12:42 / 01.10.2022
11935

Navalniy: Rossiyaning kelajagi «qattiqqo‘llarda» emas, kelishuvda

Rossiyalik muxolifatchi Navalniyning fikricha, faqat parlament boshqaruv shakli Rossiyani avtoritarizmdan qutqaradi. Uning ishonch bildirishicha, yosh ruslar Ukrainadagi urush va Rossiyadagi «imperiya isteriyasi»dan norozi.

Foto: Picture Alliance

Taniqli rossiyalik muxolifatchi, qattiq rejimli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Aleksey Navalniy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tanqid qilib, Rossiyada boshqaruv shaklini o‘zgartirish tarafdori ekanini aytdi. «Rossiya (Putin) bu urushda g‘alaba qozonmasligi kerak. Ukraina o‘zini himoya qilishga qodir mustaqil demokratik davlat bo‘lib qolishi kerak», deb yozadi u 30 sentabr, juma kuni The Washington Post gazetasida chop etilgan sharhida.

Navalniyning fikricha, «Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlar aholisining aksariyati va yosh saylovchilar urush va imperiya isteriyasiga qarshi pozitsiyada». Shu bilan birga, muxolifatchi Ukraina bilan urushda Rossiyani mag‘lub etish - faqat taktik vazifa ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, strategik vazifa Rossiyaning «tajovuzkorlik va beqarorlik manbayi bo‘lishdan to‘xtashini» ta’minlashdan iborat bo‘lib, uning fikricha, bunga faqat Rossiyada boshqaruv shaklini o‘zgartirish orqali erishish mumkin. 

«Rossiya uchun kelajak qiyofasi - «kuchli hokimiyat» va «qattiqqo‘llar» emas, balki rozilik, kelishuv va butun jamiyat manfaatlarini hisobga olishdir. Rossiyaga parlament respublikasi kerak va faqat u o‘zidan o‘zi tiklanayotgan imperial avtoritarizm siklini to‘xtatadi», - dedi Aleksey Navalniy. 

Buning isboti sifatida u sobiq SSSR mamlakatlaridagi vaziyatni keltirdi. «Parlamentli respublika modelini tanlagan mamlakatlar (Boltiqbo‘yi mamlakatlari) rivojlanmoqda va muvaffaqiyatli Yevropaning bir qismiga aylandi. Prezidentlik-parlament modelini tanlaganlar (Ukraina, Moldova, Gruziya) hokimiyatni tortib olishga muntazam urinishlar bilan tinimsiz kurashmoqda. Biroq, «kuchli prezidentlik hokimiyati» yo‘lidan yurgan davlatlar (Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyo ayrim mamlakatlari) istisnosiz hammasi qattiq avtoritarizmga tushib qolgan va ko‘p hollarda doimiy ravishda qo‘shnilari bilan o‘zlarining kichik imperiyalari orzusida harbiy mojarolarga aralashib ketgan», - deya tushuntirdi siyosatchi. 

«Strategik g‘alaba Rossiyani ushbu muhim tarixiy nuqtaga qaytarish va rus xalqiga to‘g‘ri tanlov qilishiga imkon berishdir», - deya xulosa qildi Navalniy. 

Mavzuga oid
Top