17:01 / 05.10.2022
33429

Ukrainaning yangi «kuzir»lari. NATO Ukrainaga qanday qurollar yetkazib bermoqchi?

Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyatli qarshi hujumdan so‘ng Ukraina armiyasi Rossiya qo‘shinlariga aniq zarbalar berishda davom etmoqda. Mamlakat shimoli va janubida keskin janglar ketyapti. Moskva ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev navbatdagi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

IRIS-T SL havo hujumidan mudofaa tizimi

Biroq ob-havo o‘zgaryapti. Kuzda janglar davom etayotgan hududlarda loygarchilik kuzatilsa hujum qilish deyarli imkonsiz ishga aylanadi. Chunki ularsiz oldinga siljish va dushmanga qarshi samarali hujum qilish qiyin bo‘lgan og‘ir harbiy texnikalar bunday sharoitlarda shunchaki loyga botib qoladi. Asfalt yo‘llar esa doimo artilleriya qurollari nishonida turadi. Shu sababli, Ukraina qurolli kuchlari (shuningdek, Rossiya armiyasi ham) kelgusi yildagi urushning yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborgan.

Moskva shoshilinch safarbar qilinayotgan rossiyaliklar orqali frontdagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirishiga umid qilayotgan bo‘lsa, Kiyev G‘arbning eng so‘nggi texnologiyasiga muhtojligini ta’kidlab keladi.

Ukraina allaqachon qarshi hujumda muvaffaqiyatga erishdi, ammo endi bu ustunlikni rivojlantirish va mustahkamlash kerak. Ukrainaga G‘arbdagi ittifoqchilarning qaysi eng so‘nggi texnologiyalari yordam beradi — quyida shu masala ko‘rib chiqiladi.

IRIS-T SL zenit raketalari (Germaniya)

Bundesverning (Germaniy armiyasi) zamonaviy havo hujumidan himoya raketalari. Ushbu raketa tizimi shunchalik yangiki, nemislar u bilan hali o‘z armiyasini ta’minlashga ham ulgurmadi, lekin yangi qurolni darhol Ukraina qurolli kuchlariga yuborishga va’da berdi.

Zamonaviy raketalar 1990-yillar oxirlarida NATO samolyotlari uchun ishlab chiqilgan va 2000-yillar o‘rtalarida yer tipiga asoslangan raketalarning birinchi sinovlari o‘tkazilgan. Ular asosida nafaqat Rossiya samolyotlarini, balki dronlarni ham nishonga ola biluvchi havo hujumidan himoya tizimi yig‘ilgan. Ushbu zenit raketalar to‘plami Moskva Erondan sotib olgan «Shahed-136» kamikadze dronlarini ham muvaffaqiyatli yo‘q qila oladi.

Raketalar infraqizil yo‘naltiruvchi kallaklardan foydalanadi, biroq dastlabki o‘q uzish radarlardan olingan GPS ma’lumotlari yordamida amalga oshiriladi, bu esa nishonni aniqroq mo‘ljalga olish imkonini beradi. Raketaning uchish tezligi 3,5 ming km/soatdan oshadi, bu Rossiyaning eng zamonaviy Su-57 samolyotlari tezligidan (2,6 ming km/soatgacha) yuqoriroq.

Rossiya aerokosmik kuchlarining havodagi ustunligi hisobga olinsa, nafaqat osmonni nazorat qila oladigan, balki muhim obektlarni dronlar zarbasidan himoya qiladigan eng yangi havo mudofaa tizimlarini Kiyevga yetkazib berish Ukraina qurolli kuchlarining oldinga harakatlangan bo‘linmalarini havo hujumidan himoya qilish imkonini ham beradi.

Nazariy jihatdan, yangi havo hujumidan himoya tizimlari hatto taktik yadro qurollari zarbasini ham qaytarishi mumkin. Biroq amaliyotda bunday sinovlar hech qachon o‘tkazilmagan, shu sabab yangi zenit raketa tizimlari ukrainaliklarni yadroviy hujumlardan qanchalik himoya qila olishi noma’lum.

NASAMS havo hujumidan himoya tizimi (AQSh va Norvegiya)

Norvegiya va AQSh tomonidan birgalikda ishlab chiqarilgan yana bir havo hujumidan mudofaa tizimi. Uning gorizontal o‘q uzish balandligi IRIS TL’nikidan biroz yuqoriroq — 21 kilometrga 20 kilometr. NASAMS 1 havo hujumidan mudofaa tizimlari AIM-120 AMRAAM raketalari bilan jihozlangan.

NASAMS’ning uch turidan qaysi biri Ukrainaga yuborilishiga qarab, Kiyev Rossiyaning havo nishonlarini urib tushirish va 120-180 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi muhim obektlarni havo hujumidan qo‘riqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mantiqan Ukraina qurolli kuchlariga NASAMS’ning so‘nggi uchinchi versiyasi beriladi, chunki u Germaniyaning IRIS raketalari bilan mos keladi, bu esa ikkala qurilmada ham bir xil o‘q-dorilardan foydalanishga imkon beradi.

