08:01 / 06.10.2022
6003

Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etildi

Prezident "Namangan to‘qimachilik sanoati institutini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Namangan shahrida Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etildi. Institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • ta’lim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo‘lga qo‘yish, kafedra filiallarini hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
  • o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish;
  • o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;
  • ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Prezident ta’lim muassasalari agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda:

a) 2023/2024 o‘quv yiliga qadar to‘qimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta’lim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, institut ta’lim jarayonini zamonaviy o‘quv dasturlari asosida tashkil etadi;

b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:

  • institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini ko‘radi;
  • institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik to‘qimachilik korxonalarida o‘tash tizimini joriy etadi;
  • institut talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etadi;

v) 2024/2025 o‘quv yiliga qadar institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Bunda, Texnopark:

  • Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablag‘lari hisobiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
  • institut ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;
  • xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

g) 2026/2027 o‘quv yiliga qadar institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutiga to‘qimachilik sanoati bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi institutga yo‘naltiriladi. Namangan muhandislik-texnologiya institutining to‘qimachilik sanoati ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishi institutga ko‘chiriladi.

Top