21:16 / 18.10.2022
11027
«Bizda vaziyat og‘ir». Zelenskiyning ofisi ukrainlarni mamlakat bo‘ylab svet, suv va issiqlik o‘chishiga tayyor turishga chaqirdi
Foto: EPA

Ukraina fuqarolari butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti o‘chishiga tayyor turishi kerak. Bu haqda milliy telemarafon efirida Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko aytib o‘tdi.

«Bizda butun mamlakat bo‘ylab kritik vaziyat. Bir region boshqasiga bog‘liq. Butun mamlakatda elektr energiyasi ham, ichimlik suvi ta’minoti ham va issiqlik ta’minoti ham o‘chishiga tayyor bo‘lish kerak», — deya uning so‘zlarini keltirgan «Strana».

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 10 oktyabrdan buyon mamlakatda elektr stansiyalarning 30 foizi vayron qilingani va bu elektr energiyasida ommaviy uzilishlarga olib kelayotganini aytgandi. U tvitterida Kremlning bunday harakatlaridan keyin «Putin rejimi bilan muzokaralar uchun kenglik qolmagani»ni yozdi.

  • Rossiya 10 oktyabrdan buyon Ukrain shaharlarini yoppasiga o‘qqa tutib kelmoqda. Vladimir Putin bu zarbalar Qrim ko‘prigida 8 oktyabr kuni ro‘y bergan portlashga javob ekanini aytgan. RF mudofaa vazirligi faqat harbiy va energetika infratuzilmalariga zarba berilayotganini ta’kidlaydi, ammo aholi yashash uylari ham o‘qqa uchramoqda. Ukraina hukumati rossiyaliklar zarbasi oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar berib kelmoqda.
  • Britaniya razvedkasiga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning energetika tarmog‘iga keng ko‘lamli zarar yetkazishni maqsad qilgan. «Avgust oyidan Rossiya jang maydonida muvaffaqiyatsizlikka uchray boshlagach, ular, katta ehtimol bilan, endi Ukrainaning harbiy nishonlaridan tashqari fuqarolik infratuzilmalari ham ko‘proq zarbalar bera boshlaydi», — deyiladi Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top