19:22 / 01.10.2022
51430
“Bu yerda bir umr qolasan deyishgandi” – o‘ylab topilgan ayblovlar bilan 12 yilga qamalgan sobiq tezkor xodim hikoyasi

“Qorong‘i tergov xonasiga olib kirishdi. Xonadagi stulga «Kirish bor, chiqish yo‘q». Bu kuningdan o‘lganing yaxshi!» deb o‘yib yozib qo‘yilgandi. So‘roq berayotgan shaxs stulga o‘tqazilgach, qo‘llari zanjirlanadi, yerga qoqilgan zanjirlar qo‘lingizni mahkam tortib turardi. U yerda qo‘llangan qiynoqlarga odam bolasi dosh berishi mushkul”.

2011 yilning 19 dekabri Xorazm viloyati Xazorasp tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimi Dilshod Masharipovning hayotida qora kun sifatida muhrlangan. Boisi u xuddi shu kuni Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ishxonasidan jinoyatchilardek ushlab ketilgan.

U Kun.uz’ga bergan intervyusida so‘roq paytida inson zoti chidashi mushkul bo‘lgan shafqatsiz usullar bilan qiynoqqa solinganini aytadi.

O‘sha kuni Xazorasp tumani IIB rahbari ma’rifat soati o‘tkazdi. O‘tgan haftada qilingan ishlar bo‘yicha mas’ullardan hisobot oldi, yangi haftadagi rejalarni belgilab berdi. Shu bilan yig‘ilish tugadi, hamma o‘z ishi bilan shug‘ullanish uchun tarqaldi. Mashinamga o‘tirayotganimda zarur hujjatni xonamda unutib qoldirganim esimga tushdi.

Ishxonamga qaytib kirayotganimda qo‘riqchilardan biri meni rahbar yo‘qlaganini aytdi. Yo‘lakda o‘rinbosar va fuqaro kiyimidagi noma’lum erkak kutib oldi. Xonaga kirsam, u yerda tuman IIB rahbaridan tashqari, viloyat IIB boshlig‘i, men bilan birga ishlaydigan tezkor xodim Baxtishod Matkarimov, yana fuqaro kiyimidagi o‘n chog‘li odam bor edi. Keyin bilsam fuqaro kiyimidagi shaxslar MXX xodimlari ekan.

Ular nima gapligini tushuntirmasdan xonamni tintuv qilishdi. Mendan tashqariga chiqib turishni so‘rashgandi, bu qonunga zid talab bo‘lgani uchun unamadim. Hech narsa topisha olmadi. So‘ngra tintuv o‘tkazgan xodimlar kim bilandir telefonlashib, avval Baxtishod Matkarimovni, so‘ngra mening qo‘limga kishan solib, qo‘llarimni orqaga qilib, boshimni yerga enkaytirib, xuddi jinoyatchilardek ishxonamdan olib chiqib ketishdi. Nima sababdan olib ketayotganlarini ham aytishmadi.

Shaxsiy mashinamning orqa o‘rindig‘iga o‘tqazib, oldinda ikkitasi va ikki yonimda ikkitasi o‘tirib, MXX Xorazm viloyat boshqarmasiga olib ketishdi. Yo‘l-yo‘lakay biqinimga mushtlab borishdi. Men va hamkasbimni oldinma-ketin viloyat xavfsizlik boshqarmasi binosiga olib kirib, rahbarlariga «yana ikkita musorni olib keldik» deb xabar berishdi.

So‘ng qop-qorong‘i tergov xonasiga olib kirishdi. Xonadagi ikkita stul, bitta stol yerga sement bilan qotirib tashlangan. O‘rnidan qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Stol ustiga «Kirish bor, chiqish yo‘q. Bu kuningdan o‘lganing yaxshi!» deb o‘yib yozib qo‘yishgan. So‘roq berayotgan shaxs stulga o‘tqazilgach, qo‘llari zanjirlanadi, yerga qoqilgan zanjirlar qo‘lingizni mahkam tortib turadi.

