17:46 / 29.09.2022
42801

«Zulm ostidagi mamlakatdan qochganlarmiz» - Qozog‘istonga o‘tgan rossiyalik hikoyasi

«Chegara darvozasi oldidagi tartibsiz odamlar to‘dasi, qochqinlarga to‘la kinoteatr» - rossiyalik qochqin o‘zining mamlakatni tark etishi va Qozog‘istondagi hayoti haqida hikoya qildi.

Foto: «KPP Teploye Shagan - Avto ochered» telegram-kanali

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 sentabr kuni Rossiyada «qisman» safarbarlik e’lon qilgach, armiya yoshidagi ko‘plab rossiyaliklar mamlakatni tark eta boshladi. Urushga borishdan qochayotgan bu insonlar oqimi sabab Gruziya, Finlandiya, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston bilan chegaralarda bir necha kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi. Minglab rossiyaliklar hali ham ushbu davlatlarning nazorat-o‘tkazish postlari oldida qolmoqda. Ulardan biri o‘zining Qozog‘istonga qochishi davomida boshdan kechirganlari haqida hikoya qildi.

Safarbarlik e’lon qilinishi bilan minglab rossiyaliklar zudlik bilan mamlakatni tark eta boshladi. Ulardan 100 mingdan oshig‘i allaqachon qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib bo‘lgan. Chegaradagi bir necha soatlik navbatlardan so‘ng rossiyaliklar Qozog‘istonning bu mintaqadagi eng yirik shahri — Uralskka kelmoqda.

Shahardagi hamyonbop ijara uylari juda tez tugagan, biroq mahalliy aholi qochqinlarga yordam beryapti. Muhojirlarni nafaqat ko‘ngilli fuqarolar, balki tashkilotlar ham qabul qilmoqda. Xususan, Uralsk shahrining Cinema Park kinoteatri ko‘plab rossiyaliklarga o‘z hududidan boshpana bergan. «Meduza» nashri Qozog‘istondagi ilk kechasini ushbu kinoteatrda o‘tkazgan rossiyalik qochqin bilan suhbatlashdi. Quyida uning hikoyasi keltiriladi.

«Ketishga qaror qildim, chunki nima bo‘layotganini tushunishga imkon, ertangi kunga ishonch yo‘q edi. Ahvol qo‘rqinchli edi. Safarbarlikka chaqirish tartibsiz olib borilayotgandi. «Qisman» safarbarlik atrofidagi real voqealar bilan rasmiy axborotlar bir-biriga teskari bo‘lib, to‘la dezinformatsiya shakllandi.

Qolaversa men ta’tilda edim. Oldinroq ketishga qaror qildim, chunki chegaralar yopilib qolsa, ichkarida qolib ketishni xohlamadim. Ehtimol, qolib ketish va armiyaga chaqirilishni istamadim.

Men jo‘nashdan bir necha kun oldin bu haqda tezkor qaror qabul qildim. Juda asabiylashdim, miyamdan atrofda bo‘layotgan ko‘ngilsizliklarni chiqara olmadim. Hatto bir necha kun ishlay ham olmadim va dam oldim.

Ketishni tezda rejalashtirdim. Oilam buni ijobiy qabul qildi. Ya’ni albatta, ular bundan xursand bo‘lmadi, ammo xafa ham bo‘lishmadi, ular hammasini tushundi. Menimcha, oilam uchun meni himoya qilish muhim. Bu normal holat.

Shuning uchun ular menga shunchaki «Yaxshi, biz seni qo‘llab-quvvatlaymiz. Nimani zarur deb bilsang shuni qil» deyishdi.

Lekin ulardagi his-hayajon bilinib turardi, ular asabiylashayotgan va tashvishlanayotgandi. Chunki katta ehtimol bilan bu voqealar tez orada tugamaydi.

Turli guruhdagi tanishlarim: do‘stlar va hamkasblarim bilan yig‘ildik. Boshida hech kim favqulodda ketish rejasiga jiddiy qaramadi. Barchasi xuddi qandaydir o‘yin yoki serialdagidek edi. Biz ketish rejasini muhokama qildik: qanday ketish mumkin, qayerga ketish mumkin va buni qanday qilib maksimal darajada samarali amalga oshirish mumkin? Dasturchining analitik miyasi (voqea qahramoni IT sohasi vakili) qaror qabul qilishda o‘z rolini o‘ynadi.

Oxir-oqibat, barcha ham ketishga qaror qilmadi. Bunday favqulodda qaror qabul qilish oson emasdi va hamma ham buni qila olmadi: kimningdir oilasi bo‘lsa, kimningdir sharoiti noqulayroq edi, kimdir shunchaki bir qarorga kela olmadi. Natijada men va do‘stim, ikkimiz yo‘lga chiqdik.

Qozondan Samaraga avtobusda sakkiz soatda keldik. Bombillar (odam tashish bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi xususiy taksi haydovchilari) yaxshi narx evaziga Samaradan xohlagan joyga eltib qo‘yardi. Ketishda hech qanday muammo bo‘lmadi.