Bunda tashqari, NASAMS’ning ikkinchi versiyasidan boshlab tizim maxsus Link-16 aloqa texnologiyasidan foydalanadi. Link-16 yanada yaxshi uyushtirilgan hujum yoki mudofaani amalga oshirish uchun har xil turdagi qo‘shinlarning kuch va vositalarini muvofiqlashtirish imkonini yaratadi. Bunday tizimidan NATO davlatlari foydalanib keladi.

Nazariy jihatdan, ushbu texnologiya Kiyevning ittifoqchilariga Ukraina qurolli kuchlariga nishonga olish va razvedka qilishda yordam ko‘rsatish imkonini beradi, chunki Ukrainada bu uchun zarur bo‘lgan samolyot va kemalar yo‘q.

FV1O3 Spartan zirhli mashinasi (Buyuk Britaniya)

Ro‘yxatdagi eng eski harbiy texnika, biroq hozirgi sharoitda Ukraina uchun juda muhim. Spartan juda yengil zirhli transport vositasi bo‘lib, u soatiga 90 kilometrdan yuqori tezlikda yura oladi, loyda tiqilib qolmaydi, shuningdek, 7,62 mm kalibrli pulemyotga ham ega.

1970-yillar oxirida ishlab chiqilgan FV1O3 texnikasi Folklend urushida (Britaniya bu urushda faqat shu mashinalar bilan jang qilgan) xuddi shunday sharoitlarda (loygarchilik va botqoqlik) o‘zini ko‘rsatgan.

Hozirda Kiyevda o‘ttizdan ortiq shunday mashinalar bor. Bu zirhli transportyorlar nafaqat tirik kuchlarni minalardan tezda olib o‘tish, balki vaziyatni o‘rganish, zarur jihozlarni yetkazib berish (mashinaga piyodalar o‘rniga o‘q-dorilar yoki yonilg‘i yuklanishi ham mumkin), shuningdek, agar kerak bo‘lsa, bo‘linmani evakuatsiya qilish yoki piyodalarni pulemyot bilan qo‘llab-quvvatlash imkoniga ham ega.

Ushbu texnikaning muammoli tomoni – past o‘q uzish kuchiga egaligidir (garchi tankka qarshi raketali va katta kalibrli turelli turlari mavjud bo‘lsa-da Kiyevga Spartan’ning pulemyotli versiyasi berildi). Shu bilan birga FV1O3 Spartan ruslarning PTKM-1R «sakrovchi» minalaridan zaif himoyalangan.

Zirhning yuqori qismiga zarba beruvchi bunday mina turi Spartan’ning butun ekipaji, undagi piyodalar va mashinaning o‘zini ham yo‘q qiladi. Mina yangi ishlab chiqarilgan, biroq rossiyaliklar bunday turdagi minalarni janglarda allaqachon qo‘llamoqda.

MQ-1C Grey Eegle (AQSh)

Kiyev Rossiya qo‘shinlariga qarshi kurashda harbiy dronlardan juda samarali foydalanmoqda. Ayniqsa, Turkiyaning Bayraktar TB2 dronlari Ukraina qo‘shinlari uchun katta xizmat ko‘rsatyapti. Biroq, Pentagon bu yetarli emas degan qarorga keldi. Shu sababli, so‘nggi bir necha haftadan beri Kiyevga yanada universalroq va kuchliroq MQ-1C Grey Eagle dronlarini yetkazib berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Umuman olganda, MQ-1C eng kuchli zarba beruvchi va razvedka qiluvchi dronlardan biridir. «Kulrang burgut» dronlar orasida eng ko‘p foydali yukni (yarim tonnagacha) ko‘taradi va 9 ming metr balandlikkacha uchish qobiliyatiga ega (undan balandroq Isroilning Hermes va Heron dronlarigina ucha oladi). Dronning uchishi davomiyligi 30 soatgacha bo‘lib, 250 km/soat tezlikda harakat qilishi mumkin.

MQ-1C Grey Eagle qanoti ostida to‘rtta Hellfire tankka qarshi raketalarini yoki sakkizta Stinger yoxud to‘rtta GBU-44/B Viper Strike bombasini olib yuradi.

Teledyne Flir Black Hornet (Norvegiya) mini-droni va Titan C-UAS (AQSh) dronga qarshi tizimi

Norvegiya va Tayvan Ukrainaga kamroq kuchli, ammo yangi texnologiyali ushbu dronlarni yetkazib berishni va’da qilgan. Norvegiya yoz oxiridayoq Kiyevga bir necha yuzlab kichik Black Hornet razvedkachi dronlarini jo‘natdi.

Ularning asosiy vazifasi — taktik razvedka va jangovar kuzatuv bo‘lib, dronlar ikki kilometr radiusda ishlaydi. Ularni bitta operator boshqarishi mumkin, 33 grammlik ushbu dronlarni ishga tushirish uy dronlarinikidan qiyinroq emas.

