o‘quv yiligacha davlat OTMdagi chet tili o‘qituvchilarida yuqorida qayd etilgan sertifikatlar bo‘lishi ham belgilandi. Qaysi sertifikatlar uchun ustama haqi berilishi bo‘yicha tegishli tashkilotlarning qo‘shma qarori tasdiqlangan va unda TESOL, TESL, TEFL ham bor. 

Ustama haqini olish uchun mehnat qilgan o‘qituvchilar bosimga uchradi 

Gap shundaki, Jizzax davlat pedagogika universitetining 17 nafar o‘qituvchisi 5 oy davomida «TESOL Asia» nomli o‘quv markazida universitetdagi dars soatlaridan tashqari, oflayn tarzda o‘qib, TESOL va TEFL sertifikatlarini olishgan. Ammo o‘qituvchilar rag‘batlantirilish o‘rniga turli bosimlarga uchrashmoqda.

Ta’kidlanishicha, boshida o‘qituvchilarga universitet rahbariyati tomonidan ustama haqi to‘lab berilgan, lekin ko‘p o‘tmay bu tartib bekor qilinishi aytilgan:

«Universitet rahbariyati bilan bo‘lgan yig‘ilishda bilsak, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining Jizzax viloyatidagi hududiy vakili Otabek Jumanov kelib, olgan sertifikatlarimiz qalbaki ekanligini aytdi. Ammo bunga hech qanday asos ko‘rsatilgani yo‘q.

Bundan tashqari, Otabek Jumanov bizning darslar onlayn o‘tilganini aytgan, ammo darslarimiz onlayn o‘tmadi, oflayn darslardan keyin vazifalarni ham topshirdik. Bizga onlayn darslarda qatnashib olingan sertifikatlar o‘tmaydi, deb yuborgan noto‘g‘ri xati tufayli tashkilotimiz sertifikatlarni tan olmaymiz deb turibdi», — dedi shaxsini ochiqlashni istamagan Jizzax DPU o‘qituvchisi.

O‘qituvchilar nohaq ishdan bo‘shatilmoqda

Qayd etilishicha, bundan avval o‘qituvchilarga agarda TESOL sertifikatlarini olishmasa ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi bo‘yicha ogohlantirish xati berilgan. Unda Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-bandi, Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qaroridagi 9-bandning 2-3-qismlari asos qilib olingan. Ammo bu sertifikatlarni olish majburiy emasligi va biror hujjatda shu sertifikatni olmaganlar ishdan bo‘shatilsin degan qismlar yo‘qligini hisobga olsak, bu yerda biror tayinli asosni ko‘rmayapmiz.

Holat yuzasidan biz Jizzax davlat pedagogika universiteti axborot xizmati bilan bog‘landik. Ular Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining yuborgan javob xatlariga tayanib shunday qaror qabul qilinganini aytishmoqda.

Agentlik o‘quv markaziga tazyiq o‘tkazmoqda

Shu o‘qituvchilarni o‘qitgan o‘quv markazi rahbari Nargiza Xushboqovaning ma’lum qilishicha, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi «TESOL Asia»ni o‘ziga raqobatchi sifatida ko‘rmoqda va shu sababli ularning sertifikatlari qalbakiga, markaz rahbari esa firibgarga chiqarilmoqda. Shuningdek, agentlikning o‘zi Cambridge Assesmentning TKT, Linguaskill sertifikatlarini bergani uchun o‘qituvchilarni ham shu sertifikatlarni olishga chorlamoqda.

Nargiza Xushboqova «TESOL Asia» MChJ rahbari

«Buyuk Britaniyada OFQUAL (The Office of Qualifications and Examinations Regulation – Buyuk Britaniyada malaka sertifikatlarining imtihonlarini tartibga soluvchi tashkilot hisoblanadi)dan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tasdiqlash va akkreditatsiya berish huquqiga ega.

British council, Cambridge Assesment, Trinity college London ham OFQUAL’dan ro‘yxatdan o‘tgani uchun akkreditatsiya berish huquqiga ega. OFQUAL’ning qaysi malaka kurslari tasdiqlangani bo‘yicha ro‘yxati ham bor. Bular qatorida TQUK, Gateway Qualifications Limited, Focus Awards Limited, Highfield Qualifications kabi kurslar bor.

Bularning hammasi OFQUAL’dan ro‘yxatdan o‘tgan kurslar bo‘lgani uchun butun dunyoda tan olinadi. Bizning sertifikatlarimizni Training Qualifications UK (TQUK) beradi, biz bo‘lsa uning provayderlari LTTC (London teacher training college) Buyuk Britaniya va Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan tashkilot bilan birga ishlaymiz. Ular asosan bizning kurslarni tekshirish bilan shug‘ullanishadi. O‘quv mashg‘ulotlari esa bizning markazda bo‘ladi. 