Samaradan eng yaqin aholi yashash manzilidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktiga bordik. «Yandeks Xarita» chegarada navbatda turgan mashinalar tirbandligi taxminan 20 kilometrni tashkil etishini ko‘rsatdi. Bu yerda qolish deyarli ma’nosiz edi va mahalliy haydovchilar menga boshqa nazorat-o‘tkazish punkti – «Teploye»ga borishni maslahat berdi.

«Teploye» nazorat-o‘tkazish punktidagi navbat

Samaradan Teployegacha to‘rt soat yurdik. Bu yerda ham mashinalar navbati juda uzun, chegaradan o‘tkazuvchanlik esa sekin edi. Chunki nazorat-o‘tkazish punkti bunday katta odamlar oqimini qabul qilishga tayyor emasdi.

Barcha o‘zini yaxshi his qilayotgan, tashqaridan qaraganda adekvat tutayotgandi. Navbatda turganimizda oldingi odam menga marker (flomaster) berdi va «qo‘lingga o‘z nomeringni yoz, hammamiz navbat bilan o‘tamiz. Navbatingni yoz va keyingiga uzat» dedi.

Marker kimning qo‘lida bo‘lsa o‘sha oxirgi bo‘ladi, yangi odamlar uning yoniga keladi va markerni olib o‘z navbatini yozadi. Kun menimcha 140-navbat bilan boshlandi.

Kunning birinchi yarmida hamma narsa juda uyushqoqlik bilan amalga oshdi. Biz bu rejimda taxminan to‘rt soat turdik — o‘tirdik, turdik, yurdik, suhbatlashdik, hamma xotirjam edi. To‘rt-besh soat navbatda o‘tdi.

Tushlikdan keyin esa tartibsizlik boshlandi. O‘z raqamini yozmagan, navbat nima ekanligini bilmaydigan odamlar kela boshladi va bepisandlik bilan chegara darvozasi tomon yurdi. Barchasi kechga yaqin darvoza oldida odamlarning tartibsiz to‘dasi paydo bo‘lishi bilan yakunlandi. Ular darvozani ochish uchun shunchalik qattiq itardiki, darvoza sal qolsa qulab tushardi. Tabiiyki, chegarachilar juda g‘azablandi.

«Teploye» nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tuvchilar uchun navbat raqami

Tartib quyidagicha edi, o‘n odam bir vaqtda kiradi. Bitta o‘ntalik o‘tishi 45 daqiqadan bir soatgacha cho‘ziladi. Rasmiylashtirish juda sekin, qo‘shimchasiga mashinalarni ham o‘tkazish kerak. Chegaradan navbatsiz o‘tayotganlar ham bor edi: bolali ayollar va ularning erlari.

Barchasi mushukning ovqatini idishidan siqib chiqarishga o‘xshardi. Darvoza ochiladi va siz undan o‘tish ilinjida tanangizni odamlar to‘dasiga urib, oldinga yurishga harakat qilasiz.

Shunday qilib, biz kechqurungi oltidan tungi birgacha tanamiz og‘irligini oyoqdan oyoqqa o‘tkazib, bir holatda tik turdik. Biz darvozadan atigi besh metr uzoqlikda, lekin juda katta olomon ichida edik. Hammaga allaqachon farqi yo‘q bo‘lib qolgandi: navbat raqami bormi yoki yo‘qmi endi hech kimga qiziq emas edi. Ko‘ngillilar hammasini qaytadan tartibga solishga harakat qildi, ammo odamlar ularga quloq solmadi.

15 soatlik tik oyoqda turishdan so‘ng tun yarmiga kelganda nihoyat chegaradan o‘tdik. Navbatda turganda internet yo‘q edi, faqat SMS va qo‘ng‘iroq. Yomg‘ir ham yog‘gan, ustimiz shalabbo edi (panaga qochish va kiyim almashtirishga imkon yo‘q edi, chunki navbat ketib qolardi).

Yaxshi odamlar ham bor bo‘lib, kimdir issiq kiyim va ko‘rpa-to‘shaklarini biz bilan bo‘lishdi. Rossiya tomonda ko‘ngillilar bizga ovqat, choy va suv tarqatgandi.

Chegarachilar shoshmasdan, sekin ishlardi. Ularning shiori quyidagicha edi: «Hamma o‘tadi hamma, faqat o‘z vaqtida». Yaxshiyamki, bizning vaqtimiz keldi. Rossiya tarafda hech qanday savol berishmadi. Ko‘zimizga qarashdi, fizionomiya (yuzdan tekshiruvi) qilishdi, muhr bosishdi va narsalarimizni tekshirib, o‘tkazib yuborishdi.

