21:40 / 25.10.2022
28939

«Nord-Ost» teraktiga 20 yil. Javobsiz qolayotgan asosiy savollar

20 yil oldin Rossiya tarixidagi eng dahshatli teraktlardan biri sodir bo‘ldi – Moskvaning Dubrovka rayonidagi teatr markaziga hujum uyushtirildi.

Foto: ANTON DENISOV/TASS

2002 yil 23 oktyabr kuni qurollangan terrorchilar guruhi «Nord-Ost» musiqali spektaklining 900 dan ortiq tomoshabini va ishtirokchilarini garovga oldi. Oradan 3 kun o‘tgach, xavfsizlik kuchlari garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazib, «uxlatuvchi» maxfiy gaz ishlatdi. Terakt va shturm oqibatida garovga olinganlarning 130 nafari halok bo‘ldi, jangarilarning barchasi o‘ldirildi.

O‘tgan 20 yil davomida Dubrovkadagi markazda sodir bo‘lgan voqealar haqida son-sanoqsiz matnlar yozildi, hujjatli filmlar ishlandi. Terakt tafsilotlari sudlarda, shu jumladan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudida (IHeS) muhokama qilindi. Unda qurbon bo‘lganlarning yaqinlari Rossiya hukumati bilan sudlashdi. Shunga qaramay, Dubrovkada sodir bo‘lgan voqealar haqida hamon ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda.

Qurollangan jangarilar qanday qilib Moskva markaziga sezdirmasdan yetib borishdi?

Rossiya hukumati chechen dala qo‘mondoni Shamil Basayevni Dubrovkadagi terrorchilik harakati tashkilotchisi deb hisoblaydi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2002 yil yozida hujumni rejalashtirgan. Shuningdek, jangarilar nafaqat odamlarni garovga olishni, balki Moskvada bir necha portlash uyushtirishni ham rejalashtirgan.

Hujumni tashkil qilish dala qo‘mondoni Movsar Barayevga topshirilgan. Dubrovkadagi teraktdan ikki hafta oldin xavfsizlik kuchlari uning o‘ldirilgani haqida xabar bergandi.

Barayev bilan birga guruhga Abubakr nomi bilan tanilgan Ruslan Elmurzayev rahbarlik qilgan. Guruhda hammasi bo‘lib 50 dan ortiq odam bo‘lgan, ularning yarmi xudkush-terrorchi ayollar edi. Yana bir chechenistonlik Aslanbek Xasxanov portlashlarni uyushtirishga mas’ul bo‘lgan – uning guruhi Moskvaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va jangarilarni joylashtirish bilan shug‘ullangan.

Portlovchi moddalar va qurollar Chechenistondan Moskvaga KamAZ yuk avtomobillarida tashilgan, ular siqilgan havo ballonlari ichiga yashirilib, ustiga kartoshka (ba’zi manbalarda olma) yuklangan.

Avtomatlar, to‘pponchalar, granatalar va portlovchi kamarlar Leninskiy prospektidagi garaj kooperativida saqlangan. Barayev guruhi jangarilari ijaraga olingan xonadonlarga joylashtirilgan. Terrorchilar Moskvaga turli yo‘llar bilan yetib olishgan – aksariyati Xasavyurt-Moskva avtobusida.

Fotosurat markazida – terakt vaqtida Movsar Barayev va uning sheriklari. NTV muxbirlariga teatr binosiga kirishga ruxsat berilgan va ular Barayevdan qisqa intervyu olishga muvaffaq bo‘lishgan
Foto: TASS

Xasxanov guruhi Moskvada ikkita portlash uyushtirmoqchi bo‘lgan – Pokrishkin ko‘chasidagi «Makdonalds» kafesida va Chaykovskiy konsert zalida. Hujumning rejalashtirilgan sanasi turli manbalarda turlicha keltiriladi. Ayrimlar portlashlar 19 oktyabrda, Dubrovka hujumidan oldin bo‘lishi kerak edi, deb ta’kidlaydi. Boshqalar 24 oktyabr kuni, hujumdan keyin degan fikrda. Yana bir toifa portlashlar 7 noyabrda bo‘lishi kerak edi, deb hisoblaydi. O‘sha paytda bu sana Rossiyada rizolik va murosa kuni sifatida nishonlangan.

