09:33 / 13.10.2022
2345

Toshkentda to‘qimachilik sammiti o‘tkazildi 

Poytaxtdagi 5-xalqaro to‘qimachilik haftaligi doirasida “Jahon to‘qimachilik bozorida yangi muvozanat – yangi ishtirokchilar va tendensiyalar” mavzusidagi Toshkent to‘qimachilik sammiti o‘tkazildi.

Foto: Senat.uz

Unda amalga oshirilgan loyihalar va O‘zbekistondagi islohotlar, jumladan, respublikamiz to‘qimachilik sohasida ro‘y bergan muhim voqealar bo‘yicha yilning dastlabki yakunlari sarhisob qilindi.

Toshkent To‘qimachilik sammiti bugun jahon to‘qimachilik biznesi vakillari va nufuzli ekspertlarini birlashtirdi, dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qayd etilishicha, yaqin tarixda O‘zbekiston dunyoning eng yirik paxta xomashyosini yetkazib beruvchi davlatlaridan biri bo‘lsa-da, yillik eksport tushum bor-yo‘g‘i 1 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston jahon bozorining e’tirof etilgan ishtirokchisiga aylanmoqda va 2021 yilda qiymati 3 mlrd dollarga teng tayyor to‘qimachilik mahsulotlarni eksport qilishga erishdi.

“O‘zbek paxtasi va undan ishlab chiqarilgan mahsulotlar turli “boykot”lar va cheklovlardan xoli bo‘ldi. Bugungi kunda sohadagi muhim maqsadimiz — aholimiz uchun yangi zamonaviy ish o‘rinlari, munosib mehnat sharoitlari hamda xodimlarning ijtimoiy himoyasi ishonchli ta’minlangan sanoatni rivojlantirishdir”, dedi Senat raisi. 

Bildirilishicha, buning zamirida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan — Made in Uzbekistan brendi ostidagi mahsulotlar hajmi va turlarini ko‘paytirishga hamda jahonda ularning yuqori sifat darajasi e’tirof etilishiga erishiladi.

Top