07:51 / 02.11.2022
6751

Isroildagi saylovlarda Netanyaxuning partiyasi yetakchilik qilyapti

Ekzitpollar natijalariga ko‘ra, Netanyaxuning «Likud» partiyasi Isroildagi parlament saylovlarida amaldagi bosh vazir Lapidning «Yesh Atid» partiyasidan oldinda. Benyamin Netanyaxu hukumat rahbari lavozimiga qaytishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

Isroilda 1 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida sobiq bosh vazir Binyamin Netanyaxuning «Likud» partiyasi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi o‘rinni egalladi. Mahalliy telekanallarning ekzitpollari natijalariga ko‘ra, u Knessetdagi 120 mandatdan 30-31 ta mandat oladi.

Ikkinchi o‘rinni amaldagi bosh vazir Yair Lapidning «Yesh Atid» partiyasi band etgan. Ekzitpollar natijalariga ko‘ra, u 22 tadan 24 tagacha mandat oladi. Bezalel Smortich va Itamar Ben-Gvirning o‘ta o‘ngchi Diniy sionizm partiyasi keyingi o‘rinlarda bo‘lib, parlamentdagi 14-15 o‘rinni olishi taxmin qilinmoqda.

Dpa agentligiga ko‘ra, Netanyaxuning o‘ng qanot diniy lageri Isroilning vakillik va qonun chiqaruvchi organida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritmoqda. Ekzitpollar natijalariga ko‘ra, bu guruhning siyosiy kuchlari parlamentdagi 61-62 o‘ringa ishonishi mumkin.

Bu oxirgi uch yarim yil ichida Isroilda beshinchi parlament saylovidir. Mahalliy vaqt bilan soat 19.00 (Toshkent vaqti bilan 22.00) holatiga ko‘ra, ularda saylovchilarning ishtiroki 66,3 foizni tashkil etdi, bu 1999 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yakuniy natijalar 3 noyabrdan keyin ma’lum bo‘ladi.

O‘ng qanot konservativ muxolifat yetakchisi, Isroilning sobiq bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ta o‘nglar yordamida hukumat rahbari lavozimiga qaytishga umid qilmoqda. Yair Lapidning o‘ng va chap tomondagi keng doiradagi partiyalarni o‘z ichiga olgan lageri buning oldini olishga harakat qildi. Netanyaxuga qarshi jinoiy ish ochilgan, u firibgarlik, korrupsiya va davlatga xiyonatda ayblanmoqda.

Saylovning rasmiy natijalari e’lon qilinganidan keyin Isroil prezidenti Itsxak Gersog hukumatni kim tuzishini aniqlashi kerak. Bu nomzodga koalitsiya tuzish uchun to‘rt hafta vaqt beriladi.

Mavzuga oid
Top