08:01 / 18.10.2022
6246

Isroilda vaqtinchalik ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni oshkor etildi

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Isroilda vaqtinchalik ishlayotgan fuqarolar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar qilmoqda «Dunyo».

Qayd etilishicha, hozirga kunda Isroilda 9 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari vaqtincha ishlamoqda. Ularning aksariyati nogironlar va keksalar parvarishi bilan band.

Bildirilishicha, diplomatiya missiyasi har oyda yurtdoshlarimiz yashaydigan shahar va tumanlarda sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun sharoit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturi haqida so‘zlab berilmoqda.

Joriy yil iyul oyida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida Isroil mehnat bozori maxsus sektorlarida O‘zbekistondan ishchilarni vaqtincha ishga joylashtirish bo‘yicha bitim imzolangandi. Bu hujjat o‘zbekistonliklarni uyushgan holda ishga jalb qilish tizimiga asos soldi.

Fuqarolar bilan muntazam muloqot olib borish va ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, chet ellik ishchilar masalasi bo‘yicha Isroil davlat va nodavlat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda diplomatik vakolatxona tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ham zarur platformalar yaratilgan, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top