12:12 / 01.10.2022
7102

Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon raketa uchirdi

Shimoliy Koreyaning ikkita ballistik raketasi taxminan 350 km masofani uchib o‘tgan, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. Bu Pxenyanning bir hafta ichida to‘rtinchi raketa sinovi.

Shimoliy Koreya Yaponiya dengizi tomon ikkita ballistik raketa uchirdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (ShBBQ). The Japan Times nashri Yaponiya mudofaa vazirligidagi manbaga tayanib, ikkala raketa ham Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasiga yetib bormasdanoq dengizga qulaganini yozmoqda.

Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, qisqa masofali raketalar 1 oktyabr, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 7:00 lar atrofida (Toshkent vaqti bilan 03:00) uchirilgan. Raketalar 350 kmga yaqin masofani bosib o‘tgan, maksimal balandligi 30 kmga yetgan, deyiladi ShBBQ xabarida. 

Bu Pxenyan tomonidan bir hafta ichida to‘rtinchi raketa uchirilishi. Xususan, KXDR 29 sentabr kuni AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris Janubiy Koreyani tark etganidan bir necha soat o‘tib ikkita ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi. 

Mavzuga oid
Top