07:19 / 28.09.2022
11587

«Shimoliy oqim» gaz quvurlaridagi portlashlarga diversiya sabab ekani ma’lum qilindi

Daniya, Shvetsiya va Polsha rasmiylari «Shimoliy oqim» gaz quvurlaridagi portlashlarni oldindan o‘ylab qilingan harakatlar natijasi deb hisoblamoqda.

Foto: AP

«Shimoliy oqim» gaz quvuridagi portlashlar, Daniya va Polsha rasmiylariga ko‘ra, oldindan o‘ylab qilingan harakatlar va sabotajdir, deya ma’lum qildi ikki davlat bosh vazirlari. Bu haqda 27 sentabr, seshanba kuni dpa agentligi xabar berdi.

«Tegishli idoralarning bahosi hozir aniq - bu oldindan o‘ylab qilingan harakatlar natijasi. Tasodif emas», dedi Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va rasmiylar «bularning barchasi ortida kim turishi mumkinligi haqida hali ma’lumotga ega emasligini» qo‘shimcha qildi». Avvalroq mamlakat rasmiylari tergov olib borayotgani va «ba’zi dalillar qo‘poruvchilik ehtimoli borligini ko‘rsatayotgani» xabar qilingandi.

Daniya iqlim va energetika vaziri Den Yorgensen geologlarning gaz quvurlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlab, quvurlar tubida chuqur joylashgani, u po‘lat va betondan ishlanganini va sizib chiqayotgan joylarning o‘lchami bu baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkin emasligini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde ijtimoiy tarmoqda «Daniya va Shvetsiyaning maxsus iqtisodiy zonalaridagi «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2»da gaz sizib chiqishi portlashlar, ehtimol, sabotaj tufayli sodir bo‘lgan», deb yozdi.

«Hozircha sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini bilmaymiz, ammo bu yerda qo‘poruvchilik harakati sodir bo‘lganini aniq ko‘ryapmiz», dedi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy.

Yozda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Germaniya hukumatini Boltiq dengizidagi gaz quvurlariga ehtimoliy hujumlar haqida ogohlantirdi, deb yozadi Der Spiegel manbalarga tayanib.

Nord Stream 2 AG operatori ham tasodifiy avariyaga ishonmayapti, deb yozadi dpa. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Boltiq dengizi tubidagi gaz quvurlari shunday yotqizilganki, bir vaqtning o‘zida bir nechta quvurning, masalan, kema halokati natijasida shikastlanish ehtimoli juda kichik.

Shvetsiya milliy seysmik tarmog‘i (SNSN) birinchi portlashni 26 sentabrga o‘tar kechasi, ikkinchi portlashni esa o‘sha kuni kechqurun qayd etgan. Ulardan birining magnitudasi 2,3 ga teng. «To‘lqinlar qanday qilib pastdan yerga sakrashini aniq ko‘rishingiz mumkin. Bu portlashlar ekanligiga shubha yo‘q», - dedi SNSN seysmologi Byorn Lund. Potsdamdagi Geofizika tadqiqot markazi (Geoforschungszentrum, GFZ) tomonidan ikkita suvosti zarbasi ham qayd etilgan.

27 sentabr kuni Daniya qurolli kuchlari quvurlardan gaz sizib chiqishi aks etgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda Boltiq dengizi yuzasiga chiqadigan quvurlarning shikastlangan qismlaridan gaz pufakchalari qanday ko‘tarilishi ko‘rsatilgan. Qayd etilishicha, eng katta sizib chiqish suvda diametri 1 kilometr bo‘lgan to‘lqinlarni hosil qiladi.

Germaniya Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur, BNetzA) gaz quvurlaridagi avariyalar mamlakatning yoqilg‘i ta’minotiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi, chunki quvurlar gaz importi uchun ishlatilmagan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Germaniya «Shimoliy oqim-2» gaz quvuri uchun sertifikatlashtirish jarayonini muzlatib qo‘ydi va u ishga tushirilmadi. Yozda «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish avvaliga o‘tkazish quvvatining 20 foizigacha pasaygan, avgust oyidan esa ular amalda to‘xtatilgandi. Kremlning ta’kidlashicha, bu gaz quvuridagi texnik ishlar bilan bog‘liq. Berlin va Yevropa ittifoqi bu tushuntirishlarni bahona deb atadi va Moskvani shantaj uchun gazdan foydalanganlikda aybladi.

Top