13:30 / 30.09.2022
3772

Toshkent viloyatida odam savdosi bilan shug‘ullanganlarga sud hukmi o‘qildi

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan ayol hamda Nurafshon shahrida istiqomat qiluvchi, 2000 yilda tug‘ilgan ayol o‘zaro til biriktirib, qizlarni Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborgan.

Foto: Kun.uz

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Turkiyada yashovchi ayol qizlarga aviachipta sotib olish, ularni kutib olish hamda fohishalik bilan shug‘ullantirish ishlariga mas’ul bo‘lgan.

2022 yil aprel oyi boshlarida yuqoridagi ikki ayol Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaroni Turkiya davlatiga borib, fohishalik bilan shug‘ullanish orqali har oyda 2 ming AQSh dollari ishlab topishga qiziqtirgan hamda dastlabki daromadi teng yarmini ularga berishi kerakligini tushuntirgan. 

Turkiya davlatida yashovchi ismli ayol fuqaroga xorijga chiqish pasporti olishi uchun 50 AQSh dollari va Toshkent - Istanbul - Anqara yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta yuborgan.

DXX xodimlari tomonidan IIV hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ayollardan biri qizni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelib, Turkiya davlatiga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingan. Tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida uning sherigi ham ushlangan.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Joriy yil avgust oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan ayollardan biriga nisbatan 3 yil, ikkinchisiga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  Lekin uning oilaviy sharoiti, ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksi 72-moddasi qo‘llanilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilangan.

Top