Portlash uyushtirish uchun terrorchilar ikkita mashina – VAZ-2108 va «Tavriya» sotib olishadi. Ikkinchisi 19 oktyabr kuni tushdan keyin «Makdonalds» yaqinida portlatildi, oqibatda 17 yoshli yigit halok bo‘ldi. Militsiya buni «jinoiy to‘dalarning o‘zaro kurashi» sifatida baholadi.

Chaykovskiy nomidagi konsert zali yaqinida mashinaga o‘rnatilgan bomba portlamay qolgan. So‘ngra portlovchi moddalar solingan ballon Barayev guruhiga beriladi, uni Dubrovkadagi zalga olib borishadi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, mashinalarni portlatishdan tashqari, bir guruh jangarilar Moskva markazida xudkushlik hujumlarini amalga oshirishi mumkin edi, ammo bu hech qachon sodir bo‘lmagan.

23 oktyabr kuni kechqurun jangarilar guruhi Lujniki yaqinidagi xalqaro avtobus bekatida uchrashib, uchta mikroavtobusga o‘tirishadi. So‘ngra Dubrovkadagi teatr markazi tomon yo‘l olishadi. Ular manzilga soat 21:00 dan keyin, «Nord-Ost» musiqiy spektakli boshlanganda yetib borishadi.

 Pokrishkin ko‘chasida joylashgan «Makdonalds» oldidagi portlash oqibatlari. Bu voqeadan so‘ng, xavfsizlik kuchlarining Moskvadagi vaziyatga e’tibori kuchayishi terrorchilarning «Nord-Ost»ni egallab olishiga to‘sqinlik qilmagan
Foto: FYODOR SAVINsEV/TASS

Bosqinchilar soqchilarni shoker bilan osonlikcha qurolsizlantirib, konsert zaliga bostirib kirishadi. Videolavhalarda niqob taqqan va kamuflyaj kiyimli odamlar spektakl o‘rtasida sahnaga yugurib chiqqani ko‘rinadi. Tomoshabinlar o‘rindiqlari orasidagi yo‘laklarda xudkush-terrorchilar paydo bo‘ladi. 900 dan ortiq odam garovga olinadi.

Tish-tirnog‘igacha qurollangan odamlar guruhi bir necha kun oldin «Makdonalds» kafesi oldida portlash yuz bergan bo‘lsa-da, Moskva markaziga sezdirmasdan qanday yetib borgani va buning uchun kim javobgarlikka tortilgani ma’lum emas. «Nord-Ost» voqeasidan ikki yil o‘tgach, Beslandagi terakt qurbonlari oilalari ham xuddi shunday savollarni berishadi.

«Nord-Ost»da garovga olinganlarni qutqarish uchun tashkil etilgan tezkor shtabni kim boshqargan?

Teatr binosi jangarilar tomonidan egallanganidan so‘ng, u yerga xavfsizlik kuchlari, garovdagilarning qarindoshlari va jurnalistlar oqib kela boshladi. Terrorchilar zudlik bilan Rossiya qo‘shinlarini Chechenistondan olib chiqish talabini qo‘yishgan.

Tez orada teatr markazi yaqinida bosqinchilar bilan muzokaralar olib borish va zarur holatda binoni shturm qilish vakolatiga ega tezkor shtab tuziladi.

«Novaya gazeta» ushbu terakt tafsilotlariga bag‘ishlangan maqolasida tezkor shtab tarkibini «katta sir» deb atadi. Shtabga rahbarlik qilgan va uning tarkibida bo‘lgan shaxslar ro‘yxati yo‘q – Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, barcha qog‘ozlar yo‘q qilingan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shtab Rossiya FXX rahbari o‘rinbosari Vladimir Pronichev tomonidan boshqarilgan. «Novaya gazeta» yozganidek, u shtabni ikkita guruhga ajratgan: garovga olinganlarga yordam berishi kerak bo‘lgan «fuqarolar» (uni Moskva meri Yuriy Lujkov boshqargan) va shturmga tayyorgarlik ko‘radigan «harbiylar».