Bahodir degan tezkor xodim vakili hech yo‘q be yo‘q peshonamga musht tushirdi. Aybim nima deb so‘ragandim: «Aybing bo‘lmasa, ayb topamiz. Jinoyatchi bo‘lmasang, jinoyatchiga aylantiramiz», dedi. So‘ngra maska kiygan to‘rt xodimga: “Buni o‘ziga keltiringlar”, deb buyurdi. Ular meni devorga suyab, ikki qo‘limdan ushlab turib, dubinka bilan ura boshlashdi. Ikki soatcha azob berishdi. Hattoki, ikki qo‘limni tepaga bog‘lab, moyagimga suv solingan baklajka osib qo‘yishdi. Bu usulni ko‘p marta qo‘llashdi, so‘roq qilinayotgan shaxs og‘riqdan dodlasayam, to u hushdan ketmaguncha olishmaydi.

Uzluksiz qiynoqlardan so‘ng Masharipovdan sobiq rahbariga qarshi ko‘rsatma berishga majburlanadi. Tergov davomida narkotik modda savdosida ayblanib qo‘lga olingan ayoldan bu moddalarni Masharipovdan olgani haqida ko‘rsatma olinadi. Masharipovdan esa uni sobiq rahbaridan olib, giyohfurush ayolga yetkazib berganiga iqror bo‘lish talab etiladi.

Qahramonimizning aytishicha, Xazorasp tumani ichki ishlar boshqarmasining sobiq rahbari xavfsizlik xizmatining bir qancha xodimi qamalishiga sabab bo‘lgan, shundan so‘ng undan o‘ch olish maqsadida aslida sodir bo‘lmagan bu voqea, to‘g‘rirog‘i, tuzoq o‘ylab topiladi.

Qiynoqlardan so‘ng mendan bir ayolni tanish-tanimasligimni so‘rashdi. Uni ko‘rsatishlarini aytganimda, tergovchi kompyuteridan qorachadan kelgan ayolning suratini ko‘rsatdi. Uni tanimasligimni, umuman ko‘rmaganligimni aytdim. Tanimasam, tanishtirishlarini, ko‘rsatishlarini aytishdi. MXX xodimlaridan: “Bugun shu yerda qolamanmi?” deb so‘radim. Ular: “Umrbod shu yerda qolasan” deb javob berishdi. Uydagilarga xabar bergani va advokat yollagani qo‘yishmadi. O‘zlarining advokati borligini aytishdi.

Ertasiga sudga olib borishdi. O‘zlari advokat berishdi. O‘sha yerda aytishdiki, «Siz Kuryazova Shirin degan ayolga narkotik modda sotganlikda gumonlanib ushlangansiz», dedi. Men sudyaga uni tanimasligimni aytdim. Sudya advokatimni chaqirdi va uni nega bu yerga olib keldingiz, tanimas ekan-ku, dedi. Shunda advokatim «Muhtaram sudya, sanksiya beravering. Bu masalani xavfsizlikdagilarning o‘zlari hal etishadi», deb aytdi. O‘zimning advokatim sudyadan qamoqqa olinishim uchun sanksiya berishni so‘radi. Sudya prokurorga qaradi, prokuror yerga qaradi. Ammo sudya menga qaray olmadi va “bo‘ldi chiqib ketaveringlar”, dedi.

Suddan qaytib borganimizdan so‘ng uch kun ayovsiz qiynashdi. Qiynoqlardan charchab ketganimdan so‘ng shartlariga tayyorligimni aytdim. Shu orqali maqsadlari nima ekanini bilib olmoqchi bo‘ldim. sobiq rahbar Ravshan Pirmatov bergan narkotik moddalarni tergovda menga suratini ko‘rsatishgan ayolga sotgannimni tan olishim kerakligini aytishdi.

