09:14 / 27.09.2022
11523

Pink Floyd asoschisi Putinga ochiq xat yozdi

Rojyer Uoters Putinni urushni tugatishga chaqirdi. Avvalroq musiqachi AQSh va NATOni bosqinchilikda ayblagan edi.

Foto: The star

Pink Floyd musiqachisi va asoschisi Rojyer Uoters Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llab, Ukrainadagi urushni tugatishga chaqirdi. U o‘z murojaatini 26 sentabr, dushanba kuni Facebook'dagi sahifasida e’lon qildi.

«Mendan sizga xat yozishimni so‘rashyapti. Birinchidan, urush tugashini xohlaysizmi? Agar «Ha» deb javob bersangiz, bu vazifani darhol sezilarli darajada osonlashtiradi», deb yozgan Uoters. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Putin «Rossiyaning Qrim, Donetsk va Luhansk rusiyzabon aholisi xavfsizligidan boshqa hududiy manfaatlari yo‘qligini» aytadigan bo‘lsa, bu urushni tugatishga yordam beradi.

«Men ba’zi odamlarni bilaman, ular siz Polsha va Boltiqbo‘yi boshqa davlatlaridan boshlab butun Yevropani egallab olmoqchisiz, deb o‘ylaydi. Agar shunday bo‘lsa, sizga boshqa gapim yo‘q. Hammamiz Atlantika okeanining ikki tomonidagi qirg‘iylarga juda qulay bo‘lib tuyulgan o‘ta xavfli yadroviy o‘yinni o‘ynashni to‘xtatishimiz lozim. Shunchaki bir-biringizni va dunyoni parchalab tashlang. Muammo shundaki, mening bolalarim va nevaralarim bor. Dunyo bo‘ylab ko‘plab aka-uka va opa-singillarim kabi, bunday yakun hech birimizga yoqmaydi», deb yozgan Uoters.

Musiqachining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina bilan tinchlik bitimi tuzilsa, Rossiya boshqa joyni bosib olmaslikka va’da berishi kerak. «Men bilaman, AQSh va NATO boshqa suveren davlatlarga ko‘z ochib yumguncha yoki bir necha barrel neft uchun bostirib kirishadi, lekin bu siz ham shunday qilishingiz kerak, degani emas. Ukrainaga bostirib kirganingiz meni hayratda qoldirdi, bu dahshatli bosqinchilik urushi», deb yozadi u.

Avgust oyida Uoters AQSh prezidenti Jo Baydenni Ukrainada urush boshlaganlikda ayblab, «Ukrainada olov qo‘zg‘atgani» uchun «harbiy jinoyatchi» deb atagan edi. U, shuningdek, urush asosan Rossiya chegaralariga yaqinlashib qolgan NATO harakatlariga Moskvaning munosabati bilan bog‘liq, degan fikrni bildirgandi.

Sentabr oyida musiqachi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning rafiqasi Yelena Zelenskayaga ikkita ochiq xat yozib, uni erini «to‘g‘ri ish qilishga» majburlab, Rossiya bilan muzokaralar olib borishga undagan.

Zelenskaya bunga javoban Uotersga «Rossiya Ukrainaga hujum qildi, shaharlarni vayron qildi va odamlarni o‘ldirdi», deb eslatgan.

«Ukrainaliklar o‘z vatanlarini va farzandlarining kelajagini himoya qilmoqda. Agar biz jang qilishdan bosh torsak, ertaga yo‘q bo‘lamiz. Agar Rossiya jang qilishdan bosh torsa, urush tugaydi. Boshqa davlat prezidentidan tinchlik so‘rashingiz kerak», - deb yozgan Zelenskaya.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top