Keyinchalik «Novaya gazeta» garchi o‘nlab odamlar halok bo‘lsa-da, garovga olinganlarni ozod qilish operatsiyasi uchun yopiq farmon bilan Pronichevga Rossiya qahramoni unvoni berilganini yozdi.

Dubrovkadagi teatr markazi xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olinsa-da, bir necha fuqaro uni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan
Foto: KONSTANTIN KIZHEL/TASS

Dubrovkadagi terakt xronikasi oradan 20 yil o‘tgan bo‘lsa ham, o‘ta betartib bo‘lgani haqida taassurot qoldiradi. Misol uchun, terrorchilar bilan muzokaralarda ishtirok etgan jurnalist Anna Politkovskaya garovdagilarga suv yoki sharbat sotib olish uchun jurnalistlar bilan o‘t o‘chiruvchilardan pul yig‘gani, ularni yaqin do‘kondan sotib olganini eslaydi.

Teatr markazi binosi xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘rab olingan bo‘lsa-da, tasodifiy odamlar uni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan. Ulardan kamida ikki nafari terrorchilar bilan aytishib qolgan va yakunda otib tashlangan.

Muzokaralar davomida garovdagilarning bir qismini ozod qilishga erishilgan. Muzokarachilar ham o‘zgarib turgan. Politkovskayadan tashqari, turli vaqtda Davlat dumasi deputatlari Iosif Kobzon, Aslambek Aslaxanov va Yevgeniy Primakov, rejissyor Stanislav Govoruxinning o‘g‘li Sergey, shifokor Leonid Roshal, Ingushetiya prezidenti Ruslan Aushev, «Qizil Xoch» xodimlari, NTV jurnalistlari, britaniyalik muxbir Mark Franketti va boshqalar ham terrorchilar oldiga kirib, muzokara o‘tkazishgan.

Teraktning 17 yilligi munosabati bilan katta hujjatli filmni suratga olgan jurnalist Katerina Gordeyeva (yaqinda Rossiya hukumati uni «xorijiy agentlar» ro‘yxatiga kiritdi) voqealarni shunday tasvirlaydi: «Mutlaqo tartibsizlik haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Muzokaralar bilan hech kim shug‘ullanmagandek tuyuladi. Kim xohlasa terrorchilar oldiga boravergan».

Qo‘shiqchi Iosif Kobzon (fotosuratda) jangarilar bilan muzokara o‘tkazib, ayol va uch bolaning: uning qizlari va o‘ziniki deb aytgan yana bir bolaning ozod qilinishiga erishgan
Foto: ANTON DENISOV/TASS

25 oktyabr kuni kechqurun, ya’ni bino egallab olinganidan ikki kun o‘tgach, Barayevga prezidentning Janubiy federal okrugdagi vakili Viktor Kazansev bilan uchrashuv va’da qilingan. Ammo bu amalga oshmaydi. 26 oktyabr kuni erta tongda xavfsizlik kuchlari teatr markazi binosiga uxlatuvchi gaz yuborib, shturmni boshlab yuborishadi.

Shtabning «fuqarolar» qismiga aloqador bo‘lgan odamlar shturm qanday kechishi va unda zaharli modda qo‘llanishi haqida hech narsa bilishmagan.

Nima uchun bu tafsilotlar juda muhim? Chunki, shturm oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlarning yaqinlari qutqaruv operatsiyasi qanday rejalashtirilgani va amalga oshirilganida aynan shtab rahbarlarini aybdor deb bilishadi.

2011 yilda IHeS 64 jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha qaror chiqardi. Unda tergovchilar «shifokorlar, qutqaruvchilar va harbiy xizmatchilarning harakatlarini muvofiqlashtirgan barcha mansabdorlarning shaxsini, shuningdek, ularga qanday yo‘riqnomalar berilganini aniqlay olmagani», tezkor shtabning ko‘pchilik a’zolari esa so‘roq qilinmagani alohida qayd etilgan.

