08:17 / 30.09.2022
4883

AQSh Eron nefti eksportchilariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi

Vashington joriy embargoni chetlab o‘tib, Eron neftini eksport qilgan kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritdi.

Foto: IRNA

AQSh hukumati Erondan neft eksport qilgani uchun bir qancha korxonalarga sanksiyalar kiritdi. Birlashgan Arab Amirliklari, Hongkong, Hindiston va boshqa mamlakatlarda shu’ba korxonalari bo‘lgan kompaniyalar tarmog‘i embargoni chetlab o‘tib, yuzlab million dollarlik Eron nefti va neft mahsulotlarini eksport qilgan, deya xabar berdi payshanba, 29 sentabr kuni AQSh Moliya vazirligi.

Bundan tashqari, Davlat departamenti Xitoyning ikkita logistika kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Ularning AQShdagi barcha aktivlari muzlatiladi. Vashington, agar Tehron 2015 yilgi Vena yadroviy kelishuviga qaytsa, Eronga qo‘yilgan neft embargosi   bekor qilinishini ta’kidladi.

2018 yilda, Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh bir tomonlama ravishda Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqdi. Bu hujjat Tehronga sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha qator qadamlar qo‘yishni nazarda tutgan.

Keyinchalik Vashington ittifoqchi davlatlar kompaniyalaridan jazo tahdidi ostida Eron neftini sotib olishni to‘xtatishni talab qilib, Eronga nisbatan sanksiyalarni yangiladi.

Top