19:56 / 11.10.2022
11209
Qrim ko‘prigidagi portlashda qurbon bo‘lganlar soni oshdi

Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlash qurbonlari soni to‘rt kishiga yetdi.

Foto: Moya Feodosiya / TASS

Bu haqda TASS Rossiya Favqulodda vaziyatlar xizmatining ismi oshkor etilmagan xodimiga tayanib, xabar berdi.

«Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni to‘rt kishiga yetgan. Ular orasida Moskva arbitraj sudi sudyasi Sergey Vladimirovich Maslov ham bor», dedi agentlik manbasi va halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash jarayoni hali ham davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

Manbaga ko‘ra, halok bo‘lganlarning to‘rt nafari ham portlash episentridagi yengil avtomobilda bo‘lgan.

Avvalroq «Moskovskiy komsomolets» gazetasi ham Maslovning o‘limi haqida xabar bergan edi. Aniqlanishicha, sudya peterburglik tarixchi gid Eduard Chuchakin va uning rafiqasi Zoya Sofronova, shuningdek, yevpatoriyalik fitnes-trener Gleb Orgetkin bilan birga Cadillac Escalade avtomobilida bo‘lgan.

8 oktabr kuni ertalab Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigida yuk mashinasi portlab ketdi, oqibatda ko‘prikning bir necha qismi qulab tushdi va temiryo‘l qismida turgan poyezd yonib ketdi. Tergov qo‘mitasi uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

10-11 oktyabr kunlari Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina shaharlariga raketa hujumlarini boshladi. Putin bu zarbalarni Qrim ko‘prigi portlashiga javob deb atadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top