25 oktyabr kuni garovdagilarning yaqinlari Chechenistondagi urushni to‘xtatishni talab qilib, Vasiliy Blajyenniy cherkovi oldida miting o‘tkazishdi
Foto: LYUDMILA PAKHOMOVA/TASS

Jabrlanuvchilar teraktdan keyin qutqaruv operatsiyasini amalga oshirgan xavfsizlik kuchlari xodimlariga nisbatan ish qo‘zg‘atishni talab qilishgan edi. Ammo, Moskva prokuraturasi ular «favqulodda vaziyatda» harakat qilganini hisobga olib, rad javobini berdi.

Hujum nima uchun boshlangan va unda qanday gaz ishlatilgan?

Hujum paytida xavfsizlik kuchlari ishlatgan gazning tarkibi bugungi kungacha sir bo‘lib qolmoqda. Keyinchalik, tergovning izoh berishicha, maxsus operatsiyani (shturmni) o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror garovga olinganlarning «hayoti va sog‘lig‘iga» tahdid bo‘lgani tufayli qabul qilingan. Terrorchilarning asosiy talabi – yaqin kelajakda qo‘shinlar Chechenistondan olib chiqilmasa, go‘yoki ular tomoshabinlar va teatr xodimlarini otib tashlashni boshlab yuborishar edi. Garovga olingan va omon qolganlar keyinchalik buni shubha ostiga qo‘yadilar.

Moskva prokuraturasi alohida ta’kidlaganidek, portlash yoki qatl paytida odamlarning ommaviy o‘limi «Rossiyaning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazar edi». Faqat 2018 yilda Vladimir Putin shturmga, shu jumladan gaz ishlatishga ham shaxsan o‘zi buyruq berganini, terrorchilar garovga olinganlarni go‘yoki Qizil maydonda otib tashlamoqchi bo‘lganini aytdi.

Vladimir Putin garovga olinganlar voqeasini FXX rahbari Nikolay Patrushev va ichki ishlar vaziri Boris Grizlov bilan muhokama qilmoqda
Foto: VLADIMIR RODIONOV/TASS

Gaz ixtirochisining ismini ham hech kim bilmaydi – «Novaya gazeta» noma’lum kimyogar xuddi Pronichev singari Rossiya qahramoni yulduzini olganini yozdi.

Dubrovkadagi teatr jangarilar tomonidan egallab olinganidan keyin, harbiylarning «Alfa» va «Vimpel» elita qismlari Kalujskayadagi «Meridian» madaniyat uyida shturmni mashq qilishadi – ikkala bino bir xil loyiha bo‘yicha qurilgan.

26 oktyabr kuni erta tongda Dubrovka teatr markazi binosiga ventilyatsiya orqali gaz yuborildi. Keyinchalik guvohlarning eslashicha, xudkush-terrorchilar portlovchi moslamalarni ishga tushirmagan, balki garovdagilar bilan polga yotishgan. Nega ishga tushirmagani noma’lum.

Gaz ta’sirida ba’zilar uxlab qolgan, biroq terrorchilarning bir qismi hushyor bo‘lgan va xavfsizlik kuchlari bilan otishma boshlangan. Ularning barchasi oxir-oqibat o‘ldirilgan (shunga qaramay, ulardan ba’zilarining shaxsi hozirgacha aniqlanmagan).

Shturmdan bir necha kun o‘tgach, Sog‘liqni saqlash vaziri Yuriy Shevchenko terrorchilarni zararsizlantirish uchun «fentanil hosilalariga asoslangan birikma» ishlatilganini aytdi, bu esa o‘limga olib kelmaydi. Bu haqda FXX Moskva departamenti tomonidan huquq himoyachisi Lev Ponomaryovga berilgan rasmiy javobda ham qayd etilgan. 2011 yilda Yevropa sudi qarorida ham xavfsizlik kuchlari gaz tarkibini hatto tergov idoralariga oshkor etmagani aytiladi.

Solsberidagi Britaniya ilmiy va texnologik xavfsizlik asoslari laboratoriyasi mutaxassislari 2012 yilda tadqiqot natijalarini e’lon qilishdi. Unga ko‘ra, aerozol tarkibiga ikkita kuchli opioid anestetik – karfentanil va remifentanil kirgan (lekin olimlar bu moddalarning aniq nisbatini aniqlay olmagan).

