08:25 / 30.10.2022
60208
Onix va Damas, pulli yo‘llar va loukoster - hafta dayjesti

O‘zbekiston bo‘ylab arzon samolyot chiptalari, ishlab chiqarish 3 barobarga ko‘payadigan 1996 yilgi Damas, bir-biriga budjet pulidan qimmatbaho mashina sovg‘a qilayotgan amaldorlar - yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari Kun.uz dayjestida.

Onix, Damas va yiliga millionta mashina: UzAuto Motors rejalari

Internetda tarqalgan va feyk deya rasman rad etilgan xabarlarning oxir-oqibatda qisman rost bo‘lib chiqishi – kam bo‘lsa ham, uchrab turadigan holat. O‘tgan yili Chevrolet Onix avtomobili narxi 13 ming dollar bo‘lishi haqida tarqalgan xabarni UzAuto Motors rad etgan edi. Kompaniya direktori bu yangi modelning narxi 9 ming dollardan boshlanib, 12 ming dollargacha bo‘lishini aytgandi.

Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, 13 ming dollar degan mish-mish rost bo‘lishi mumkin. Ayrim manbalarga ko‘ra, Onix'ning eng arzon komplektatsiyasi narxi 150 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Bu – hozirgi kursda taqriban 13 350 dollarga teng.

Chevrolet Onix / Foto: UzAuto Motors

Chevrolet Onix uchun shartnomalar noyabr oyidan berila boshlashi, ilk mijozlarga avtomobillar keyingi yil boshida yetkazib berilishi aytilmoqda. Bu haqdagi xabarni “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati Kun.uz'ga tasdiqlamadi, lekin inkor ham etmadi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, 90 ot kuchiga ega, 1,2 litr dvigatel bilan jihozlangan avtomobil 6 xil komplektatsiyada taklif etilishi, ulardan uchtasi mexanik, uchtasi avtomatik uzatmalar qutisiga ega bo‘lishi mumkin.

UzAuto Motors avgust oyi oxirida yangi Tracker sotuvini ham boshlagan edi. Tracker va Onix'ni ishlab chiqarish boshlanishi bilan, shu yil oxirida Spark va Nexia ishlab chiqarish to‘xtatilishi e’lon qilingan. Shu tariqa, faqat avtomat uzatmali varianti 127 mln so‘m yoki 11 300 dollardan sotilayotgan Cobalt “O‘zavto”ning eng arzon sedaniga aylanadi.

Undan arzonroqqa salondan faqat Damas xarid qilish mumkin. Kompaniya 26 yillik bu qadrdon modelini ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirmoqchi. Shu hafta berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, UzAuto yiliga 150 ming dona Damas ishlab chiqarish niyatida. Asakaga kelgan General Motors delegatsiyasi bilan bu borada shartnoma imzolandi. Bundan tashqari, Cobalt ishlab chiqarishni ham xuddi shunchaga oshirishga kelishib olindi.

“O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umrzoqov va General Motors International prezidenti Shilpan Amin / Foto: UzAuto Motors

E’tiborlisi shundaki, yiliga 150 mingta Damas va 150 mingta Cobalt – bu hozirgi holatda kichkina raqamlar emas. Taqqoslash uchun, 2022 yilning birinchi yarmida UzAuto Motors hamma modellarni qo‘shib hisoblaganda jami 160 mingta avtomobil ishlab chiqargan. Bu bilan kompaniya o‘z rekordini yangilagan edi.

Umuman, Asaka shahriga GM delegatsiyasining tashrifi vaqtida ancha katta rejalar haqida gapirildi. Masalan, 2023 yilning o‘zida ishlab chiqarish quvvatini 500 ming donaga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uzoq kelajakda esa yiliga 1 million dona avtomobil ishlab chiqarish reja qilinyapti.

Bu yerda gap avtomobillarni “yig‘ish” emas, rasman “ishlab chiqarish” haqida ketayotgan bo‘lsa ham, unutmaslik kerakki, mashinalar detallarining juda katta qismi haligacha import qilinadi. Masalan, 2019 yilda tasodifan ochilib qolgan ma’lumotga ko‘ra, biz yuqorida aytgan Damas'ning 965 ta detalidan 642 tasi, ya’ni uchdan ikki qismi chet eldan olib kelinadi. Lacetti'ning mahalliylashtirish darajasi esa 2019 yilda atigi 38 foiz bo‘lgan.

Pulli yo‘llar va ichki parvozlar uchun loukoster

Toshkentdan Samarqand va Andijon shaharlariga olib boradigan pulli yo‘llarni 2026 yilgacha qurib bitirish reja qilinyapti. Bu haqda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov ma’lum qildi.