U ayol haqiqatan ham narkotik savdosida ayblanib qo‘lga olingan. Uni ham ko‘z oldimda kaltaklashib, ushbu moddani mendan olganligini tan oldirishdi va iqrornomaga qo‘l qo‘ydirishdi. Ayol bilan yuzlashtirishib, undan meni ko‘rsatib, bu kim deb so‘rashdi. «Bu Doniyor aka», dedi u. Ko‘ryapsizmi, ismimniyam bilmasdi.

Shunda xodimlardan biri uning orqasidan dubinka bilan bir urib, “bu Doniyor emas, Dilshod” dedi. Bechora ayol: “Ha, ha, o‘sha kishi” deb takrorladi. Ssenariy bo‘yicha sobiq rahbar u ayolga qo‘ng‘iroq qilib, men va yana bir sherigim orqali unga giyohvand modda yetkazib berishini aytgan. Ammo jinoyat ishi bo‘yicha sherigim sifatida ish hujjatlarida qayd etilgan hamkasbimni biror marta men bilan yuzlashtirishmadi, sudga ham, so‘roqqa ham olib kelishmadi. Chunki uning yuqori doiralarda ishlaydigan tanishlari bor edi.

Menga qarshi ko‘rsatma berayotganda vijdon azobidan qiynaldi shekilli, ayol yig‘lab kechirim so‘radi. Xodimlar uning boshiga urishib, kechirim so‘rama, deyishdi. Men bu ko‘rsatmalarga qo‘l qo‘ymadim.

– Tergov jarayonida sizni aybdor ekanligingizni isbotlaydigan biror dalil bormi?

– Yo‘q, ularning o‘zi yo‘q narsani tasdiqlab berishing kerak edi, deyishdi. Shunchaki sobiq rahbarni qo‘lga olish uchun meni qurbon qilishdi. Bahodir, Maqsud, Farrux, Obid ismli MXX xodimlari sudya va prokurorlar bizning qo‘limizda deb tahdid qilishdi. Har kuni urib azob berishdi. Yetti-sakkiz kundan keyin qattiq zarb natijasida ko‘zim jarohatlandi va chap ko‘zim ko‘rmay qoldi.

Har qancha qiynoqqa solinmasin, Masharipov o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmaydi. Har qancha urinishmasin, tergovchilarning yo‘rig‘idan yurishga unamaydi.

Qahramonimiz shundan so‘ng xodimlar unga bosim o‘tkazishning yangi yo‘lini o‘ylab topishgani, ya’ni agar o‘zlari o‘ylab topgan jinoyatni bo‘yniga olmasa, ayoli, akalarini ham olib kelib qamashlari va ko‘z o‘ngida qiynashlarini aytib qo‘rqitishganini aytadi.

Jazo sifatida bir tor xonaga qamashdi. G‘alati shovqinli ovoz qo‘yib qo‘yishardi. Sutka ddavomida 4 soat tinardi bu ovoz.  Psixologik ezish uchun qilinardi bu narsa. Tergovchilar ichib kelib, kechasi ham so‘roq qilishardi. Muttasil qiynashardi.

Sigaret chekib, kulini qo‘limga bosishardi. Oxiri kimdandir 100 ming pora oldim, deb yozib ber, deyishdi. Qo‘limga qog‘oz, ruchka berishdi. Kimdan oldim deb yozay desam, o‘zing o‘ylab top, deyishdi. Kechga tomon soqchilardan biri kelib, yozib bo‘ldingmi, deb so‘radi. Kimdan oldim deb yozishni bilmayapman deb aytdim unga. Ketdi. Oradan biroz o‘tib, tepaga olib chiqishdi. Mendan yozging kelmayaptimi, deb so‘rashdi. Endi hech narsa yozishing kerak emas. Endi ayolingni va oila a’zolaringni ham olib kelaman, deb rosa urishdi.