26 oktyabr kuni tongda maxsus kuchlar xodimlari shturmdan oldin. Foto: AFP

Jabrlanganlar va qurbonlarning yaqinlari qayta-qayta ta’kidlaganidek, gazning aniq tarkibini bilish garovga olinganlarga shturmdan so‘ng samarali tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bergan bo‘lardi.

Bundan tashqari, «Nord-Ost» shturmidan 20 yil o‘tgan bo‘lsa ham, sobiq garovga olinganlar zaharli moddalar oqibatidan – xotira, ko‘rish va bosh og‘rig‘i bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekmoqda. Agar shifokorlar ularga nima bo‘lganini bilsa, samarali yordam ko‘rsatish osonroq bo‘lishi mumkin.

Garovga olinganlar nimadan halok bo‘ldi – gazdanmi yoki malakasiz yordamdan?

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Dubrovkadagi terrorchilik harakati natijasida 130 kishi halok bo‘lgan – ularning aksariyati shturm boshlanganidan keyin. Ularning o‘limiga aynan nima sabab bo‘lgani – gazdan foydalanish, malakasiz yordam yoki shunchaki, noxush vaziyatlar kombinatsiyasimi, bu haqdagi bahslar bugungi kungacha davom etmoqda.

Hujumdan keyin garovga olinganlarni qutqarish videosi saqlanib qolgan. Unda maxsus kuchlar askarlari binodan odamlarni, ba’zilarini behush holda ko‘tarib olib chiqqanini, kiraverishdagi zinapoyaga yotqizganini, ba’zilari avtobuslarga, boshqalari tez yordam mashinalariga olib ketilganini ko‘rish mumkin.

«Agar shturm tugaganidan keyin, bunday tartibsizlik bo‘lmaganida, agar barcha jangarilar yo‘q qilingani haqida xabar berilganida, menimcha, ko‘p odamlarni qutqarib qolish mumkin edi», — deydi Sergey Goncharov, hujumda ishtirok etgan «Alfa» otryadi faxriylar uyushmasi prezidenti. - Bo‘g‘ilib qolayotgan odamlar birin-ketin, deyarli ustma-ust avtobusga yuklandi. Bu tibbiy me’yorlarga umuman javob bermaydi. Lekin tartibsizlik bilan shunday qilindi».

Garovga olinganlarning ba’zilariga maxsus kuchlar xodimlari tomonidan joyida antidot ukol qilingan, ammo Goncharov tushuntirganidek, garovga olingan 900 odamning har birining jismoniy xususiyatlarini hisobga olish ilojsiz edi.

2011 yilda IHeS Rossiya rasmiylarini «asossiz kuch ishlatish, garovga olinganlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatmaslik va terrorchilik harakatini yetarlicha samarali tergov qilmaslik»da ayblagan 64 nafar jabrlanuvchining shikoyatini qanoatlantirdi. Sud qarorida qayd etilishicha, evakuatsiya qilishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilmagan, tartibsiz bo‘lgan, tirik qolganlar va o‘liklar ajratilmagan, oqibatda ba’zilarga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

Maxsus kuchlar xodimlari garovdan ozod qilinganlarni teatr binosidan olib chiqmoqda. Ularning ba’zilari bino zinapoyasiga qo‘yilmoqda
Foto: ANTON DENISOV/TASS

Shu bilan birga, IHeS shturm boshlash to‘g‘risidagi qarorni qonuniy deb hisobladi, ammo qutqaruv operatsiyasining o‘zini noadekvat deb baholadi. Shuningdek, «xavfsizlik xizmati tomonidan halokatli kuch ishlatilishi va garovga olinganlarning o‘limi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik borligini, bunga sabab gaz ekanini» aniqladi. Sud Rossiyani Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 2-moddasini («Yashash huquqi») buzgan deb topdi.

Arizachilarga jami 1,3 million yevro miqdorida tovon to‘lashdan tashqari, IHeS Rossiya Federatsiyasiga qutqaruv operatsiyasining samarasizligi uchun javobgar bo‘lgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan tergov o‘tkazish majburiyatini yukladi (ammo bu Rossiya tomonidan amalga oshirilmadi).

