22:08 / 10.10.2022
24574
Davlat Bobonov: «Prezidentimiz finalni tomosha qilib turganda, yutqazishga haqqim yo‘q edi»

Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida -90 kg vazn toifasida ilk marta jahon chempioni bo‘lgan Davlat Bobonov finaldan keyin prezidentning hal qiluvchi bellashuvga kelgani va chempionlikka erishgani haqida gapirdi.

«Jahon chempionati – hech qachon shunchaki o‘tmaydigan, qiyin musobaqa. Xudoga shukur, bugun oltin medalni yutib oldim. Finalgacha bo‘lgan bahslarga juda katta tayyorgarlik ko‘rgan edik. Finalga chiqqanimdan keyin hurmatli bosh vazirimiz kelib, shaxsan hurmatli prezidentimiz finalni tomosha qilish uchun kelishlarini aytdilar. Bu sportchi uchun juda ham katta motivatsiya. Buni eshitib, finalga chiqdim. Prezidentimiz tomosha qilib turganda yutqazishga haqqim yo‘q edi», - deydi jahon chempioni Davlat Bobonov.

Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi sanalmish Bobonov bugungi kurashlarda dastlab slovakiyalik Peter Zilkadan ustun kelgan bo‘lsa, so‘ng janubiy koreyalik Jyeu Op Xanni ippon evaziga mag‘lub etdi. Chorakfinalda esa bolgariyalik Ivaylo Ivanov ham ippon bahosi bilan taslim etildi. Murosasiz o‘tgan yarimfinal bahsida esa gruziyalik Lasha Bekauridan ustun kelgan o‘zbekistonlik dzyudochi finalga chiqib, Kristian Parlatini mag‘lubiyatga uchratdi.

Ma’lumot uchun, 25 yoshli sportchi Tokio-2020 Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. 2021 yilda esa Budapeshtda o‘tgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida kumush medali, Bishkekdagi Osiyo chempionatida esa oltin medalga ega chiqqandi.

Mavzuga oid
Top