15:32 / 26.09.2022
21755

Prigojin «Vagner»ni o‘zi tashkil etganini tan oldi

Putinga yaqin biznesmen 2014 yilda Donbass ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlash uchun «vatanparvarlar guruhi»ni tuzganini aytdi. Keyinchalik bu guruh Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardagi operatsiyalarda ishtirok etgan, dedi u.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqador sanalgan rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasidagi operatsiyalarda ishtirok etgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi ekanligini tan oldi. Tegishli ma’lumot Prigojin bilan bog‘liq bo‘lgan «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmatining «Bloknot» nashri so‘roviga javobida keltirilgan, u 26 sentabr, dushanba kuni Rossiya internet OAVda e’lon qilindi.

Prigojin o‘z javobida Donbass ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2014 yilning may oyida harbiylashtirilgan tuzilma tuzganini aytadi. O‘shanda, uning ta’kidlashicha, «vatanparvarlar guruhi tug‘ildi, ular keyinchalik «Vagner» BTG nomini oldi». 

Avvalroq Yevgeniy Prigojin «Vagner» XHK bilan aloqalarini bir necha bor rad etgan edi. Ko‘pgina G‘arb davlatlari va Rossiya ommaviy axborot vositalari uni «vagnerchilar»ni moliyalashtirishda aybladi. Tadbirkor uni XHK egasi deb atagan jurnalistlarni bir necha bor sudga bergan. «Vagner» XHK jangchilari Suriya, Liviya, Ukraina va Markaziy Afrikada payqalgan.

XHKning yollanma askarlari ko‘p yillar davomida turli qurolli to‘qnashuvlarda Kreml tomonidan yashirin ishtirok etganlikda gumon qilingan. Moskva xususiy harbiylashtirilgan guruhlar bilan aloqalarini rad etib keladi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top