Bunday hajmdagi uchuvchisiz qurilmalar har qanday hujum guruhini ular bilan ta’minlash imkonini beradi, ular orqali jang maydonida nima sodir bo‘layotganini yaxshiroq tushunish, shuningdek, dushmanning qanday harakatlanishi va qaysi pozitsiyalarni egallashini kuzatish mumkin.

Dronlarning o‘zidan tashqari, Ukraina ularga qarshi kurashish uchun maxsus qurilmalar ham oladi. Agar havo hujumidan mudofaa tizimlari katta dronlarni yo‘q qilsa, Titan C-UAS stansiyasi 1,5 km radiusda ushbu turdagi har qanday qurilmani shunchaki o‘chirib qo‘yishi mumkin.

Vashington Kiyevga o‘n ikkita shunday tizimni yuborishga va’da berdi. Ukraina qurolli kuchlari bu orqali nafaqat HIMARS batareyalari, balki G‘arb tomonidan yetkazib beriladigan boshqa murakkab va qimmat qurollarni ham havodan himoya qila olishi mumkin.

Harbiy texnologiyalar

Muayyan qurilmalardan tashqari, ko‘plab AQSh va G‘arb kompaniyalari Ukraina qurolli kuchlarini yangi texnologiyalar bilan ham ta’minlamoqda. Ba’zi kompaniya va g‘arblik ittifoqchilar uchun bu urush qaysidir ma’noda barcha tadqiqotlarni potensial raqib — Rossiyaga qarshi sinab ko‘ruvchi katta poligon hamdir.

NATOning zamonaviy qurollari hech qachon Rossiya harbiy-sanoat majmuasining so‘nggi qurilmalari bilan to‘qnash kelmagan. Alyans mamlakatlarining eng so‘nggi qurol-yarog‘ va qurilmalarni Kiyevga berishga tayyor ekanliklarining sabablaridan biri ham shu. Ukrainada qo‘llangan yangi texnologiyalarning eng mashhur namunalaridan biri bu Ilon Maskning Starlink internet tarmog‘idir. Yer orbitasidagi o‘nlab sun’iy yo‘ldoshlar yordamida birlashtirilgan global tarmoq Ukraina kuchlariga nafaqat aloqa mavjud bo‘lmagan sharoitlarda o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish, balki jang maydonida nimalar sodir bo‘layotganini tezda ko‘rish imkoniyatini ham taqdim etadi.

AQSh hukumati Ukraina qurolli kuchlariga sun’iy intellekt (sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali jang maydonidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi), yuzni aniqlash (ushbu texnologiya urush jinoyatlarini tergov qilishda yordam berishi kerak), ovoz analizi (suhbatlarni transkripsiya qilish va tahlil qilish) va boshqa sohalarda yordam berayotgan bir qator kompaniyalar bilan shartnoma tuzmoqda.

Qaysi yangi jo‘natmalar frontdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin?

Ukraina qo‘shinlariga yangi qurollar yetkazib berilishi Rossiya armiyasi uchun jiddiy chaqiriq bo‘ladi. Hozirgacha NATO texnikalari janglarda juda samarador ekanini ko‘rsatdi: Ukraina qurolli kuchlari ularni frontning barcha qismlarida qo‘llamoqda, hujum va mudofaada faol foydalanyapti.

Moskva uchun eng katta muammolar havo hujumidan mudofaa qurilmalari Ukrainaga yetkazib berilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, chunki bu Rossiyaning havodagi ustunligini yo‘qqa chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga har qanday hujumini qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlarining razvedka sohasidagi peshqadamligi ham oshishi mumkin — zarbdor va ayg‘oqchi dronlar allaqachon Ukraina qo‘mondonligiga jang maydonidagi vaziyatni dushmanga qaraganda yaxshiroq tushunishiga yordam bermoqda. AQShning dronga qarshi tizimlari Moskvaning bu borada orqada qolishini yanada kuchaytiradi.

Yuqoridagilarga qaramay, Kiyev yanada ko‘proq qurol yuborishni so‘rashda davom etmoqda. Ukraina hali ham og‘ir qurollar bo‘yicha Rossiyadan ortda qolmoqda, ular artilleriya va uzoq masofaga o‘q uzuvchi qurollarga juda muhtoj. Bu haqda Volodimir Zelenskiy BMTga videomurojaatida, shuningdek, Xarkiv oblastidagi qarshi hujumdan keyin aytib o‘tdi.

Kuzgi loygarchilik va qishki sovuq sharoitida tirik kuchlardagi ustunlik hal qiluvchi rol o‘ynamaydi, lekin og‘ir texnika va artilleriya qurollari birinchi o‘rinda qoladi. G‘arblik ittifoqchilar allaqachon bu borada Ukrainaga yordam berishni va’da qildi, Kiyev yangi jo‘natmalarni kutmoqda. Jangovar amaliyot shuni ko‘rsatadiki, real jangda rus qurollari NATO qurollari bilan hali tenglasha olmaydi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top