2021 yilda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil topdi, shundan keyin bir necha oy o‘tib ularning faoliyatimizga nisbatan qarama-qarshiliklari sezila boshlandi.

Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov tomonidan juda ham ko‘plab qarshiliklar bo‘lyapti. Biz qonuniy ishlayotgan bo‘lsak, shartnoma asosida bankdan to‘lov qildirgan bo‘lsak, qanday qilib shuncha katta tashkilotni bunday ayblash mumkin. Vaholanki, sertifikatlarimizning QR kodlari ham bor. Tekshirishni bilmagan odam QR kod orqali sertifikat haqiqiy ekanligini aniqlashi mumkin.

O‘qituvchilarga ochiqdan ochiq TESOL/TEFL yoki CELTA kabi kurslardan ko‘ra, test topshirishni va bu kurslar ancha arzon, qulay ekanligini aytishmoqda. Vaholanki, testlarga ham o‘qituvchilar pulini, oylab vaqtini sarflaydi, lekin oxirida kutilgan natija bo‘lmasligi mumkin. Bizga faqat sertifikati bor o‘qituvchilar emas, yaxshi dars bera oladigan, ta’lim sifatini oshiradigan o‘qituvchilar kerak. Malaka kurslari qanday o‘qitishni, yangi texnologiyalardan foydalanishni, uni amaliyotda qo‘llashni o‘rgatadi. Buning natijasida o‘qituvchining darsida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin», – deydi Nargiza Xushboqova. 

Mas’ul tashkilotlar qo‘lini cho‘ntagiga tiqib olgandek

Bu muammolar yuzasidan tadbirkor ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilgan. Xususan, ular orasida Oliy va o‘rta maxsus, Adliya vazirliklari, biznes ombudsman va yana qator tashkilotlar mavjud.

Oliy ta’lim va Adliya vazirliklari o‘zining javob xatlarida ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri (an’anaviy) shaklda o‘qib olingan milliy yoki unga mos darajadagi TESOL hamda TEFL xalqaro sertifikatlar uchun ustama haqi berilishi maqsadga muvofiqligini aytgan.

Qolgan tashkilotlar esa Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligining so‘z o‘yini bilan boyitilgan javob xatlarini nusxalashtirib, murojaat qilayotganlarga yuborgan.

Mutaxassislar yo‘qligi sabab odamlar aldanyapti

Nargiza Xushboqovaga ko‘ra, odamlarning aldanishiga mutaxassislar yo‘qligi sabab bo‘lyapti:

«TESOL/TEFL dasturlari O‘zbekistonga yaqinda kirib kelgan soha bo‘lgani, qolaversa, buni tekshiruvchi mutaxassislar bo‘lmagani uchun Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi xalqni, yuqori davlat tashkilotidagi shaxslarni adashtirmoqda. Ya’ni ularga markazimiz haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar berib kelinmoqda.

Mana shu olgan xat javoblaridan keyin avgust oyining o‘rtalarida Britaniyadan O‘zbekistonga keldim va shu ishlar bilan shug‘ullanishni boshladim. Vazirlar Mahkamasiga bo‘lgan ishlardan norozi bo‘lib bordim. Berilgan javoblarning qayerida, qaysi punktlarida noto‘g‘ri, yolg‘on javoblar bo‘lganini ko‘rsatib, tushuntirdim va qayta ko‘rib chiqishlarini so‘radim.

Bundan keyin biznes ombudsmanga ham javob xatidan norozi bo‘lib, ularga ham tushuntirdim. Ular esa aynan shu soha bo‘yicha mutaxassislar bo‘lmagani sababli Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligiga ishonganliklarini aytdi.

Mana shu bir yillik kurashlar ichida sog‘ligimni yo‘qotib, mehnatim qadrlanmayotganligini bildim. Bu holatlardan judayam charchadim.

Davlat tashkilotlarining hammasiga murojaat qildim, ammo agentlikning xatini olib hammasi bir xil javobni berishmoqda. Bu bilan qanday o‘zgarish bo‘ladi. Kim yordam beradi? Hozir men o‘zim haqimda gapiryapman, mendan boshqa yana qancha yoshlar, mutaxassislar chet elda qolib ketyapti. Bunday qarshiliklar davom etaversa, men ham Buyuk Britaniyada qolib ketaman deb o‘ylayman», — dedi Nargiza Xushboqova.