Ertasiga xodimlar men bilan birga qo‘lga olingan tezkor xodimning xotinini olib kelib qamashganini aytishdi. Ko‘rishni istaysanmi, deb u so‘roq qilanayotgan xonaga olib borishib, eshigini qiya ochib ko‘rsatishdi. Chindan ham xonada uning ayoli ham o‘tirgandi. Agar sen ham biz aytgan ishni qilmasang, sening ham ayolingni olib kelib qamaymiz, kerak bo‘lsa aka-ukalaringni ham tiqamiz,  deyishdi. Bunga ishondim. O‘zim qamalganim yetmasdi, ularni ham olib kelib qiynashsa kim degan odam bo‘laman, degan xayol miyamni egallab oldi.

To‘rt kundan keyin o‘zim eshikni taqillatdim. Sababi oilamga tegmasligi uchun hamma narsani yolg‘ondan bo‘lsa ham yozib berishimni aytdim.

Hujjatlarga ko‘ra, Dilshod Masharipov Jinoyat kodeksining beshta moddasi bilan ayblangan. Shulardan biri 121-moddada ko‘zda tutilgan jinoyat (xizmat, moddiy yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lgan ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish). Biroq Masharipov boshqa ayblovlar qatori buni ham tan olmaydi. Ushbu ayblovga sababchi bo‘lgan ayol Bikajon Matyoqubova Kun.uz’ga bergan intervyusida qiynoqlarga chidolmasdan shunday ko‘rsatma berganini aytadi.

Bikajon Matyoqubova:

– Bu hodisa bo‘lmagan. 2011 yil menga Masharipovning ismini aytib, ularga qarshi ko‘rsatma berasan, deb aytishgan. Yo‘q deganimda zulm qilishdi. Ular Xorazm viloyati milliy xavfsizlik xodimlari edi. Meni bu shartlarga rozi qilish uchun onamni azoblab, uning baqiriqlarini menga eshittirishdi. Kichik farzandim bor edi. Turmush o‘rtog‘im ham qamoqda ekanligi uchun yosh bolam ko‘chada qolmasin deb ularning shartiga rozi bo‘ldim va ular aytganidek ko‘rsatma berdim. Bularning barchasi yolg‘on edi. Onamning yoshi ulug‘ligi, ikkinchi guruh nogironi ekanligiga qaramasdan kaltaklashdi.

U paytlarda men bozorda savdo qilardim. Meni uyga olib kelishdi va olib ketishdi. Hech narsa deyishmadi. Biz kelgunimizcha hech narsa demagin deyishdi. Bir hafta indamay o‘tirdim. Shundan keyin tergovga olib chiqishdi. U yerda Masharipov Dilshod va Baxtishodni taniysanmi, deyishdi. Ularni tanimasligimni aytdim. Keyin kameraga qamashdi. Besh kuncha gazli xonaga qo‘yishdi. Ana shundan beri astma kasalligini orttirib oldim. Hozirgacha bezovta qiladi. Keyin yana tergovga olib chiqishdi.

Bir ayol menga narkotik berganman, deb ko‘rsatma bergan ekan. Men ham qiynoqlarga chiday olmay tan olganman. Barmoqlarimga dubinka bilan urishdi. Qattiq zarb yegani uchun barmoqlarim hali ham yaxshi ishlamaydi.

Qiynoqlardan so‘ng bir kameraga olib chiqishdi. U xonada bir ayol bor edi. U meni rosa qiynagan. Mis tarelka bilan boshimga urgan. Zarba kuchidan u qiyshayib ketgandi. Ayol menga kun bermasdi, hamma ishlarini qildirardi. Ayamning qiynoqlarga chidolmay dodlayotgan ovozini qo‘yib berishganidan so‘ng oxiri ularning aytganlariga rozi bo‘ldim va ko‘rsatmaga qo‘l qo‘yib berdim.

– Masharipov apellyatsiyaga berganda, Xorazmdan turib qatnashgan ekansiz. Sudyaga voqealarni aytdingizmi?

