20:24 / 16.10.2022
17237
Belgorod oblasti hududiga zarba berildi

Rasmiylar bir necha kishi jabrlanganini ma’lum qilgan.

16 oktyabr kuni Belgorod oblasti zarba ostida qoldi, regionda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagan. RIA Novosti o‘z muxbiriga asoslangan holda 16 portlash haqida xabar bergan.

Gubernator Vyacheslav Gladkov dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra bir oilaning uch vakili jabrlangani to‘g‘risida ma’lum qildi. Keyinroq u Belgorod rayonidagi katta yoshli kishida kontuziya kuzatilgani, shuningdek Shebekinskiy okrugida istiqomat qiluvchilardan biri minaga tushib, tovon qismini yo‘qotgani haqida xabar berdi.

«Ostorojno, novosti» kanalida joylashtirilgan videolardan birida odamlar aeroportda portlash ro‘y berganini muhokama qilishgan. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi.

Gladkov zarbalar kim tomonidan amalga oshirilgani to‘g‘risida to‘xtalmagan; bungacha u region hududi o‘qqa tutilishida Ukrainani ayblab kelardi. Ukraina hukumati esa o‘z qoidasiga ko‘ra Rossiya hududi bo‘ylab berilgan zarbalar uchun rasman javobgarlikni zimmasiga olmagan.

  • So‘nggi kunlarda Belgorod oblasti hududi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. 13 oktyabr kuni Belgorodda ko‘p qavatli uy tomi qulab tushgandi — taxminlarga ko‘ra, bunga havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi tushishi sabab bo‘lgan. 14 oktyabr kuni esa shaharda raketa zarbalari oqibatida elektr nimstansiyasida, 15 oktyabr kuni — neft bazasida yong‘in kelib chiqdi.
  • Bu zarbalar Rossiya Ukraina hududini, jumladan energetika infratuzilmalarini o‘qqa tutish sur’atlarini oshirishi fonida berilmoqda. Yoppasiga o‘qqa tutish holatlari Qrim ko‘prigidagi portlashdan keyin boshlangan, FXX bu portlash uchun javobgarlikni Ukraina maxsus xizmatlariga yuklagan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top