12:07 / 17.10.2022
9778
O‘zbekiston ichidagi “o‘lim fronti” – yo‘llardagi avtohalokatlarni kamaytirish uchun nima qilish kerak?

13 oktyabr – M-37A Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi aylanma avtomobil yo‘lining Samarqand shahar hududidan o‘tgan 37-kilometrida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ayanchli YTHda 5 kishi halok bo‘ldi.

10 oktyabr – Samarqand shahar Gagarin ko‘chasida odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi.

9 oktyabr – Toshkent shahri Maxtumquli ko‘chasidagi ayanchli yo‘l-transport hodisasi. Ikki kishi halok bo‘ldi yana bir necha kishi shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

4 oktyabr – Samarqand shahri Tong ko‘chasida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi.

3 oktyabr – Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi avtomobil yo‘lida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi.

2 oktyabr – Jizzax viloyati Zarbdor tumanidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida IIB xodimi halok bo‘lgan.

Bu O‘zbekistonda so‘nggi bir necha kunda yuz bergan avtohalokatlar. Bu raqamlarni yil hisobiga umumlashtirganda O‘zbekistonda masalan, 2021 yilda jami 10 ming 1 ta yo‘l transport-hodisasi sodir bo‘lgan va ularda 2436 kishi halok bo‘lgan.

Ammo, aniqki, hozir ham ko‘pchilik bu ma’lumotlarni shunchaki raqam, navbatdagi statistika sifatida, kiprik qoqmay o‘qimoqda.

Bu xuddiki turmushimizda oddiy holat, bo‘lib turishi kerak bo‘lgan ishdek qabul qilinmoqda. Xo‘sh, nega shunday? Nega bu kabi hodisalar jamiyatda oddiy holdek qabul qilinmoqda, nega bugungi madaniyatimiz shu darajaga kelib qoldi?

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda ro‘y berayotgan avtohalokatlar, haydovchilar madaniyati va avtohalokatlarga sabab bo‘layotgan boshqa sabablar tahliliga oid savollar bilan advokat, avtobloger Kamol Bahovuddinovga yuzlandi.

— Kamoliddin aka, avtohalokatlarning sabablari, bu boradagi raqamlar sohaga mas’ul organlar tomonidan tez-tez e’lon qilinadi. Masalan, tahlil qilinganda O‘zbekistondagi avtohalokatlarning 20 foizdan ortig‘i haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya qilmasligi – haydovchilik madaniyati yetishmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Ayting-chi, nega o‘zbekistonliklarda mana shu madaniyat o‘smayapti, xato qayerda? Yo‘llarda tezlik noto‘g‘ri belgilanganmi, jazo yumshoqmi, qattiqmi, nimada?

— Biz qoidaga amal qiladigan millatmizmi yoki uni buzishga moyil millatmi? Bizga xavfsiz harakatlanish kerakmi yoki yo‘q? Yo‘llardagi avtohalokatlarning qisqarishidan manfaatdormizmi yoki yo‘q? Ana shu savollarga javob topilgan kuni shahar ko‘chalarida tartib o‘rnatilganini ko‘rishingiz mumkin.

Avtohalokatlarning asosiy sababi millatimiz vakillarining nechog‘lik ana shu qoidalarga amal qilishni istash yoki istamasligida. Kunora avtohalokatlar haqida eshitib qolamiz. U ham kimnidir otasi, farzandi yoki jigari. Ana shunday paytlarda menda bitta savol tug‘iladi? Bu falokatning oldini olish mumkinmidi yoki yo‘q. Albatta, mumkin edi. Deylik, yaqinlarimiz oilamiz bor. Bu hayot bizniki, yaxshi kunlarni ko‘rish va sevib, sevilib yashash uchun tirik bo‘lishimiz kerak. Tirik yurish uchun esa ma’lum qoidalarga amal qilishimiz zarur.

Nima uchun qon bilan yozilgan yo‘l harakati qoidalariga amal qilgin deb birov bizni majbur qilishi kerak? Hayotimiz o‘zimiz uchun shirin emasmi? Nima uchun YPX xodimlari bizni kamar taqib yurishga majburlashi kerak? Nima uchun o‘zimiz ongli ravishda bunga amal qilmaymiz? Yo‘l harakatiga amal qilishni talab qilgan inson qolib, oqibat biz bilan ro‘y beradi-ku. Buning badalini esa o‘zimiz bilan birga boshqalar ham to‘lashga majbur bo‘lishadi. Qoidani kim buzdi-yu, badalini kim to‘ladi? Bu juda ham achinarli ahvol. Toki har bir inson, u xoh haydovchi bo‘lsin, xoh piyoda ostona hatlab ko‘chaga chiqa turib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni ko‘ngliga tugmas ekan, biz har yili yuqoridagi kabi hisobotlarni o‘qishda davom etaveramiz.

— Nima uchun odamlar belgilangan tezlikka amal qilishni o‘rganmayapti? Nima qilish kerak?

— Jazo choralarini keskin oshirish muammoga yechim bo‘lmasligi o‘z isbotini topdi. Nima uchun boshqa o‘rnak bo‘ladigan mamlakatlardagi amaliyotni o‘zimizda qo‘llay olmaymiz? Masalan, Finlandiya yoki Islandiya. Islandiyada o‘tgan bir necha yilda o‘lim bilan tugagan birorta YTH qayd etilmagan. Yoki Stokholmni olaylik. U yerda antiqa holat bor ekan. Ya’ni umuman qoida buzmagan haydovchilar avtomatik tarzda kameralarga muhrlanib, o‘ziga xos lotereya ishtirokchisiga aylanar ekan. Ushbu maxsus lotereyaning maxsus fondi bo‘lib, uning mablag‘lari belgilangan tezlikni buzuvchi haydovchilardan undiriladigan jarimalardan yig‘ilar ekan. Bu ham qoidani buzmagan haydovchilarga qandaydir rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham rag‘bat yo‘li bilan maqsadga erishish oson bo‘ladi. Faqat jazo usuli bilan maqsadga erishish mumkin bo‘lganda, bizda o‘lim bilan tugagan YTHlar soni keskin kamayishi kerak edi. Chunki jarimalarimiz mukammal, summa ham oz emas.

Bu usul qoida buzmaydiganlar uchun rag‘bat bo‘la olar, ammo buzadiganlar bilan qanday ishlash kerak?

— Shunday qoidabuzarliklar borki, qoidani buzgan odam bu jarimani bemalol to‘lay oladi. Bu qoidabuzarlik yopilgandan so‘ng, u keyingisi uchun bemalol o‘ziga yo‘l ocha oladi. Balkim biz mana shunday muntazam qoida buzuvchi haydovchilar uchun boshqa bir jazo turini tatbiq etishimiz kerak. U moddiy ko‘rinishda bo‘lmasin, balki haydovchilik guvohnomasidan yoki mashina haydash huquqidan vaqtinchalik chetlatish ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid
Top