Bozorovning aytishicha, Samarqand va Shahrisabz orasida 66 kmlik avtomobil yo‘li qurish masalasi ham kun tartibida turibdi. Taxtaqoracha dovonida 4,4 kmlik pulli tunnel qurilishi ham mumkin.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent xalqaro aeroporti va boshqa aeroportlarni modernizatsiya qilish va xususiy kompaniyalarga boshqaruvga berish masalasi ham bor. Bu loyihalar bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan hujjatlarni tayyorlash va o‘rganish ishlari olib borilyapti.

Hafta davomida ichki aviaqatnovlar bo‘yicha ham yangiliklar paydo bo‘ldi. Prezident qaroriga asosan, 2023 yil mart oyidan boshlab Samarqand–Nukus, Samarqand–Mo‘ynoq, Samarqand–Termiz, Buxoro–Termiz, Namangan–Termiz va Namangan–Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlarni boshlash belgilandi.

Bu qarorga binoan, Shahrisabz, Sariosiyo va Zomin aeroportlariga ham aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Zominga boruvchilar uchun “Afrosiyob” poyezdi ham xizmat ko‘rsata boshlagandi. Ya’ni 17 oktyabrdan boshlab Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi tezyurar poyezd Jizzax shahridan tashqari, Zomin tumanidagi Dashtobod shaharchasida ham to‘xtab o‘tadigan bo‘ldi.

Aviaqatnovlar mavzusiga qaytsak. Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekistonda ichki yo‘nalishlardagi parvozlar uchun Silk Avia nomli yangi aviakompaniya ochilgan. Uzbekistan Airpors tomonidan asos solingan kompaniya ichki turizmni rivojlantirishga yordam berishi, keyinroq esa xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Kompaniya yaqinda atlas mato asos qilib olingan o‘z livreyasini namoyish etdi.

Foto: Silk Avia

Silk Air loukoster bo‘lishi, ya’ni mijozlarga cheklangan qulaylik evaziga arzonroq narxlar taklif etishi kutilyapti. Uzbekistan Airpors matbuot xizmatining bizga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ichidagi parvozlar uchun chiptalar narxi 180 ming so‘mdan 335 ming so‘mgacha bo‘lishi belgilanyapti. Albatta, yuqorida aytib o‘tilgan avtosanoatdagi holatlarni e’tiborga holda, bu hozircha mo‘ljal qilinayotgan, rasman tasdiqlanmagan narxlar ekanini unutmaymiz.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning shu hafta Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, Silk Air sotib olayotgan birinchi uchta samolyot shu yil oxirigacha olib kelinadi va parvozlar boshlanadi. Prezident qaroriga asosan, 2024 yil oxirigacha esa yana 9 ta samolyot sotib olish reja qilingan.

Uch yil ichida xarid qilinadigan 12 ta samolyotning barchasi qisqa masofalarga uchishga mo‘ljallangan ATR rusumli samolyotlar bo‘ladi. Bu samolyotlar hozir foydalanilayotgan Airbus A320'ga qaraganda to‘rt barobar kamroq yoqilg‘i sarflaydi, shunga yarasha o‘rtacha 70 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Mahalliy loukoster 3 yilda O‘zbekistonning deyarli hamma shaharlarini qamrab olib, jami 54 ta yo‘nalishda parvozlarni yo‘lga qo‘yishni mo‘ljal qilyapti. Ular orasida Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari ham bo‘lishi mumkin.

Tramvay haqidagi gaplar puch bo‘lib chiqdimi?

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbirining Toshkentga tramvay qaytishi haqidagi savoliga ham javob berdi. Bu javobdan ma’lum bo‘ldiki, tramvay haqidagi bayonotlar u qadar jiddiy emas. Vazir tramvay masalasida shahar bosh rejasi mualliflari bilan maslahat qilinishini aytish bilan cheklandi. Bosh reja mualliflari esa tramvayni qaytarmoqchi emas. Ular buning o‘rniga tezyurar avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo‘laklari tashkil etishni afzal ko‘ryapti.

Loyihachilar tramvayni rad etayotganiga sabab sifatida uning qimmatligini ko‘rsatishyapti. Ularning hisob-kitoblari bo‘yicha, 1 km tramvay yo‘lini qurish 12 mln yevroga tushadi. Bundan kelib chiqadiki, bir necha yillar oldin shahardagi o‘nlab kilometr tramvay yo‘llari buzib tashlanganida, milliardlab dollarlik infratuzilma shunchaki yo‘q qilib tashlangan.

