13:39 / 07.10.2022
16390
Jizzaxda sodir bo‘lgan YTHda “Paxta-2022” nazorat tekshiruv postiga xizmatga ketayotgan IIB xodimi halok bo‘ldi

Profilaktika inspektori “VAZ 2106” bilan Jizzax-Gagarin avtomobil yo‘lida harakatlanib ketayotganida mashinaning o‘ng tomoni shinalari texnik shikastlangan va yo‘l chetga ag‘darilib ketgan.

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lumot berishicha, 2022 yil 2 oktabr kuni kech soat 24:00 larda Jizzax viloyati Zarbdor tumani hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida IIB xodimi halok bo‘lgan.

Zarbdor tumani «Mustaqillik» MFY profilaktika inspektori leytenant X.Shukrullayev o‘z boshqaruvidagi “VAZ 2106” mashinasi bilan 4R-38 Jizzax-Gagarin avtomobil yo‘lining 10-kilometrida harakatlanib ketayotganida mashinaning o‘ng tomoni shinalari texnik shikastlangan.

Shundan so‘ng mashina boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonidagi dala-maydoni chetiga ag‘darilgan. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan profilaktika inspektori voqea joyida halok bo‘lgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, shu kuni X.Shukrullayev hushyor holatda, xizmat kiyimida bo‘lib, viloyat IIB boshlig‘i farmoyishiga asosan, “Paxta-2022” tadbirlari munosabati bilan Zarbdor tumani, Yangikent mahallasida tashkil etilgan nazorat tekshiruv postiga tungi xizmatga ketayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, holat prokuratura organlari tomonidan tekshirilmoqda.

Mavzuga oid
Top