17:12 / 18.10.2022
4450
Estoniya parlamenti Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat deb e’lon qildi

Estoniya parlamenti Riygikogu Ukraina hududining noqonuniy annexia qilinishini qoralab, Rossiya rejimini terroristik deb e’lon qilgan bayonotni qabul qildi. 

Foto: AP

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari va bosib olingan hududning noqonuniy annexia qilinishini keskin qoralagan Estoniya parlamenti Tallin tajovuz va soxta referendumlar natijasida Ukrainaning hududiy yaxlitligi buzilganini hech qachon tan olmasligini bildirdi

«Hech qachon huquqbuzarlik orqali haqiqatga erishib bo‘lmaydi. Yadro quroli bilan tahdid qilgan Putin rejimi Rossiyani ham Yevropa, ham butun dunyo tinchligi uchun eng katta tahdidga aylantirdi», — deyiladi Riygikogu matbuot xizmati bayonotida.

Boltiqbo‘yi mamlakati parlamenti Rossiya rejimini terroristik, Rossiya Federatsiyasini esa «harakatlariga birgalikda qarshi turish kerak bo‘lgan terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» deb e’lon qildi hamda xalqaro hamjamiyatni shunga o‘xshash deklaratsiyalarni qabul qilishga chaqirdi. 

Riygikogu Rossiya tomonidan egallab olingan Donetsk va Luhansk oblastlari hududlarida yaratilgan qurolli tuzilmalar va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasini terrorchi tashkilotlar deb tan olish zarurligini ta’kidladi.

Bundan oldin AQSh Senatiga Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim etilgandi. 

Iyul oyi oxirida AQSh Senati Rossiya hukumatini Chechenistondagi ikkinchi harbiy yurish paytida tinch aholiga qarshi terror va kuch ishlatish kampaniyasini amalga oshirganlikda, Suriyada zarbalar berganlikda hamda 2014 yildan beri Donbassda ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblab, majburiy kuchga ega bo‘lmagan rezolyutsiya qabul qildi.

Terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish Oq uyga, xususan, ushbu davlat aktivlarini muzlatib qo‘yish, shuningdek, u bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab turgan uchinchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beradi. AQSh bu maqomni to‘rtta davlatga bergan: Shimoliy Koreya, Kuba, Eron va Suriya. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning ushbu ro‘yxatga kiritilishini qo‘llab-quvvatlamayapti. 

Mavzuga oid
Top