19:03 / 25.10.2022
23406
Dunyodagi eng kir odam 94 yoshida vafot etdi

Eronlik «Hoji amaki» yarim asrdan buyon yuvinmagan edi.

Foto: AP

Dunyoning eng iflos odami deb atalgan eronlik zohid 94 yoshida janubiy Fors viloyatidagi Dejgoh qishlog‘ida vafot etdi.

Mahalliy aholi orasida «Hoji amaki» nomi bilan mashhur bo‘lgan qariya qurilish chiqindilaridan yasalgan, kul bilan qoplangan kulbada yashagan va 60 yildan ortiq vaqt davomida cho‘milmagan edi. Qishloq aholisi so‘zlariga ko‘ra, u yoshligida «hissiy tushkunlikni» boshidan kechirgan, oqibatda yuvinishdan voz kechgan.

Bir kuni mahalliy aholi uni qishloq yaqinidagi daryoga cho‘milish uchun olib borgan. Lekin Hoji ularning nima qilmoqchi ekanini bilgach, mashinadan sakrab tushib, qochib ketgan.

2014 yilda Hoji yo‘lda topilgan ovqat qoldiqlarini yeb, hayvon najasi bilan to‘ldirilgan trubkani chekib, ozodalik kasallikka olib boradi degan fikrda yashayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shunga qaramay, bir necha oy oldin, qishloq aholisi uni cho‘milishga ko‘ndirishgan.

Hoji vafotidan so‘ng, «ifloslik» bo‘yicha norasmiy rekord umrining ko‘p qismida yuvinmagan hindistonlikka o‘tishi mumkin. Kailash «Kalau» Singh 22 yil oldin «savob umidida» cho‘milishdan bosh tortgan edi. 40 yoshida u ayollarga qarshi jinoyatlar, hududiy kelishmovchiliklar va hayvonlarni o‘ldirish davom etar ekan, cho‘milmaslikka qasam ichdi. Singh hozirgacha qasamini buzmay kelmoqda.

Mavzuga oid
Top