22:05 / 02.11.2022
18120
Quvur parchalari 250 metrga sochilgan - «Shimoliy oqim» tekshiruvi natijalari e’lon qilindi 

Shveytsariyaning Nord Steam AG kompaniyasi Boltiq dengizi tubidagi «Shimoliy oqim» quvurining zarar yetkazilgan qismini ko‘zdan kechirish ishlarini yakunladi. 

Foto: AP

27 oktabr kuni Nord Steam AG kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan maxsus kema «Shimoliy oqim» quvurining zarar yetkazilgan qismiga yetib borgan va tekshirish ishlarini boshlagan edi. 

2 noyabr kuni tekshirishning dastlabki natijalari e’lon qilindi. 

«Voqea joyini tekshirishning dastlabki natijalariga ko‘ra, dengiz tubida bir-biridan taxminan 248 m masofada chuqurligi 3 metrdan 5 metrgacha bo‘lgan texnogen voronka topilgan. Ular o‘rtasidagi quvur vayron qilingan, uning bo‘laklari kamida 250 m masofaga sochilib ketgan. Mutaxassislar tadqiqot ma’lumotlarini tahlil qilishni davom ettirmoqdalar», deyiladi xulosada. 

Nord Steam AG kompaniyasi aksiyalarining 51 foizi «Gazprom»ga tegishli hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, 26 sentabr kuni Rossiya gazini Yevropaga eksport qilish uchun mo‘ljallangan Boltiq dengizi tubidagi «Shimoliy oqim» gaz quvurining ikkita tarmog‘i va «Shimoliy oqim-2» quvurining bir tarmog‘ida ko‘p miqdorda gaz sizib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. Voqea joyini o‘rganib chiqqan Shvetsiya politsiyasi quvurlarga portlash oqibatida zarar yetkazilganini e’lon qildi. 

Portlashlarni kim uyushtirgani hozircha aniq emas. Rossiya prezidenti Vladimir Putin voqeada «anglosakslar»ni aybladi. Rossiya Mudofaa vazirligi portlashlarni tashkil etish va amalga oshirishda Britaniya harbiy-dengiz kuchlari vakillari ishtirok etganini ma’lum qildi. Britaniya Mudofaa vazirligi buni rad etmoqda. 

Mavzuga oid
Top