00:49 / 05.10.2022
4131
Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tor doirada ikki tomonlama muzokara o‘tkazdilar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suhbatda O‘zbekiston-Vengriya strategik sherikligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti do‘st Vengriya yetakchisiga tashrif davomida ko‘rsatilgan samimiy qabul va iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Viktor Orbanning 2021 yil martda yurtimizga rasmiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarida yangi sahifa ochgani hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga ko‘targani alohida ta’kidlandi.

Turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani bilan bir-biriga o‘xshashligi qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 3 barobar oshgani, uni yanada ko‘paytirish uchun barcha imkoniyatlar va omillar mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Yevroittifoqning «GSP+» a’zosi maqomiga ega ekani ham bunga xizmat qiladi.

Tomonlar o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma quvvatlar yaratish va shu orqali MDH, Sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishga intiladi.

Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport hamda ilmiy tadqiqotlar hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar. Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar doirasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Vengriya bosh vaziri joriy yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orbanning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Yetakchilar O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari 2021 yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani chinakam tarixiy voqea bo‘lgani hamda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi va o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi rivojiga to‘liq hamohangligini ta’kidladilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar ko‘payganini qayd etdi. Tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish rejasini ro‘yobga chiqarishga kelishib oldilar.

Viktor Orban Vengriya O‘zbekistonni o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini ta’kidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham o‘zaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qat’iyligidan dalolat beradi.

Qishloq xo‘jaligi, transport, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli sur’at bag‘ishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qo‘shma fond tuzish topshirildi.

Shu bilan bir qatorda biznes-forum va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yo‘nalishlari qamrab olinadi.

Tomonlar yaqinda o‘tkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlari, ya’ni qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Budapeshtda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya yetakchilari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Top