17:48 / 26.10.2022
8220

“G‘afur G‘ulom bog‘ining nomi o‘zgarmaydi” - Chilonzor tumani hokimligi

“Albatta, bu borada jamoatchilik fikri ham e’tiborga olinadi. Bog‘ oldin atalgan nomi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ bo‘lib qoladi”, dedi Chilonzor hokimining davlat tili masalalariga mas’ul maslahatchisi Botir Rasulov.

Chilonzor tumani hokimligi taqdim etgan videodan kadr

G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i nomi o‘zgarmaydi. Bu haqda Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Botir Rasulovning aytishicha, bog‘ning nomlanishiga rasman o‘zgartirish kiritilmagan.

Bog‘ nomini o‘zgartirish haqida Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha tuman komissiyasi nomiga ariza kelib tushmagan.

“Albatta, bu borada jamoatchilik fikri ham e’tiborga olinadi. Bog‘ oldin atalgan nomi G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘ bo‘lib qoladi”, – dedi hokim maslahatchisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bog‘ni 49 yilga ijaraga olib, uni rekonstruksiya qilgan kompaniya uni Dream Park deb atashga qaror qilgani ma’lum bo‘lgandi.

Aholi o‘rganib qolgan nomning inglizcha nomga almashishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgach, bog‘ ma’muriyati Kun.uz'ga izoh bergandi: Bog‘ nomiga “Orzular bog‘i” degan so‘z qo‘shilib, G‘afur G‘ulom nomidagi Dream Park yoki “Orzular bog‘i” deb ataladi.

Rekonstruksiya davomida bog‘ darvozasidan “G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i” degan yozuv olib qo‘yilgan. Ayni paytda bog‘ ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Top