– Hammasini sudyaga aytdim. Qiynoqlar sabab bu ishni qilgandim. Hozir ham hech kimning bosimisiz vijdonim oldida qiynalganim uchun aytib beryapman. Ayblovlar soxta ekanligini tan olaman. Aybdorman. Bu ishni qilishim kerak emas edi. Barchasiga chidashim kerak edi. Ammo chidab bo‘lmadi-da.

Jinoyat ishi epizodlari shu qadar hafsalasizlik bilan to‘qib chiqarilganki, undagi bir modda bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan ayol boshqa bir modda bo‘yicha guvoh sifatida tirkab qo‘yilgan. Ya’ni Dilshod Masharipov go‘yoki bir taksichidan 100 ming so‘m pora olayotgan vaqtda Bikajon Matyoqubova bunga guvoh bo‘lgan. Biroq ayol bu epizod tergov vaqtida o‘zi bilan bir kamerada saqlangan ayol tomonidan o‘ylab topilganini aytib berdi.

– Tergov paytida qiynoqqa olib, kameraga jo‘natardi. Kameradagi ayol bularga qo‘yilayotgan ayblovlar kam. Yana nimani qo‘shib yozamiz dedi. U ayol aytdiki, pul oldi deb aytsang, senga yengillik bo‘ladi dedi. Kafega bordik. O‘sha kafeda Allamov Tohir o‘tirgan bo‘ladi va men, Masharipov Dilshod, Baxtishod o‘sha yerga boramiz. Allamov Tohir Masharipov Dilshodga 100 ming so‘m pora berdi, deb yozdirdi. Dilshod Masharipov va Baxtishod Matkarimovni erim qo‘lga olingan vaqtda uyimizga tintuvga borgandagina ko‘rganman. O‘shandan keyin qaytib ko‘rganim yo‘q. Meni MXX xodimlari ushlab ketib, tergovda yuzlashtirishgan vaqtda ikkinchi marta ko‘rdim.

Dilshod Masharipov sudgacha oila a’zolari bilan uchrashtirilmagan, himoyasi uchun tayinlangan advokat esa tergov davomida deyarli qorasini ko‘rsatmagan. Ish sudga oshgach, adolat qaror topishidan umidvor bo‘lgan Masharipovning hafsalasi butunlay pir bo‘ladi.

Tergov davomida uni narkotik oldi-sotdisida sheriklikda ayblab ko‘rsatma bergan Shirin Kuryazova  sudda qiynoqlar ta’sirida bunga majbur bo‘lgani, aslida Masharipovni tanimasligini aytsa-da, raislik etuvchi buni inobatga olmaydi va ayblanuvchini 12 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qiladi.

Sud hukmidan so‘ng Masharipov dastlab Toshturmaga, u yerdan esa sobiq ichki ishlar xodimlari jazo muddatini o‘taydigan Bekoboddagi qamoqxonaga yuboriladi. Bu yerlarda ko‘rgan-kechirganlari ta’sirida haqiqat qaror topishidan umidini uzganini aytadi.

12 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Dilshod Masharipovga nisbatan 2015 yili amnistiya akti qo‘llanib, u manzil-koloniyaga o‘tkaziladi. U yerda ma’lum vaqt bo‘lganidan so‘ng esa unga axloq tuzatish ishlari tayinlanib, ikki yil nazorat ostida bo‘lish sharti bilan ozodlikka chiqadi.

Dilshod Masharipov:

– Hech qayerga yozmaganim, sud qarori ustidan shikoyat qilmaganim, qamoqxona rejimini buzmaganim uchun 2015 yilning mart oyida amnistiya bilan Qoraqalpog‘istondagi manzil koloniyaga o‘tkazildim. U yerda qiynoq va boshqa qonunga zid holatlarning guvohi bo‘lmadim. Lekin u yerda ham haqiqatni qaror toptirish uchun arizabozlik qilgan mahkumlarni Bekobodga qaytarishmasdan, Jasliqqa jo‘natib yuborishdi. Jim yurishsin, haqiqat ochilmasin degan maqsadda.

