19:51 / 11.10.2022
13767

“Ozodlikning qora atirguli”. 11 oktabr – Xalqaro qizlar kuni

Xotin-qizlarning bugungi kunda tutgan maqomiga osonlikcha yetib kelmaganiga tarixning o‘zi guvoh. Johiliyat davrida tiriklayin ko‘milgan qizaloqlar, eri o‘lganda qo‘shib yoqilgan ayollar (Hindistonda), maktablarda o‘qish huquqidan mosuvo qizlarni eslashning o‘zi kifoya.

Ushbu maqolada o‘zining jasurligi bilan dunyoni o‘zgartira olgan qahramon xotin-qizlar haqida so‘z yuritiladi.

Irena Sendler

Irena Sendler ikkinchi jahon urushi paytida fashistlar tashkil etgan eng katta getto – Varshava gettosida (irqiy ozchilik guruh jamiyatdan ajratib qo‘yilgan mavze) ishlagan va u yerda kasal bolalarga g‘amxo‘rlik qilgan. U turli hiylalar, qalbakilashtirish, hujjatlarni almashtirish yordamida 2500 yahudiy bolasini gettodan olib chiqishda ishtirok etgan.

Foto: thevoicemag.ru

Buning uchun chaqaloqlarga uyqu dori berilib, ular bo‘g‘ilib qolmasligi uchun teshiklari bo‘lgan kichik qutilarga joylashtiriladi va lagerga dezinfeksiyalash vositalarini yetkazib beradigan yuk mashinalarida olib ketiladi. Ba’zi bolalar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shni uylarning yerto‘lalari orqali olib ketilgan. Boshqa bolalarni sumkalar, savat, karton qutilarga solib olib chiqishadi. Qutqarilgan bolalarga soxta hujjatlar ham qilib berilgan.

Tushunarliki, maxfiy qutqaruvchilar bularning barchasini hayotlarini xavf ostiga qo‘yib qilishadi. Irena najot topganlarning ro‘yxatini tuzadi va fashizm ustidan g‘alaba qozonilganidan keyin, ularning hayoti yaxshi o‘tganiga ishonch hosil qilish uchun deyarli hammani kuzatib boradi. 1965 yilda Isroil Xolokost muzeyi Irena Sendlerga “Millatlar orasida solih” unvonini berdi. 2009 yilda “Irena Sendlerning jasur yuragi” nomli film ishlangan.

Anna Frank

“Anna Frankning kundaligi” – natsizm dahshatlarining eng fojiali va ishonchli dalili hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi paytida Anna oilasining ayollari yerto‘lada yashiringan va yahudiy qiz deyarli har kuni o‘z daftariga atrofda ko‘rgan hamma narsani yozib borgan. Anna, onasi va opa-singillari topilib, Polshadagi Osvensim konslageriga surgun qilinadi. Ulardan hech biri omon qolmagan.

Foto: thevoicemag.ru

Kundalikni tasodifan bir qiz topib oladi, u o‘qiganidan ta’sirlanib, qizning qarindoshlarini topishga muvaffaq bo‘ladi va kundalikni ularga topshiradi. Anna Frankning kundaligi YuNeSKO Butunjahon merosi ro‘yxatining “Tinchlik xotirasi” reyestriga kiritilgan 35 ta obektdan biriga aylangan. Muallifning nomi Keyt Pankhyorstning “Dunyoni o‘zgartirgan fantastik ayollar” kitobida abadiylashtirilgan.

Roza Li Parks

Oqtanlilar ustunligini omma oldida tan olishni rad etgan birinchi qora tanli ayol. U AQShdek katta mamlakatni va butun dunyoni o‘zgartirib, unga erkinlik ruhini olib kirgan ayol deya ta’riflanadi.

Foto: thevoicemag.ru

Alabama shtatining Montgomeri shahrida yashagan Roza 1955 yil 1 dekabrda avtobusda o‘z o‘rnini oqtanli yo‘lovchiga bo‘shatib berishdan bosh tortdi. Uning bu isyoni nafaqat boshqa avtobus yo‘lovchilari, balki shahar aholisi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi, uni “Ozodlikning qora atirguli” deya atay boshlashdi. 381 kun davomida Montgomerining barcha qora tanli aholisi Roza va uning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun jamoat transportidan foydalanmadi. 1956 yil 20 dekabrda Montgomerida shahar avtobuslarida irq ajratish qonun bilan bekor qilindi.

