17:00 / 01.11.2022
6943
“O‘zbekneftgaz”: Statistika va Soliq qo‘mitalari bilan integratsiya qilingan avtomatlashtirilgan “komplayens nazorat” dasturi orqali manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yilmoqda

Mamlakatimizda oxirgi besh yilda raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bunga asosiy omil bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha sohalarda raqamlashtirishga doir chiqarilayotgan farmoyish va qarorlari xizmat qilmoqda va katta ahamiyat kasb etmoqda. Bugun raqamli O‘zbekiston, raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat, avtomatlashtirish kabi so‘zlarni keng qo‘llay boshladik.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tashabbusi bilan sohada korrupsiya va talon-torojliklarning oldini olish maqsadida, Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tashkil etilib, “komplayens” tizimi yaratildi hamda ushbu davr mobaynida komplayens sohasida raqamlashtirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

"O‘zbekneftgaz" AJda ham tovar va ish-xizmatlar xaridini amalga oshirish jarayonida xarid qonunchiligiga amal qilish, unda belgilangan talablar va xaridlar shaffofligini ta’minlash, shuningdek korrupsiya xavf-xatarlarining oldini olishga alohida e’tibor berilib kelinmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ ijro apparati faoliyat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish va joriy etish” to‘g‘risidagi Jamiyat boshqaruv qarori hamda 2020 yil 18 dekabrda Jamiyat Boshqaruv raisi tomonidan berilgan topshiriqlari asosida avtomatlashtirilgan “komplayens nazorat” dasturi yaratildi.

Aytish joizki, ushbu dastur har bir xodimning kunlik qilayotgan ishi va kelgusidagi rejalarini nazoratda ushlash, tahlil qilish va natijada xodimning ko‘rsatgan ko‘rsatkichiga qarab munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Komplayens sohasida raqamlashtirishning ahamiyati shundaki, raqamlashtirish orqali korrupsion xavf xatari yuqori bo‘lgan bo‘g‘inlarda inson omilini kamaytirishga va nazorat jarayonini kuchaytirishga erishiladi.

Jamiyatdagi mavjud “1S shartnoma” va “Personal.ung.uz” dasturlari hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat Statistika qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi bilan “komplayens nazorat” dasturini integratsiya qilinib, manfaatlar to‘qnashuvi moduli yaratildi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi orqali STIR raqamlar va korxonalar to‘g‘risidagi hamda Statistika qo‘mitasining ma’lumotlar bazasi orqali korxona va tashkilotning benifitsiari, ta’sischisi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalaniladi.

Ushbu modul orqali hozirda “O‘zbekneftgaz” AJ bilan xarid jarayonlariga kirishayotgan kontragentlarning affillanganlik holatlarini aniqlash avtomatlashtirildi. Bunda xarid jarayonida ishtirok etayotgan kontragentni, ya’ni firma rahbari va ta’sischisi ismi shariflarini, Jamiyatning “Personal.ung.uz” dasturiga joylangan barcha tizimdagi xodimlar va ularning yaqin qarindoshlari ism-shariflari bilan bog‘liq holatlarni avtomat aniqlab berish imkoniyati vujudga keldi.

Misol tariqasida keltirish mumkinki, xodimning yaqin qarindoshi biror firma direktori yoki hatto ta’sischisi bo‘lgan holda, “O‘zbekneftgaz” AJ bilan xarid jarayonlarini amalga oshirmoqchi bo‘layotgan vaqtda dastur “Personal.ung.uz” tizimidagi bir necha o‘n ming ismlar orasidan Jamiyat xodimining ukasi ekanini aniqlab beradi.

Shuningdek, Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida ishga kirish uchun suhbatga kelayotgan xodim to‘g‘risida ma’lumotlar komplayens nazorat dasturi orqali, qarindosh-urug‘lari ushbu tashkilotda bor-yo‘qligi o‘rganilib, tahlil qilinadi. Agar to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu nomzodga nisbatan Komplayens nazorat tizimining mas’ullari tomonidan tegishli hulosalar beriladi. Bu korxonaning INN raqami va rahbarning ism-sharifi orqali qidirish imkoniyatlari bo‘yicha misol.

Bundan tashqari tashkilot nomi orqali Jamiyat xodimlari o‘zlarining muqaddam ishlagan tashkilotlari va yaqin qarindoshlari ishlayotgan joylari bo‘yicha solishtirib, ehtimollik darajalari bilan bog‘liqlik bor yoki yo‘qligini aniqlash imkoniyatlari ham qo‘shildi.

Yuqoridagi komplayens sohasidagi raqamlashtirish va nazorat tadbirlari Jamiyatning yuqori va quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan lavozim yo‘riqnomasida yuklangan vazifadan tashqari o‘z manfaatlari yo‘lida biror ish qilishdan oldin, o‘ylab ko‘rishlarini taqozo etadi.

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan davrda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan moliyaviy kamchiliklar va talon-torojlik holatlarining oldini olish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi hamda samarali natijalarga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Top