19:59 / 27.10.2022
17142

«Qachon farzandli bo‘lasizlar?» - Xitoyda amaldorlar yangi turmush qurganlarga qo‘ng‘iroq qilmoqda 

Xitoyda mahalliy hokimiyat vakili yangi turmush qurgan ayolga qo‘ng‘iroq qilib, qachon homilador bo‘lishini so‘ragani haqidagi voqea ijtimoiy tarmoqlarda o‘n minglab odamlarning muhokamasiga sabab bo‘ldi. 

Foto: Reuters

O‘tgan haftada Xitoy rahbari Si Jinping Kommunistik partiya qurultoyida mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish va aholining rivojlanish strategiyasini yaxshilashga qaratilgan siyosatni olib borishini e’lon qilgan edi. 

Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida qoldirilgan xabarga ko‘ra, Nankin shahridagi ayollar salomatligi xizmatida ishlovchi xodim yangi turmush qurgan ayolga qo‘ng‘iroq qilib, qachon homilador bo‘lmoqchi ekani bilan qiziqqan. U mahalliy hokimiyat mulozimlaridan biri «yangi turmush qurgan ayollar bir yil ichida homilador bo‘lishi kerakligini» aytgani va «ularga har kvartalda qo‘ng‘iroq qilishi» shartligi haqida topshiriq berganini ma’lum qilgan. 

Ijtimoiy tarmoqdagi bu post bir necha soat davomida o‘n minglab odamlar tomonidan muhokama qilinganidan so‘ng o‘chirib yuborilgan. Nankin mahalliy hokimiyati va Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi bu xabarga izoh bermagan. 

Ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan postga sharh yozgan ayollardan biri ham shunga o‘xshash voqeani tasvirlaydi. U o‘tgan yili turmushga chiqqanini va o‘sha paytdan beri mahalliy hokimiyatdan ikki marta qo‘ng‘iroq qilishganini aytdi. Birinchi marta undan foliy kislotasini qabul qilayotgani va homilador bo‘lishga tayyorligi haqida so‘rashgan. Ikkinchi marta qachon homilador bo‘lishi bilan qiziqishgan. 

«Siz turmush qurgansiz, nega hali ham homiladorlikka tayyorlanmayapsiz? Farzandli bo‘lishga vaqt toping», — deyishgan unga. 

Xitoy 1980 yildan 2015 yilgacha tug‘ilishni kamaytirish maqsadida, «bir oilaga – bir bola» siyosatini joriy qilgan edi. Shundan so‘ng, mamlakatning aholisi qisqara boshladi va qariyalarni pensiya bilan ta’minlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish masalasi xavf ostida qoldi. Xitoy ushbu siyosatning noto‘g‘ri bo‘lganini tan oladi. 

Statistikaga ko‘ra, bu yili Xitoyda tug‘ilish miqdori 10 milliondan ham pastga tushib ketishi kutilmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 10,6 millionni tashkil qilgan edi. 2020 yilda esa tug‘ilish darajasi 11,5 foizga pasaygani kuzatilgandi. 

Top