IHeS qarorida jabrlanganlarga yordam berish uchun toksikologlar yetarli bo‘lmagani, qutqaruvchilar va shifokorlar gazdan foydalanish, uning xususiyatlari va davolash usullari haqida hech qanday ma’lumot va ko‘rsatmalar olmagani qayd etilgan. Sud shuningdek, qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan turli xizmatlar o‘rtasida muvofiqlashtirish markazi bo‘lmaganiga ham ishora qildi: ularda jabrlanganlarni taqsimlash bo‘yicha aniq reja ham, yetarlicha xodimlar ham yo‘q edi.

Masalan, «Nord-Ost» jamoat tashkiloti raisi vazifasini bajaruvchi Dmitriy Milovidov ekspertiza natijalariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning kamida 68 nafarida tibbiy yordam belgilari umuman yo‘qligini bir necha bor aytib bergan.

Rossiya rasmiylari voqealarning bunday talqiniga hech qachon qo‘shilmagan. 2003 yilda FXX tomonidan huquq himoyachisi Ponomaryov so‘roviga shunday javob berildi: «Garovga olinganlar sog‘lig‘ining yomonlashishiga maxsus retseptura oqibatlari emas, balki, stress, gipotoniya, bir joyda uzoq vaqt harakatsiz o‘tirish, tananing suvsizlanishi va ochlik kabi «o‘ta xavfli omillar» kombinatsiyasi sabab bo‘lgan».

Bu shturmdan keyin olingan eng mashhur fotosuratlardan biri. Unda ozod qilinganlarning ba’zilari hushsiz holatda ekani va tez yordam mashinalariga emas, balki avtobuslarga yuklanganini ko‘rish mumkin. Keyinchalik, IHeS noto‘g‘ri saralash tufayli ba’zi jabrlanuvchilarga tibbiy yordam ko‘rsatilmaganini aniqlagan. Foto: AFP

Vladimir Putin 2003 yilda Washington Post gazetasiga bergan intervyusida ham voqeani shunga o‘xshash tarzda izohladi: «Gaz zararli emas, zararsiz edi. U odamlarga zarar yetkaza olmasdi. Odamlar bir qancha salbiy holatlar qurboni bo‘lishdi – suvsizlanish, surunkali kasalliklar, o‘sha binoda qolishga majbur bo‘lishgani... Binoni shturm qilgan xavfsizlik xizmatini yoki tibbiy yordam ko‘rsatgan xodimlarni, shifokorlarni tanqid qilish oson».

Ammo, oradan 15 yil o‘tgach, Rossiya prezidenti fikrini o‘zgartirdi. U o‘zining 2018 yilgi saylovoldi kampaniyasi uchun suratga olingan «Putin» filmida voqealarni quyidagicha tasvirladi: «Afsuski, u yerda ko‘p odamlar halok bo‘ldi. Ular otishmadan emas, gazdan emas, balki harakatlarning uyushqoq emasligidan halok bo‘lishdi. Antidot yetarli edi, shunchaki ukol qilinsa kifoya edi. Kimgadir uch marta ukol qilindi, kimgadir biror marta qilinmadi. Biz yaxshilab tergov qildik, lekin bu sharoitda kimnidir jazolash qiyin: bu odamlar o‘limga tik yuzlanib borishgan edi».

Teraktda 14 yoshli qizidan ayrilgan Dmitriy Milovidov unga sirtdan e’tiroz bildirdi:

«O‘limga yuz tutib, oldinga borgan, o‘zlari ham zaharlangan jangchilar ortiga yashirinishga urinyapsiz. Yo‘q, janob Putin, shaxsan sizni ayblaymiz. Buyruqni bajargan va garovdagilarni qutqargan yigitlarga e’tirozimiz yo‘q».

Prokuratura talabiga binoan «Zashchita» butunrossiya tibbiyot markazi surishtiruv o‘tkazib, o‘z xulosasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, shturm paytida qo‘llangan gaz uchun maxsus antidot bo‘lmagan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, garovdagilarning ba’zilari «moddaning bir zumda o‘ldiradigan dozasini olishgan».

Nima uchun odamlar o‘limiga sabab bo‘lganlar sudlanmadi?