Berta Fon Sutner

1889 yilda Berta Fon Sutnerning “Qurollar bilan pastga!” (“Die Waffen nieder!”) kitobi nashr etiladi. Kitobda XIX asrning 60-yillarida Yevropadagi urushlar sabab taqdiri vayron bo‘lgan yosh ayolning hayoti hikoya qilinadi. Asarda urushga qarshi qizg‘in norozilik katta mahorat bilan tasvirlangan; urushlarning ayollarga keltirgan jabri oshkora ko‘rsatilgan. Kitob haqli ravishda muallifiga katta shuhrat keltirgan.

Foto: thevoicemag.ru

Asarni Alfred Nobel ham o‘qib chiqqan va Berta bilan bog‘lanib, unga o‘z mukofoti uchun yangi nominatsiya – Tinchlik nominatsiyasini ta’sis etishga va’da bergan. Aynan Berta tinchlik yo‘nalishidagi ilk Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.

Malala Yusufzay

Malala 11 yoshida blogi tufayli butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Unda u o‘zi yashagan qishloqni egallab olgan toliblarning vahshiyliklari haqida gapirgan. Qiz “Tolibon” ayollarga ta’lim olishni taqiqlashi, ularning umuminsoniy huquq va erkinliklarini tan olmasligi haqida yozgan.

Foto: thevoicemag.ru

Oradan bir yil o‘tib jangarilar blog muallifini topib, shahar avtobusida Malalani otib, uning va yana bir qancha odamlarning boshidan og‘ir jarohat yetkazgan. Biroq qiz mo‘jizaviy tarzda tirik qoldi, Buyuk Britaniyaga olib ketildi va Pokiston yoshlar tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi.

16 yoshida Malala tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi va bu uni tarixdagi eng yosh sovrindorga aylantirdi. Malala Livanda qizlar ta’lim olishi uchun maktab ochgan.

Katrin Shvitser

Katrinning orzusi har doim erkaklar bilan teng keladigan marafonda yugurish bo‘lgan (1960-yillarda ayollar bu poygalarda qatnashishi mumkin emas edi). 20 yoshli Katrin 1967 yilda boshlangan va tashkilotchilarning uni zo‘rlik bilan trassadan sudrab olib chiqishga urinishlariga qaramay, Boston marafonida yugurgan birinchi ayol edi.

Foto: thevoicemag.ru

Katrinning ta’sirchan natijalaridan so‘ng, 5 yil o‘tib ayollar erkaklar bilan teng ravishda marafonlarda qatnashish huquqiga ega bo‘lishdi. Katrin abadiy sport olamini o‘zgartirgan ayol bo‘lib qoladi.

Billi Jan

Billi Jan tennisda ayollarga yo‘l ochdi. Bugungi kunga qadar u Uimbldonda eng ko‘p g‘alaba qozonish bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. U Butunjahon ayollar tennis assotsiatsiyasiga asos solgan va aslida kuchli jins vakillari bilan ma’lum moliyaviy tenglikka erishgan.

Foto: thevoicemag.ru

Sport olami qoidalarini o‘zgartirgan ayol tennischi ayollar uchun to‘lanadigan mukofot erkaklarnikiga teng bo‘lishini ta’minladi. Hammasi Billi Jan dunyoning birinchi tennischisiga (1973 yilda bu Bobbi Riggs edi) ayollar tennisi erkaklarnikidan kam emasligini isbotlash uchun kurashgani bilan boshlandi. King ko‘p ustunlik bilan g‘alaba qozondi va ayollarning tennis bilan shug‘ullanmasligi haqidagi gaplarga chek qo‘ydi.

***

Ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish butun insoniyatning barqaror rivojlanishini jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega. Ayollar va qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish bilan nafaqat insonning asosiy huquqlari ta’minlanadi, balki boshqa ko‘plab sohalarda ham jamiyatga foyda olib kelinadi.

Xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli siyosat kun tartibi bo‘lgan Pekin deklaratsiyasi 1995 yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan Ayollar bo‘yicha IV Jahon konferensiyasida qabul qilingan.

2011 yil 19 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 11 oktyabrni Xalqaro qizlar kuni deb e’lon qildi. Bu kunda dunyo bo‘ylab qizlarning kamsitilishi bo‘yicha og‘riqli muammolar tilga olinadi.

Xalqaro Qizlar kuni jamoatchilik e’tiborini qizlar duch keladigan muammolarni hal qilishga qaratish imkonini beradi.

Charos Mannonova tayyorladi.

Top