Manzil-koloniyada ko‘p o‘tirmadim. U yerda uch oycha bo‘lganimdan keyin menga axloq tuzatish ishlari tayinlandi. Meni ikki yillik nazoratga qo‘yib qo‘yishdi, ya’ni ko‘chada yuraverardim, ish haqimning ma’lum qismi davlat hisobiga o‘tib turardi. Bu ham bosimning kichik bir ko‘rinishi, nazorat ostida bo‘lsa u hech qayerga murojaatbozlik qila olmaydi. Yana qamalib ketishdan qo‘rqadi. Yana bir amnistiyaga tushganimdan keyin bu narsayam yechildi.

Tergovda menga qarshi ko‘rsatma bergan Shirin Kuryazova ismli ayolning nomidan 2018 yili uyimizga xat bilan disk keldi. Diskda video bor ekan. Videoda u qilgan jinoyati uchun jazosini o‘tab qaytgani, tergovda qiynoqlarga chidolmay menga qarshi ko‘rsatma bergani, aslida meni tanimasligini, mening mutlaqo aybsiz ekanimni aytadi va sudda ko‘rsatma berishini ma’lum qiladi. Bu disk va murojaatni mendan tashqari u Oliy sudga, Bosh prokuraturaga va boshqa idoralarga ham jo‘natgan ekan. Bu vaqtda O‘zbekistonda rahbariyat ham almashgandi, o‘zgarishlar bo‘layotgandi. Shundan so‘ng menda haqiqatni qaror toptirishga qayta umid uyg‘ondi.

Adolatni qaror toptirishga kirishganidan so‘ng qahramonimiz ko‘plab qiyinchiliklarga duch keladi. U o‘ziga nisbatan tahdidlar kuchaygani, turli idoralarga murojaat qilishni to‘xtatish talab qilingani ortidan ma’lum muddat Rossiya va Qozog‘istonga bosh olib ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

Nihoyat Masharipovning tinimsiz harakatlari natija bera boshlaydi. Apellyatsiya instansiyasida 2011 yilda unga qo‘yilgan 5 ta ayblovning uchtasi olib tashlanadi.

Tergov davomida unga qarshi ko‘rsatma bergan yana bir ayol ko‘rsatmasidan qaytadi va ko‘rsatmasidagi epizodlar Milliy xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘ylab topilgani, o‘zi va onasini qiynashgani uchun shunday ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytib sudda guvohlik beradi.

Masharipov Oliy sud sudyasi da’vo arizasini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqishni bir necha oy davomida paysalga solib kelgani, ming bir qiyinchilik bilan boshlangan sud protsesslari ham mantiqsiz voqealar bilan kechganini aytadi. Tergov davomida qiynoqqa solingani, adolatni qaror toptirish uchun idorama-idora sarson bo‘lgani yetmaganday qahramonimiz OBONchi ayollar hujumiga ham uchraydi. Nohaq qamalishiga sabab bo‘lgan kuchlar uni jinnixonaga yotqizib, muomalaga layoqatsiz deb topishga, shu orqali yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolishini ta’minlashga harakat qilishadi.

Oliy sud tomonidan chiqarilgan oqlov hukmidan ko‘chirma. Foto: Kun.uz

Boshidan shuncha ko‘rguliklar o‘tgan qahramonimiz shu yil 22 sentabr kuni Oliy sudda oqlandi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlandi. Sud qarorida yana nimalar ko‘zda tutilganini uning o‘zi shunday hikoya qiladi.

Albatta oqlov hukmi qahramonimizning havoga sovurilgan 12 yillik umrini qaytarib bera olmaydi. Biroq u yuzi yorug‘ ekani, faoliyati davomida noqonuniy ishlarga aralashmaganini isbotlab bera oldi. Umid qilamizki, bu oqlov O‘zbekiston sudlarining tom ma’noda mustaqillikka erishayotgani va tizimdagi o‘zgarishlarning ifodasiga misol bo‘la oladi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Suhbatni to‘liq ushbu videoda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top