Qozog‘iston chegarasida 45-60 daqiqa vaqt o‘tkazdik. Barcha xotirjam — muloyim, xushmuomala va asabiylashmagan. Bir soat o‘tdi. Bir necha punktlar va bosqichlar ham. Dastlab talon olish kerak, keyin tekshiruv va pasport nazorati. Bu yerda odatiy savollar berildi: qayerdan, qayerga, nima maqsadda, safar tranzit yoki yo‘qligi kabi.

Umuman olganda, deyarli barcha Rossiya chegarasidan o‘tdi. Ya’ni biz orqaga qaytgan bir-ikki odamni ko‘rdik. Aftidan, ular chaqiruv qog‘ozi kelgani yoki boshqa jiddiy sababga ko‘ra qaytib ketdi. Qaytgan odam nima bo‘lganini tushuntirmadi, shunchaki ichkariga kirdi va keyin qaytib chiqib ketdi.

Barcha, hatto A (zaxira) kategoriyadagi: harbiy xizmat o‘tagan va 25-30 yoshdagi odamlar ham chegaradan o‘tdi. Chegarachilarning A kategoriyadagilar o‘tkazilmasligi haqidagi qat’iy ogohlantirishi, «hatto kutmang ham» deyishiga qaramasdan ular baribir Rossiyadan chiqdi. Navbatda ulardan nega ketyapsan deb so‘rashganda, javob berishdan qochdi. Zaxiradagilar ogohlantirishga qaramay chegaradan o‘tishga harakat qildi, ancha asabiylashdi, hech biri ortga qaytmadi. Men shundan so‘ng ular chegarani kesib o‘tgan degan xulosaga keldim.

Qozog‘iston chegarasidan o‘tishimiz bilan bizni yaqin shaharga eltib qo‘yuvchi taksilar kutib oldi. Kimdir juda qimmat narx aytgan bo‘lsa, boshqasi hamyonboproq narx taklif qildi. Biz eng yaqin shahar Uralskka qarab yo‘lga tushdik. Bir soat yo‘l bosdik. Shaharda, afsuski, uyimiz yo‘q edi. Ijaraga kvartira olish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Barcha uylar oldindan sotib olingan, tunda boshpana izlash yanada qiyin edi.

Bizni kinoteatrga olib borishdi. Ko‘ngillilar sharofati bilan shahardagi kinoteatr, xohlagan masjid va yana qandaydir katta binoda (eslolmadim) tunash mumkin edi.

Azamat Maytanov / Twitter

Avvalboshda kinoteatrda odam kam edi, keyin ko‘paya boshladi.

Bularning barchasi qanday ko‘rinardi: kinoteatr, qo‘riqchilar turibdi va «Rossiyadanmisiz yoki yo‘q» deb savol beryapti. Faqat Rossiyadan kelganlarga tunash mumkin edi. Keyin sizni yuqori qavatga olib chiqishadi hamda hojatxona va kinozal qayerda ekanini ko‘rsatishadi. Marhamat, joylashing.

Kinoteatr binosini tark etish, u-bu yerga borish taqiqlangan. Zalda taxminan elliktacha odam bor edi, balki ko‘proq ham. Aytish qiyin.

Hamma kelib, burchakda o‘ziga joy band qilib, joylashdi. Kimdadir gilami, kimdadir penkasi (turistik) bor edi. Ba’zilar shunchaki kinoteatr gilami ustiga yotdi. Bu yer issiq va qulay edi.

Kinoteatrda birlashish kerakligi haqida suhbat bo‘ldi, yigitlar bir guruhga yig‘ildi, birga taksiga chiqdi, valuta almashtirdi, ko‘chib chiqib, kvartira ijaraga oldi. Juda ko‘pchilik tranzit safarni maqsad qilmagandi. Aksariyat odamlar shu yerda qolishni rejalashtirgandi, ular mamlakatda 90 kungacha qolish uchun migratsiya xizmatida ro‘yxatdan o‘tmoqchi edi.

Qozog‘istonga endi kelgan rossiyaliklar Almatidagi aholiga xizmat ko‘rsatish markazlaridan birida individual identifikatsiya raqami uchun navbatda turibdi. 2022 yil 27 sentabr.
Vladimir Tretyakov / NUR.KZ / AP / Scanpix / LETA

Biz to‘rt soat uxladik va keyin nima qilishni o‘ylay boshladik. Bizni ertalabki soat o‘n birlarda uyg‘otib, markaz ochilayotganini aytishdi. Ular bizga «iltimos, narsalarni yig‘ishtiring va yo‘lingizni davom ettiring» deyishdi. Barcha xushmuomala bo‘ldi, amaliy maslahatlar berdi, o‘sha markazdagi oshxonada ovqatlanish mumkinligi va tekin choy ichsa bo‘lishini aytishdi.

Mahalliy aholi bizni maksimal darajada qo‘llab-quvvatladi. Bizga qochqinlardek munosabatda bo‘lishdi — zulm ostidagi mamlakatdan qochganlar. Bu juda qattiq va yoqimsiz eshitiladi, ammo — bu haqiqat!

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Top