13:35 / 25.10.2022
8477

Germaniya prezidenti urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga keldi

Germaniya Kiyevga siyosiy, iqtisodiy va harbiy yordam berishda davom etadi, dedi Frank-Valter Shtaynmayyer Kiyevda. U nemislarni Ukraina ularning yordamiga qanchalik muhtojligini unutmaslikka chaqirdi.

Foto: AP

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Ukrainani Germaniya tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi. «Mening ukrainaliklarga murojaatim shu: biz nafaqat siz tomondamiz. Biz Ukrainaga iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordam ko‘rsatishda davom etamiz», - dedi Germaniya davlati rahbari 25 oktyabr, seshanba kuni ertalab Kiyevga yetib kelgach.

Shu bilan birga, Shtaynmayyerning ta’kidlashicha, uning nemislarga murojaati shunday: «Ushbu urush Ukrainadagi odamlar uchun nimani anglatishini, qancha azob va vayronagarchiliklar olib kelishini unutmaylik. Ukrainadagi odamlar bizga kerak». Germaniya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, «hozirda, dronlar, qanotli va boshqa raketalardan foydalangan holda havo hujumlari o‘tkazilayotgan davrda ukrainaliklarga birdamlik belgisini yuborish muhim». 

«Men qancha nemislar Ukrainadagi odamlarga hayrat bilan qarashlarini ko‘raman. Ularning jasorati va matonati nafaqat frontda, balki o‘qqa tutilgan shaharlar va qishloqlarda ham namoyon bo‘lmoqda», - dedi Shtaynmayyer. 

Tashrifi e’lon qilinmagan Frank-Valter Shtaynmayyer Kiyevga poyezdda yetib keldi. Kun davomida u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi, shuningdek, Rossiya aviazarbalaridan jiddiy zarar ko‘rgan hududlarga ham tashrif buyuradi. Shtaynmayyer 24 fevralda urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukrainaga tashrif buyurmoqda. 

Bahorda Germaniya prezidenti Kiyevga 12 aprelda kelishi rejalashtirilgan edi, biroq bu safar Ukraina tomoni tashabbusi bilan bekor qilindi. 20 oktyabrga belgilangan ikkinchi tashrif xavfsizlik nuqtayi nazaridan qoldirildi. Bundan bir necha kun oldin Rossiya Ukrainadagi infratuzilmaga yirik raketa zarbalari berdi, bu esa elektr va isitish tizimlariga jiddiy zarar yetkazdi. Kiyev ham raketa hujumlariga uchradi. 

Top