11:37 / 29.10.2022
4354
AQSh Eronga qarshi yangi choralar haqida ogohlantirdi

AQSh Eronning «yomon niyatli faoliyati»ga qarshi kurashish uchun sanksiyalar va iqtisodiy bosimdan ko‘proq foydalanishga tayyor, deya ma’lum qildi Davlat departamenti.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar «Eronning g‘arazli harakatlariga qarshi turish», jumladan, Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) yetkazib berishda «sanksiyalar va boshqa iqtisodiy choralar doirasidan tashqariga chiqadigan vositalardan» foydalanishga tayyor. Bu haqda 28 oktyabr, juma kuni AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Prays brifingda aytib o‘tdi.

«Biz Eronning UUA texnologiyasidan kelib chiqadigan tahdidga e’tiborimizni qaratganmiz va bu borada qat’iy pozitsiyadamiz», dedi Prays va Eron dronlari Suriya, Iroqda Vashingtonning Yaqin Sharqdagi hamkorlariga qarshi, endi esa Ukrainada Rossiya tomonidan joylashtirilganini qo‘shimcha qildi.

«Biz oxir-oqibat o‘z manfaatimizga mos keladigan narsani qilamiz, ya’ni Erondan butun dunyo mamlakatlari va tashkilotlariga ushbu texnologiya oqimini to‘xtatish lozim», - deya qo‘shimcha qildi Prays qanday choralar haqida gapirayotganini aniqlashtirmay. «Biz hech narsani istisno qilmoqchi emasmiz. Bu zararli harakatlardan kelib chiqadigan tahdidni bartaraf etish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz», - dedi Prays.

Davlat departamenti matbuot kotibi AQSh qarshi kurashmoqchi bo‘lgan «Eronning zararli harakatlari» qatorida Tehronning terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashi, Eron yadro dasturi va ballistik raketalarni ishlab chiqishni ham tilga oldi.

Iyul oyida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Vashingtonda Tehronning Moskvaga bir necha yuztagacha uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berish rejalari haqida ma’lumot borligini aytgandi.

Oktabr oyida, Rossiya Ukraina fuqarolik infratuzilmasini faol ravishda o‘qqa tuta boshlaganida, zarbalarning muhim qismi kamikadze dronlari yordamida amalga oshirildi. Rossiya bular «Geran» rus dronlari ekanligini ta’kidlamoqda, Eron ham uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilishini rad etmoqda. Rasmiy Kiyev va NATO davlatlari aslida dronlar Eronning Shahed-136 qurilmasi ekanligini bildiryapti.

Mavzuga oid
Top