10:32 / 26.10.2022
8544
Ukraina: «Vagner» gepatit va OIV bilan kasallangan mahkumlarni yollayapti

Ukraina razvedkachilariga ko‘ra, «Vagner» XHK jiddiy yuqumli kasalliklarga chalingan mahkumlarni urushga jalb qilyapti. Asirga olingan rossiyaliklar orasida gepatit C va OIV infeksiyasiga chalinganlar aniqlangan, deya qo‘shimcha qildi Kiyev.

Foto: Picture Alliance

«Gruppa Vagnera» xususiy harbiy kompaniyasi gepatit C va OIV infeksiyasi kabi jiddiy yuqumli kasalliklarga chalingan mahkumlarni Ukraina bilan urushga jo‘natyapti. Bu haqda 25 oktyabr, seshanba kuni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (BRB) bayonot berdi.

«Bu holat keng tarqalgan. Shu tariqa, OIV yoki gepatit C bilan tasdiqlangan yuzdan ortiq mahkum Leningrad viloyati Metallostroy posyolkasidagi birgina 5-sonli axloq tuzatish koloniyasidan "Vagner" XHKga safarbar qilingan», - deydi razvedkachilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, OIV bilan kasallangan jangchilarga qo‘mondonlik qizil brasletlar, gepatit C'ga ega bo‘lganlarga esa oq rangli brasletlar taqib qo‘yadi. Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi asirga olingan ruslar orasida bunday kasalliklarga chalingan odamlar aniqlanganini qo‘shimcha qildi.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, bu holat rus qo‘shinlarida keskinlikni keltirib chiqarmoqda, shifokorlar bunday kasalliklarga ega yaradorlarga yordam berishdan bosh tortmoqda. BRB idora bunday ma’lumotni qayerdan olganini ochiqlamadi.

Odamning immunitet tanqisligi virusi va gepatit C qon orqali, jumladan tibbiy asboblar yetarli darajada sterilizatsiya qilinmagan bo‘lsa, jinsiy aloqa orqali va onadan bolaga yuqishi mumkin.

Vagner XHKning Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtiroki haqidagi birinchi xabarlar iyun oyida, uchta yollanma jangchi Kiyev viloyatida tinch aholiga qarshi jinoyatlarda gumon qilingan paytda paydo bo‘lgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, «vagnerchilar» mart oyidan beri Ukraina sharqida rus armiyasi bilan birga jang qilgan. Iyul oyida Ukraina tomoni ushbu XHK a’zolarini Azovstaldan bo‘lgan ukrainalik asirlar saqlangan Olenivkadagi sobiq koloniya hududida sodir bo‘lgan portlashda aybladi.

Avgust oyida «Rus sidyashchaya» jamg‘armasi rahbari Olga Romanova DW nashriga mahbuslar Rossiya koloniyalari va tergov hibsxonalarida Vagner XHKga qanday jalb qilinayotgani haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh rahbari Yevgeniy Prigojin «shaxsan o‘zi ko‘plab hududlarni aylanib chiqyapti. U ularning tilida gapirib, o‘zi sudlanganini va jinoiy jasoratga ega ekanligini aytyapti». Huquq himoyachisiga ko‘ra, og‘ir jinoiy moddalar: odam o‘ldirishga suiqasd, badanga og‘ir shikast yetkazish, qurolli talonchilik, talonchilik bo‘yicha sudlangan shaxslarga ustunlik berilgan.

Sentabr oyida mahbuslardan birining xotini tufayli ular urushga majburan yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Londonda joylashgan Middle East Eye nashri ta’kidlashicha, Ukrainadagi og‘ir yo‘qotishlar tufayli vagnerchilar boshqa mamlakatlarda jadal ravishda jangchilar qidirishni boshlagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top