Jamoat transport turlarini rivojlantirish qiymati yuzasidan Toshkent shahrining bosh rejasi mualliflarining hisob-kitoblari

Jamoatchilik faollarining fikricha, gap Toshkentning uzoq yillik bosh rejasi haqida ketarkan, tramvayni qimmat deyish bilangina undan yuz o‘girishga shoshilmaslik kerak. Bu transport turi metroga qaraganda bir necha barobar arzon, avtobusga qaraganda ancha ko‘proq yo‘lovchi tashiy oladi. Qolaversa, tarkibning ekspluatatsiya muddati avtobuslarnikidan ikki barobar uzoqroq. Avtobuslar va elektrobuslarning havoni ifloslantirishi ham aslida pul turadi: shahar aholisining davolanish xarajatlari, insonlar kasallanishidan iqtisodiyot ko‘radigan milliardlab zarar qiymati hisobga olinishi kerak.

Metroda bomba haqidagi hazil uchun – 5 sutka

Toshkentda metroga tushayotgan vaqtda, sumkasida bomba borligini aytib hazillashgan qiz 5 sutkaga qamaldi. Metroning “Alisher Navoiy” bekatida ro‘y bergan voqea hafta davomida eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri bo‘ldi.

19 yoshli qizning aytishicha, kayfiyati yaxshi bo‘lgani uchun sumkasini ko‘rsatishni so‘ragan ichki ishlar xodimlariga hazil qilib, unda bomba borligini aytgan. Shundan keyin hudud zudlik bilan o‘rab olingan va maxsus guruhlar chaqirilgan. Sumka tekshirilganida undan portlovchi moslama topilmagan, qiz esa ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Foto: IIV Axborot xizmati

“Metallodetektor yordamida tekshirilganida, detektor signal bergan. Xodim qizdan “sumkaning ichida nima bor” deb so‘ragan. Hazillashyaptimikin deb gumon qilgani uchun ham ikki marta so‘ragan. Ikkinchi marta so‘ralganda ham qiz takroran “bomba bor” degani uchun navbatchilik qismiga axborot berilgan”,dedi Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hasan Haydarov.

Shayxontohur tumani sudi qizning harakatlarini “mayda bezorilik” va “maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish” deb topdi va uni 300 ming so‘m jarimaga tortib, 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildi. Ijtimoiy tarmoq faollari yosh qizga o‘ylamay qilgan ishi uchun haddan tashqari qattiq jazo berilganini ta’kidlab chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil avgust oyida Toshkentda metro bekatlarini qo‘riqlovchi xodimlar soni ko‘paytirilib, bekatlarning ustki qismidagi postlar faoliyati tiklandi. Bu nazorat postlari 2018 yilda olib tashlanib, faqat bekatning ichidagi xodimlar qoldirilgandi. Oradan uch yil o‘tib, metroga kirayotgan odamlar yana avvalgiday bir emas, ikkita postdan o‘tishiga to‘g‘ri kelyapti.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” qonun qabul qilinmoqda

O‘zbekistonda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunchilik palatasidan o‘tgan hujjatni endi Senat ko‘rib chiqishi kerak. Yangi qonun davlat tizimida tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilikka qarshi kurashish uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning aytishicha, agentlik davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq minglab holatlarni aniqlagan. Bular ko‘proq davlat xaridlari bilan bog‘liq. Ya’ni milliardlab so‘mlik davlat buyurtmalari davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalarga berilyapti.

Albatta, tegishli qonunning qabul qilinishi bilan u yetarlicha ishlashi uchun jiddiy siyosiy iroda kerak bo‘ladi. Hozircha, 8 avgust kuni imzolangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun ham minglab davlat xizmatchilariga tegishli signal bo‘la olmadi. 8 noyabrda kuchga kiradigan bu qonunga binoan, davlat ishida ishlaydiganlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Lekin, Aksilkorrupsiya agentligi sentabr-oktyabr oylarida 10 ta viloyatda o‘tkazgan tekshiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, bu viloyatlarda kamida 1378 nafar davlat xizmatchisi hali ham rasman biznes bilan shug‘ullanyapti.

Ulardan 138 nafari – hokim va hokim o‘rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o‘rinbosarlari, 1092 nafari esa hokim yordamchilari. Qonun bo‘yicha ular 8 noyabrgacha yo biznesini, yo davlat ishini tanlashi kerak. Nega shoshilishmayotganini tushunsa bo‘ladi, chunki qonun bo‘lgani bilan, hozircha javobgarlik ham, qat’iy talab ham yo‘q.

