15:46 / 27.09.2022
16670

Qozog‘iston safarbarlikdan qochganlarni Rossiyaga topshirmaydi

Qozog‘iston jinoyatda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan rossiyaliklarnigina ekstraditsiya qiladi. Safarbarlikdan qochish topshirish uchun qonuniy asos emas, deya ma’lum qildi mamlakat IIV rahbari.

Marat Axmetjanov / Foto: gov.kz

Qozog‘iston hukumati safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarni chiqarib yubormaydi. Bu haqda 27 sentabr, seshanba kuni Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov bayonotiga asoslanib, Orda nashri xabar berdi. Unga ko‘ra, Qozog‘iston rossiyaliklarni topshirishi mumkin, biroq bu jinoyat sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilganlargagina tegishli bo‘ladi.

«Agar ularni harbiy komissarliklar qidirsa, bu - topshirish uchun qonuniy asos bo‘la olmaydi», — dedi Axmetjanov. 

O‘z navbatida, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiyada Ukrainaga qarshi urush fonida e’lon qilingan «qisman safarbarlik» tufayli mamlakatga Rossiya fuqarolarining ommaviy ravishda kelayotgani to‘g‘risida ma’lum qildi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 27 sentabr, seshanba kuni Turkiston viloyati jamoatchiligi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

«So‘nggi kunlarda Rossiyadan bizga ko‘plab odamlar kelyapti. Ularning aksariyati hozirgi umidsiz vaziyat tufayli ketishga majbur bo‘lgan. Biz ularga g‘amxo‘rlik qilishimiz, xavfsizligini ta’minlashimiz kerak. Bu siyosiy va gumanitar masala. Men ko‘rsatma berdim. Hukumat zarur choralarni ko‘rsin», — dedi Qozog‘iston prezidenti. 

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Qozog‘iston fuqarolari insonparvarlik, sabr-toqat ko‘rsatishi kerak. «Bizda inqiroz ham, vahima ham yo‘q. Xorijdan kelgan mehmonlarga yordam ko‘rsatiladi, biroq ularga imtiyoz berilmaydi. Barcha ishlar qonun va o‘z majburiyatlarimiz asosida amalga oshirilishi kerak. Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib boramiz va bu muammoni mamlakatimiz manfaatlaridan kelib chiqib hal qilamiz», dedi u. 

21 sentabr kuni Rossiyada «qisman safarbarlik» e’lon qilinganidan so‘ng, Qozog‘iston Ukrainaga qarshi kurashmoqchi bo‘lmagan rossiyaliklarning mamlakatni tark etishi bo‘yicha asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 21 sentabrdan buyon Rossiyaning 98 mingga yaqin fuqarosi mamlakatga kirib kelgan, 64 ming rossiyalik esa Qozog‘istonni tark etgan. 

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top