Agentlik vakili sertifikatlarning haqiqiy ekanligini tasdiqladi

Murojaat yuzasidan Kun.uz Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov bilan suhbatlashdi.

Azimjon Husanov Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi direktori o‘rinbosari / Foto: KUN.UZ

«OFQUAL bo‘yicha bizda umuman e’tiroz yo‘q, e’tirozimiz OFQUAL birinchi, TQUK ikkinchi va LTTC uchinchi tashkilot bo‘lganidir. Muammo ana shu yerda. Bular onlayn ta’lim beruvchi, mavzesi aniq bo‘lmagan, Angliyada faqat onlayn ta’lim beruvchi tashkilot hisoblanadi. Qonunchilik bo‘yicha O‘zbekistonda onlayn olingan sertifikatlar tan olinmaydi», — deydi Azimjon Husanov.

Mana shu yerga kelganda rasmiy vakilning so‘z o‘yini boshlanadi. Uning aytishicha, OFQUAL’dan ro‘yxatdan o‘tgan hamma tashkilotlar akkreditatsiya berish huquqiga ega, ammo ular bergan sertifikatlarni tan olish yoki olmaslik ish beruvchining ishi. Qanday qilib rasman tan olingan sertifikatlarni ish beruvchi tan olmasligi mumkin? Bunga tushunmadik.

Buning ustiga Azimjon Husanov o‘quv markazining sertifikatlari qalbaki emasligini ham aytdi: 

«Biz ularni «FAKE» demayapmiz, sertifikatning QR kodi bo‘lsa, original degani to‘g‘ri, lekin ularning hammasi ham O‘zbekistonda o‘tadi degani emas. Bu narsa o‘qituvchilarimizga o‘tadi deb o‘tkazilgan.

Nima uchun bizga ustama haqi berilmayapti deb so‘rashadi. Agar mening huquqlarim buzildi, o‘tmaydigan sertifikatni reclama qilishdi deyishganda, bu boshqa gap bo‘lardi. Biz ularni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirar edik. Kelgan savollarning ortiqchasiga javob berolmaymiz. Sizni aldab qo‘yishibdi, keling, sizga advokat yollayman, yurist yollayman, yuring, borib prokuraturaga beramiz, yo‘q, bu – bu bizning maqsadimiz emas. Biz faqat tadbirkorlik sub’yektini himoya qildik».

Ayni shu nuqtada agentlik yolg‘on gapirayotgan bo‘lishi mumkin. Manbalar taqdim etgan bir audioda ikki nafar o‘qituvchi Azimjon Husanov bilan nima uchun ustama haqi olmayotgani to‘g‘risida suhbatlashishgan. Unda Azimjon Husanov o‘qituvchilarga «TESOL Asia»ni sudga berish taklifini bergan.

Shuningdek, agentlik vakilining aytishicha, O‘zbekiston bo‘yicha TESOL sertifikatini beradigan rasmiy ro‘yxatlardan o‘tgan tashkilot (Vebster va Westminster universitetlaridan tashqari) mavjud emas. Bu borada hech kim sertifikatlarni o‘tmaydi deyishga ham haqqi yo‘q.

“Hozirda Oliy ta’lim va Xalq ta’limi vazirligining maxsus guruhi yig‘ilgan bo‘lib, TESOL/TESL/TEFL sertifikatlarining standarti ishlab chiqilmoqda. Amerikada shu sertifikat qabul qilinishi uchun nimalar kerak? Qaysi tashkilotlariniki tan olinadi? Xuddi shularni belgilash arafasidamiz. Ya’ni biz B2 sertifikatini TESOL bilan birga stol ustiga qo‘yish talabini qo‘ymoqdamiz”, – deydi agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov.

Umuman olganda, agentlik direktori o‘rinbosari bilan suhbatimiz ancha soatlargacha davom etdi. Ammo «TESOL Asia»ning firibgar ekanligi va uning sertifikatlari qalbakiligini isbotlovchi biror dalil yoki isbotni sezmadik. Olgan ma’lumotimiz, sertifikatlar universitet va maktablar tomonidan tan olinmayotgani va ularning QR kodi bo‘lsa haqiqiy ekanligi bo‘lmoqda. Unda gap nimada? Nega Jizzax davlat pedagogika universitetining 17 nafar o‘qituvchisiga dars soatlari berilmayapti?

Masalani tegishli mas’ullar o‘rganib ko‘rishi hamda bu o‘yinlar sabab ishsiz qolayotgan o‘qituvchilarning huquqi himoya qilinishi zarur.

Top