18:39 / 03.11.2022
8687

Qirg‘izistonlik deputat qoramollarni soliqqa tortishni taklif qildi

Deputat Jyenishbek Toktorboyev fikriga ko‘ra, qishloqlarda odamlar yaxshi yashayapti, shuning uchun yangi soliq joriy etish kerak.

Foto: kenesh.kg

Qirg‘iziston parlamenti yig‘ilishida deputat Jyenishbek Toktorboyev qoramollarga nisbatan soliqning yangi turini joriy etishni taklif qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda qariyb 2 million bosh qoramol, shundan 700 mingga yaqin ot, 8 millionga yaqin qo‘y bor.

«Biz agrar mamlakatmiz, shuning uchun aholining 70 foizdan ortig‘i qishloqlarda yashaydi va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Xudoga shukur, xalq boyib ketyapti, qishloqda hammaning uch-to‘rtta mashinasi bor. Endi qishloqdagi turmush darajasiga qarasangiz, shahardagidan yomon emas. Men o‘zim qishloq yigitiman va tez-tez u yerga boraman. Qishloqdagi infratuzilma shahardagidan yomon emas. O‘rtacha bitta ot 70 mingdan 100 ming [qirg‘iz] so‘mgacha turadi. Menimcha, molga soliq solish mumkin. Har bir qo‘chqordan yiliga 100 so‘mdan, qoramol va otlardan esa 250 so‘mdan soliq undirishni taklif qilaman. Shu tariqa 1,5 milliard so‘m qishloqlar budjetiga tushadi. Davlat budjetidan esa pul so‘ramaydi», - dedi Jyenishbek Toktorboyev.

Xalq deputati Qirg‘izistonning qaysi qishloqlarida aholi badavlat yashayotganiga aniqlik kiritmadi.

Top