16:58 / 28.10.2022
15431

“Jahonda uzum bozoridagi o‘rnimizni yo‘qotyapmiz” - bog‘bon

O‘zbekiston salkam 50 ta davlatga uzum eksport qilyapti. Biroq, farg‘onalik bog‘bon Ixtiyor Niyozovning so‘zlariga ko‘ra, agar muayyan choralar ko‘rilmasa, kelgusida uzum eksporti qisqarib ketishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Farg‘onaning Rishton tumanida faoliyat yurituvchi bog‘bon Ixtiyor Niyozov bilan gilos yetishtirish bo‘yicha ham suhbat qurgandik. Uning uzumchilik haqidagi fikrlari ham diqqatga sazovor.

“Mutaxassislarimiz faqat mahalliy navlar bilan cheklanib qolishdi”

— Aslida uzum dunyo bo‘yicha eng ko‘p istemol qilinadigan uchta mevadan biri. Jahonda uzum savdosi yildan yilga o‘sib bormoqda.

Lekin dunyodagi eng yirik uzum yetishtiruvchi davlatlardan biri O‘zbekistonning jahon bozoridagi o‘rni qisqarib boryapti, hatto bizga joy qolmayapti. Buning isbotini ichki bozordagi arzon bo‘lib ketgan uzumlar narxidan xam bilish mumkin. To‘g‘ri, O‘zbekiston hozir ham arzonga bo‘lsa-da uzum eksport qilyapti. Lekin bu hozircha.

Xo‘sh, kelajakda-chi? Nega O‘zbekiston mevalar ichidagi eng muhim eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan uzumni asosan ichki bozorda va o‘ta arzon narxlarda sotyapti?

Sabablar bor. O‘zbekistonda uzumchilik sohasi mutaxassislari faqat mahalliy navlar bilan cheklanib qolishdi. Uzumchilikka iqtisoslashgan deyarli barcha adabiyotlarda faqat mahalliy uzumlar haqida ma’lumotlar joylangan. Go‘yoki boshqa uzum yo‘qdek. Yo‘q, men bu bilan mahalliy navlarni yomon demoqchi emasman. Lekin biz eksport haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, tizimda seleksiya qilish shart.

“Iste’molchilarning talabi o‘zgargan”

— Dunyoda uzum iste’molchilarining talabi o‘zgargan. Oddiy misol – bizning eng katta eksport bozorimiz Rossiyani olaylik. U yerda yosh avlod O‘zbekiston uzumini talab qilmaslikni boshladi. Chunki boshqa MDH davlatlari ular istagan uzumni yetishtirib sotishyapti.

Xo‘p, unda boshqa bozorga o‘tamiz, boshqa davlatga sotamizmi? Yo‘q. Dunyoning aksariyat davlatlaridagi iste’molchilarga noma’lum va eskirgan navlar qiziq emas.

O‘zbekistonda eng ko‘p tarqagan uzumlar ro‘yxatida qora kishmish va oq husayni yetakchi. Ketmonsopi va kelinbarmoq ham yuqori o‘rinda. Lekin bu navlar husaynining bir turi hisoblanadi. Jahon savdo rastalarida esa bu uzumlar “modadan qolyapti”. Faqatgina qora kishmish dunyo bozorida o‘rnini saqlab qolishi mumkin. Sababi, uning danagi yo‘q va qora mayizi sifatli chiqadi.

Bizda kelinbarmoq navli uzum bog‘lar barpo etish haliyam davom etmoqda. Danakli uzumga bundan keyin eksport bozorida “non” yo‘qligini anglash vaqti keldi. Bunday yangi bog‘lar ichida mahalliy aholi “Mersedes” deb ataydigan Tojikiston navi ham bor. Ha, u hozircha xaridorgir. Ammo kelajak rastalarida unga ham joy yo‘q. Rizamat navlari ham aynan shunday.

“Chet ellik xaridorlar ixchamroq boshli uzumlarni afzal ko‘ryapti”

— Bizda uzumchilik deyilganda bog‘bon qo‘liga katta shingilli uzum ushlab tushgan rasmini joylab maqtanishadi. Naqadar katta, bir necha kilogramm chiqadi bir boshi. Lekin bunday uzumni chet ellik iste’molchiga aslo ko‘rsatmang. O‘zi bizda uzumlar bir boshi o‘rtacha bir kg atrofida chiqadi. Ammo dunyo bizning tog‘amiz yoki amakivachchamiz emas. Ular katta boshli uzumni ko‘p xarid qilishmayapti. Jahon bozorida bir boshi 0,3 va 0,5 kg bo‘lgan uzumlar ommalashib boryapti. Bu xaridorga qulay. Bizning uzumlar esa jahon talablariga kattalik qilyapti.

Bugungi xorijiy iste’molchi shakari pastroq mevani talab qilmoqda. Bizning mevalar, ayniqsa uzumda shakar miqdori yuqori. Keyin xorijliklar uchun mevaning bog‘da yetilishi, tashish, saqlash, bojxona, logistika, umuman hamma jarayonlar qiziq.

“Uzumini yegin-u bog‘ini surishtirma” degan naql O‘zbekistonda amal qiladi xolos. Xorijlik xaridorlar hamma bosqichni surishtirishadi.

Qadoqlashdagi muammo ham katta rol o‘ynaydi. Xorijlik xaridorlar biologik parchalanuvchi idishni qadrlashadi. Biz hanuz asosan yelim qutida eksport qilyapmiz. Yelim esa chirimaydi, atrof-muhitga zarar. Yog‘och quti bilan ham muammoni yecha olmaymiz. Chunki uni tayyorlash uchun daraxt kesilgan, pul uchun tabiatga zarar yetkazilgan.

Muammo yechimi – urug‘siz uzumzorlarni ko‘paytirish

— O‘zbekistondagi 70 foizdan ko‘p bog‘lar urug‘li uzum bog‘lardir. Masalaning yechimi shu – yangi navlar!

Yangi navlarni keltirish esa katta muammo. “O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi” tashkiloti talablari sabab chetdan ko‘chat olib kirish qiyinlashgan. Lekin uddalasa bo‘ladi. U tashkilot xavotirini ham tushunsa bo‘ladi. Yangi navlar bilan yangi kasalliklar kirib kelish ehtimoli ortadi.

Demak, asosiy e’tiborni seleksiyaga qaratishimiz zarur. Hali ham kech emas. Urug‘siz uzumlarni ekib, jahon bozorida yo‘qolib borayotgan o‘rnimizni qayta tiklashimiz mumkin.

***

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 24 noyabrda prezident Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish mavzusida selektor o‘tkazgandi.

“Meva-sabzavotchilikda ham ko‘plab klasterlar tashkil etilgan. Lekin natijalar mavjud salohiyat darajasida emas. Masalan, bu tarmoqda eksport miqdorini hozirgi 1 milliard 200 ming dollardan 5 milliard dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu sohada hali qancha ish o‘rni, oylik, soliq bor. Ishni to‘g‘ri tashkil etib, meva-sabzavotchilikda yuqori natija qilish mumkin. “Oyog‘imizning tagida” imkoniyat turibdi”, – degandi davlat rahbari o‘sha yig‘ilishda.

Abror Zohidov

Top