Hokim hokimga qonunchilikni buzib, qimmatbaho mashina olib bermoqchi bo‘ldi

To‘ra Bobolov o‘tgan yili yangi o‘rinbosari va maslahatchisiga ham Skoda Kodiaq olib bergandi. / Foto: Skoda

Hokimlar va ularning o‘rinbosarlari – doim trenddagi odamlar. Bu hafta ham ular matbuot sarlavhalarida eng ko‘p esga olingan kishilar bo‘ldi. Avvaliga, dushanba kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning ham qonunchilikka, ham vijdonu-insofga zid qarori bekor bo‘ldi. U Bandixon tumani hokimi minishi uchun Skoda Kodiaq mashinasini sotib olishga 429 mln so‘m ajratish haqida farmoyish chiqargan edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bunga qarshi chiqib, farmoyishni bekor qildirdi.

Gap shundaki, amaldagi tartibga binoan, tuman hokimlari uchun sotib olinadigan xizmat mashinalarining narxi bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobaridan oshmasligi kerak. Bu miqdor hozirgi kunda 300 mln so‘mga teng. Bobolov esa qo‘l ostidagi tuman hokimiga 429 mln so‘mlik “Shkoda” olib bermoqchi edi.

Surxondaryo hokimi prezidentning mart oyidagi topshirig‘ini ham allaqachon esidan chiqarib yuborgan ko‘rinadi. Shavkat Mirziyoyev bahordagi selektorlardan birida budjet xarajatlarini qisqartirish uchun yil oxirigacha hokimlar va vazirlarga bino ta’mirlash, avtomobil yoki mebel sotib olish kabi ikkinchi darajali xaridlardan tiyilishni buyurgan edi.

To‘ra Bobolov yana bir narsadan bexabar bo‘lishi mumkin. Uning viloyatida yashovchi fuqarolar “Tashabbusli budjet”ga hammadan ko‘p taklif kiritgan. Ya’ni minglab odamlar elementar sharoitlar – ichimlik suvi, yo‘l, svet va maktab muammolari uchun ovoz to‘plab yurgan paytda, viloyat rahbari 429 mln so‘m budjet pulini “inomarka”ga ishlatmoqchi bo‘ldi.

1 trillion so‘mlik “tajriba”

Piskent tumani hokimi Rahimjon Rixsiyev noodatiy eksperimenti bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Gap shundaki, u onlayn auksion orqali Ohangaron tumanidagi salkam 400 gektarlik yaylovni 1 trillion so‘mga ijaraga olgan. Bu holat internetda tarqalib ketgach, Rixsiyev videomurojaat bilan chiqib, yaylovni ijaraga olish niyatida bo‘lmagani, onlayn auksion tizimidagi muammoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun unda qatnashganini aytdi. Hokim auksion saytida taklif qilish mumkin bo‘lgan eng katta summa – 999 mlrd 999 mln 999 ming so‘mni yozib ko‘rgan va tabiiyki, g‘olib chiqqan. Auksion natijasi bekor qilinishini kutilyapti.

Piskent hokimining o‘tkazgan tajribasini noqonuniy deb bo‘lmaydi va bu jiddiy tanqidga sabab bo‘lolmasligi mumkin edi balki. Lekin shu bahona uning boshqa bir noqonuniy harakati ochilib qoldi. Gap shundaki, Rahimjon Rixsiyev auksionda yer ijaraga olganidan bir hafta o‘tib, “Animals Service” nomli agrokorxonani ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ya’ni rasman tadbirkorlik sub’yektini ochgan. Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik qilish taqiqlangani haqida esa yuqorida aytib o‘tdik.

Hokimlarga aloqador boshqa xabarlarni qisqaroq qilib aytib o‘tamiz. O‘tgan hafta dayjestida so‘z yuritganimiz Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov yana qamoqqa olindi. U avvalroq hibsga olingan, lekin shahar sudi uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlashga rozi bo‘lmaganidan keyin uy qamog‘iga o‘tkazilgandi. Bunga ko‘nmagan prokuror sud qarori ustidan arz qilgan va viloyat sudi uning arzini qanoatlantirgan. Eslatib o‘tamiz, Qarshi shahrini uch yil boshqarib, 2019 yilda ishdan olingan Fozilov jinoiy sheriklari bilan 54 ta holatda yer sotganlikda ayblanyapti.

