09:11 / 31.10.2022
1980
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar Qozog‘istondagi davlat xaridlarida ishtirok etishni boshlaydi

O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Ostona shahrida Qozog‘iston hukumat a’zolari, asosiy vazirlik va idoralar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida o‘zaro sheriklik yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.

Qozog‘iston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar bilan energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik tarmog‘i, sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon sanoati, transchegaraviy suv havzalarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini (XSKM) tashkil etish, qo‘shma investitsiya loyihalarini, Qozog‘istonga yuqori darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» bilan tasdiqlangan umumiy qiymati 3,3 milliard dollarlik 34 ta loyiha va 37 ta yangi 2,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida loyihalar texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash va kelgusida hayotga joriy qilish, istiqbolli investitsiya loyihalarini XSKM hududida joylashtirish yuzasidan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bosh vazir o‘rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin bilan suhbatda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy va mintaqaviy transport-logistika yo‘laklarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Qozog‘istondagi davlat xaridlarida ishtirok etishi, ikki mamlakat eksportyorlari tomonidan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni soddalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Top