09:55 / 28.09.2022
5194
Dog‘istonda safarbarlikka qarshi bo‘lganlarga jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda

Dog‘iston Jamoatchilik palatasi a’zosiga ko‘ra, safarbarlikka qarshi miting chog‘ida qo‘lga olinganlarga nisbatan allaqachon o‘ndan ortiq jinoiy ish tayyorlab qo‘yilgan.

Foto: Picture Alliance

Respublikada safarbarlikka qarshi mitingda qo‘lga olingan 100 ga yaqin shaxs Maxachqal’aning Sovetskiy tumani ichki ishlar bo‘limida qolmoqda va ularning o‘ndan ortig‘iga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin. Bu haqda 27 sentabr, seshanba kuni Dog‘iston Jamoat palatasi a’zosi Shamil Xadulayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning aksariyati yoshlardir. «Dog‘iston ONK komissiyasi a’zolari Sovetskiy tumani ichki ishlar bo‘limidan chiqib, u yerda 100 ga yaqin odam borligi va barchasi yoshlar ekanini ma’lum qilishdi. Yigitlar va qizlar. Talabalar ham bor, ular endi o‘qishdan haydalishi mumkinligidan xavotirda», deb yozdi Xadulayev Telegram-kanalida.

Miting ishtirokchilariga nisbatan o‘ndan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atish  uchun materiallar allaqachon to‘plangan, «chunki yigitlar politsiyachilar bilan urishgan va hatto politsiyachilar jarohat ham olgan», dedi u va bugun «ular hammani ozod qilishga harakat qilishini, biroq jinoiy javobgarlikka tortiladiganlar qolishini» qo‘shimcha qildi.

25 va 26 sentabr kunlari Maxachqal’ada Ukraina bilan urushga safarbarlikka qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. «Kavkaz.Realii» nashri xabariga ko‘ra, 25 sentabr kuni 120 ga yaqin odam qo‘lga olingan. Ulardan sakkiz nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ertasi kuni politsiya bo‘limlariga 110 ga yaqin odam olib ketildi, ulardan kamida 28 nafari voyaga yetmaganlar bo‘lgan. Qo‘lga olinganlar Xasavyurtda ham bor, u yerda ham safarbarlikka qarshi miting o‘tkazilgan - ularning soni 20 ga yaqin.

Maxachqal’aning Sovetskiy tuman sudi Dog‘istondagi mitinglar natijalari bo‘yicha bir nechta ma’muriy bayonnomalar oldi, deb yozadi «Kavkaz.Realii». Ayni paytda ommaviy tadbir o‘tkazish tartibini buzish moddasi bo‘yicha ikkita va ma’lumotlari yashiringan o‘ndan ortiq ish mavjud.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top