09:13 / 30.09.2022
7163

Oleg Deripaska AQShda sanksiyalarni buzganlikda ayblanmoqda

Deripaska ikki farzandining aynan AQShda dunyoga kelishi uchun firibgarlik harakatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda. Oligarx Kreml bilan yaqin aloqada bo‘lishiga qaramay, Amerikada yashash manfaati uchun sanksiyalardan qochgan, dedi prokuror.

Foto: RBK

AQSh rasmiylari rossiyalik milliarder Oleg Deripaskaga Vashingtonning sanksiyalar rejimini buzgani uchun jinoiy ish ochdi. 29 sentabr, payshanba kuni Deripaskaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish hujjatlari e’lon qilindi, unga ko‘ra oligarx o‘ziga tegishli uchta hashamatli mulkka xizmat ko‘rsatish uchun AQSh moliya tizimidan foydalangan, shuningdek, uning nomidan Kaliforniyadagi musiqa studiyasini sotib olish uchun ayolni yollagan.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, rossiyalik tadbirkor o‘z sevgilisini Rossiyadan AQShga birga farzand ko‘rish uchun olib kelgani bilan ham sanksiyalarni buzgan. AP xabariga ko‘ra, Deripaskaga qarshi ayblov xulosasida uch ayol - Yekaterina Voronina, Natalya Bardakova va Olga Shriki bor. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Voronina 2020 va 2022 yillarda tug‘ish uchun AQShga uchib ketgan, Bardakova va Shriki sayohatni tashkil qilgan.

Deripaska o‘z farzandining Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilishi va Amerika sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanishi, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarida tug‘ilish huquqi bilan Amerika fuqaroligini olishi uchun yuz minglab dollar sarflagan, deyiladi ma’lumotda. Hujjatlarda aytilishicha, bola tug‘ilgandan so‘ng Deripaskaning uchta sherigi til biriktirib, haqiqiy otasining ismini yashirish uchun kichik xato bilan farzandining ismini yozishgan.

Deripaska yolg‘on gapirgan va Amerikadagi hayotdan foyda ko‘rish maqsadida AQSh sanksiyalaridan qochgan, bu «uning Kreml bilan yaqin aloqalari va katta boyligi korrupsiyalashgan rejim bilan bog‘liq bo‘lishiga qaramay» yuz bergan, dedi AQShning Manxettan bo‘yicha federal prokurori, Rossiya oligarxlari jinoyatiga qarshi kurash guruhi rahbari Endryu Adams. «Qo‘shma Shtatlarning qulayligi va fuqaroligini izlash, bunda shafqatsiz, antidemokratik rejimning mevalaridan foydalanishning ikkiyuzlamachiligi hayratlanarli», dedi Adams.

Oleg Deripaska 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida. Vashingtondagi rasmiylar uni 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga ehtimoliy aralashuvga aloqadorlikda gumon qilmoqda.

Top