Jamshid Fozilov / Foto: Facebook

Shu hafta yer sotish jinoyatida ayblanayotgan hokimlik mansabdorlari soni yana bittaga ko‘paydi. Urganch tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan ushlandi. U fermer xo‘jaligi uchun yer ajratib berish evaziga o‘z uyida 43 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Gazdan uzilgan issiqxonachilar va metan-shoxobchalarni tekshirish topshirig‘i

O‘zbekiston bo‘ylab issiqxonalarning gazdan uzilgani va qayta ulangani – butun hafta davomida deyarli har kuni yangilik chiqib turgan mavzu bo‘ldi. Sovuq tushishi bilan tabiiy gazni birinchi navbatda aholiga berishni ko‘zlagan energetiklar issiqxonalarga gaz uzatishni to‘xtatib qo‘ydi va noroziliklardan keyin bu harakatlari uchun javob beradigan bo‘ldi.

Eksportchi-tadbirkorlar yetishtirgan hosillari nobud bo‘lishi, rasmiylar aytayotgan ko‘mirga o‘tish esa tezda bo‘ladigan ish emasligini aytib e’tiroz bildirdi, ularning murojaatlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Shu bilan birga, turli viloyatlardan bo‘lgan tadbirkorlar Telegram'da guruh ochib, jamoaviy murojaat bilan Toshkentga borishga kelishib olishdi va Vazirlar Mahkamasi binosi oldida yig‘ilishdi. Buning uchun ular ichki ishlar organlariga chaqirilgan bo‘lsa ham, oxir-oqibatda o‘zlari uchun ijobiy natijaga erisha oldi.

Foto: Kun.uz

Tadbirkorlarni Toshkentda bosh vazirning ikki o‘rinbosari qabul qildi. Ko‘p o‘tmay masalaga shaxsan prezident ham aralashib, muammo bilan darhol shug‘ullanishga topshiriq berdi. Shu kunning o‘zida qator issiqxonalarga gaz ta’minoti tiklandi.

Shu bahona tabiiy gazdagi katta o‘g‘riliklar muammosi ham ochildi. Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov metan-shoxobchalarning gaz o‘g‘irlashi masalasida reviziya boshlash talabini qo‘ydi. “Hammasini ko‘taring, “zapravka”niyam, boshqasiniyam. Vallomat bo‘lmaydimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar. O‘g‘irlagan gazini tiyinigacha tiklatamiz”, – dedi administratsiya rahbari.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Ko‘ksaroyda / Foto: Prezident matbuot xizmati

Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Shundan keyin Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Muzokaralarda O‘zbekiston tomoni Yevroittifoqni Markaziy Osiyoga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi. Mehmonlar esa inson huquqlari va so‘z erkinligiga urg‘u berdi. Muzokaralar 17-18 noyabrda Samarqandda bo‘ladigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” vazirlar uchrashuvida davom etadi, bu sammitga ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel keladi.

11 noyabr kuni Samarqandda yana bir xalqaro tadbir – Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, hozirda turkiy davlatlarning yagona alifbosini yaratish masalasi muhokama qilinyapti. Buning uchun tashkilot qoshida Yagona alifbo yaratish komissiyasi tuziladigan bo‘ldi.

Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon o‘z dasturlaridan birida O‘zbekistonda Eron dronlari yig‘ilayotganini aytib, shov-shuvga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni buni inkor etib bayonot tarqatgach, Gordon O‘zbekistonni Tojikiston bilan adashtirib yuborganini aytdi va uzr so‘radi. Eslatib o‘tamiz, Rossiya sentabr oyidan beri Ukrainada Eron dronlaridan foydalanyapti. May oyida Tojikistonda fors dronlarini yig‘ish boshlangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Rossiyaning Mordoviya respublikasidagi 17-sonli koloniyada saqlangan yuzdan ortiq mahkum, xususan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari ham “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan Ukrainadagi urushga yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Oryol shahrida esa chiqindini qayta ishlash korxonasida ishlayotgan 28 nafar o‘zbekistonlikka chaqiruv qog‘ozi keldi. O‘zbekiston diplomatlari aralashuvi bilan ular urushdan olib qolindi. Juma kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu RF prezidenti Vladimir Putinga qisman safarbarlik tugagani haqida axborot berdi. Lekin Putin hozircha safarbarlikni tugatish haqida biror hujjatni imzolagani yo‘q.

Toshkentda G‘afur G‘ulom bog‘ini ijaraga olgan tadbirkor bog‘ni “Dream Park” yoki “Orzular bog‘i” deb atashga qaror qildi. Odamlarning e’tirozidan keyin hukumat vakillari tadbirkor bilan uchrashdi va bog‘ nomi o‘zgarmaydigan bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirzo Ulug‘bek nomidagi bog‘ga Central Park, Milliy bog‘ning bir qismida tashkil etilgan istirohat maskaniga Magic City degan inglizcha nomlar berilgandi.

Mavzuga oid
Top