Dubrovkadagi teatr markazida halok bo‘lganlarning qarindoshlari ko‘p yillar davomida yaqinlari bilan aslida nima voqea sodir bo‘lganini bilishga harakat qilishmoqda. 2002 yilda Boris Nemsov (13 yildan so‘ng o‘ldirilgan) amaldorlarning shturm paytidagi harakatlarini tekshirishni talab qilgan, ammo rad etilgan edi.

Garovdagilar ozod etilgandan so‘ng, sud qilinadigan odamning o‘zi qolmadi – barcha terrorchilar maxsus operatsiya davomida yo‘q qilindi.

Bu faktning o‘zi ham savollar tug‘dirdi. Nega jangarilarning birortasi tiriklayin ushlanmadi, axir gaz oqibatida ba’zilari «uxlab qolishi» kerak edi-ku?

«Agar biz gaz yuborilganidan keyin ba’zilar mustaqil ravishda harakat qilib, zalni tark etgani haqida gapiradigan bo‘lsak, unda portlovchi moslamalari bo‘lgan 20 nafar xudkush-terrorchi ayoldan hech biri tugmani bosmasligiga kim kafolat bera olar edi? Yo‘q qilish haqida buyruq olgan askarlardan hech biri xudkushni o‘ldirish yoki tirik qoldirish masalasida ikkilanmaydi», deb tushuntiradi shturm ishtirokchisi Sergey Goncharov.

Shturmdan bir yarim yil o‘tgach, Moskvaga qurol yetkazib berishda yordamlashgan va «Makdonalds» oldidagi teraktga mas’ul bo‘lgan Aslanbek Xasxanov va uning sheriklari qo‘lga olindi. Oxir-oqibat Xasxanov 22 yilga qamaldi.

Ish bo‘yicha yana bir chechen Zaurbek Talxigov sudlandi. U terrorchilarga sheriklik qilganlikda ayblandi. Talxigovning o‘zi esa teatr binosi egallanganidan so‘ng Dubrovkaga borgani, xavfsizlik kuchlari undan bosqinchilar bilan aloqa qilishda vositachi sifatida foydalanganini ta’kidladi.

Halok bo‘lgan 130 odam ichida 10 nafar bola bo‘lgan. Fotosuratda Dubrovka teatr markazi oldida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan vaqtinchalik memorial. Foto: AFP

2003 yilda Shamil Basayev va Gerixan Dudayevga teraktni uyushtirganlikda, Xasan Zakayevga Moskvaga qurol yetkazib berish va jangarilarni joylashtirishni tashkil etganlikda sirtdan ayblov e’lon qilindi.

Basayev 2006 yilda Ingushetiyada o‘ldirildi, Dudayev hali ham qidiruvda, Zakayev esa faqat 2014 yilda hibsga olindi. 2017 yilda u 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo jabrlanuvchilar bundan norozi bo‘ldi – ular sud mansabdor shaxslarning harakatlarini tekshirishdan yana bosh tortganini aytishdi.

Jabrlanuvchilarning shikoyati bo‘yicha IHeS qarori 2012 yilda kuchga kirdi. Ammo Rossiya rasmiylari buni hamon bajarmagan – «Finogenov va boshqalar Rossiya Federatsiyasiga qarshi» ishi hali ham Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasining kuchaytirilgan nazorati ostida turibdi. Bu qo‘mita IHeS qarorlari bajarilishini nazorat qiladi. Qo‘mita veb-saytida aytilishicha, Rossiya rasmiylari «Nord-Ost» ishi bo‘yicha qaror ijro qilingani va ariza berganlarning barchasi sud tomonidan belgilangan kompensatsiyani olgani haqida oxirgi marta 2016 yil avgustida xabardor qilishgan.

Biroq arizachilar Yevropa sudi qaroriga zid ravishda qutqaruv operatsiyasi yuzasidan jinoiy ish ochilmaganidan shikoyat qilishgan.

2016 yil sentabr oyida qo‘mita Rossiya hisobotini o‘rganib chiqib, IHeS qarori bajarilmagan deb topgan. Shundan beri Moskva bu qarorni bajarish harakatlari to‘g‘risida qo‘mitani xabardor qilmagan.

Top