11:05 / 17.10.2022
15163
Farg‘ona tumaniga yangi hokim tayinlandi

17 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Farg‘ona tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamentida boshqarma bosh inspektori lavozimida ishlab kelgan Hamidullo Inomov Farg‘ona tumani hokimi etib tayinlandi.

Sessiya ishida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Sessiyada sobiq hokim Shuhrat Mo‘minov faoliyatida kamchiliklar ko‘zga tashlangani ham ta’kidlandi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yangi nomzodni tanishtirdi, Farg‘ona tuman Kengashi deputatlari tomonidan nomzod bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va Hamidullo Inomov Farg‘ona tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Hamidullo Inomov / Farg‘ona viloyati hokimligi

So‘z olgan tuman faollari yangi hokim atrofida birlashishga va tuman rivoji uchun yanada ko‘proq mehnat qilishga tayyor ekanliklarini qayd etishdi.

Farg‘ona tumani hokimi lavozimida ish boshlagan Hamidullo Inomov bildirilgan ishonchni oqlashga va tumanning barcha sohalardagi ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash yo‘lida ish tashkil etishga so‘z berdi.

Hamidullo Inomov 1982 yilda Buvayda tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Farg‘ona davlat universitetini, 2020 yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Qo‘qon shahrida sud ijrochisi sifatida boshlagan. Turli yillarda «Universalbank»ning, shuningdek «Mikrokreditbank» Farg‘ona viloyat filialining yuridik xizmatlariga rahbarlik qilgan.

2017-2020 yillarda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lgan. 2020 yildan buyon Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Kadrlar ma’muriyatchiligi departamenti Davlat organlari va tashkilotlarida kadrlar ishini muvofiqlashtirish boshqarmasida yetakchi inspektor, bosh inspektor vazifalarida faoliyat yuritib kelgan.

Ma’lumot uchun, muqaddam Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlagan Shuhratjon Mo‘minov 2020 yil iyulida Farg‘ona tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Shuhratjon Mo‘minov / Foto: Farg‘ona tumani hokimligi matbuot xizmati

U 2022 yil sentabrida prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligidagi shov-shuvli yig‘ilishda ishdan olindi.

Mavzuga oid
Top