09:47 / 04.11.2022
3857

Samarqandda o‘tayotgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ va yirik xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi

Xalqaro darajadagi yetakchi iqtisodchilar va xalqaro ekspertlarni jamlagan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida O‘zbekistonning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi, iqtisodiy imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu Forumda ishbilarmon doiralar va xorijiy hamkorlar, xalqaro banklar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Iqtisodiy forumning birinchi kunida, “SOCAR” (Ozarboyjon), “JPMorgan Chase Bank” (AQSh), “CreditSuisse” (Shveytsariya) va MUFG (Yaponiya) kompaniyalar va banklarining vakillari bilan muloqotlar amalga oshirildi.

Muloqotda yirik xalqaro kompaniyalar va banklarning rahbarlariga so‘nggi yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan erishilgan natijalar, raqamlashtirish va transformatsiya jarayonlari, sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Dastavval Ozarboyjonning “SOCAR” kompaniyasi Vitse-prezidenti Rafiga Guseyzoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muzokaralar olib borildi. Tomonlar avval erishilgan kelishuvlarning bugungi holatini muhokama qildilar, xususan imzolangan qo‘shma “Yo‘l xaritalari” va memorandumlardagi natija muhokama qilindi.

Tomonlar neft va gaz sohasida investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish hamda ularning keyingi istiqbollari, geologiya va qidiruv ishlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishida texnologiyalar va tajriba almashish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdi hamda o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Navbatdagi uchrashuv esa 2,5 trillion dollarlik aktivlarga ega bo‘lgan, uzoq yillardan buyon samarali va ishonchli faoliyat yuritib kelayotgan “JPMorgan Chase Bank” delegatsiyasi a’zolari bilan o‘tkazildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi va “JPMorgan Chase Bank” vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda mamlakatimizda neft-gaz sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya, ma’muriy va tarkibiy o‘zgarishlar, shuningdek, sohaning investitsiya jozibadorligi borasida muhokama qilishdi.  

“JPMorgan Chase Bank” vakillari bilan ham o‘tgan uchrashuvda tomonlar yakuniy erishilgan natijalar muhokamasini o‘tkazishdi. Shuningdek, turli istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qisqa va o‘rta muddatli moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Doimiy muloqot va zarur axborot almashishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi hamda hamkorlikning hozirda mavjud yo‘nalishlarini rivojlantirishga kelishib olindi.

“CreditSuisse” Forumga tashrif buyurgan rahbarlari bilan o‘tgan muzokarada loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi va bundan tashqari Yevropa ekspert kredit agentliklaridan uzoq muddatli sug‘urta qoplamalarini jalb qilish yo‘llari ham ko‘rib chiqildi. 

“CreditSuisse” vakillari bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning ayrim istiqbolli yo‘nalishlari qayta muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar doimiy aloqada bo‘lishiga va hamkorlikning barcha istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar. 

Birinchi kungi muzokaralar “MUFG” banki vakili bilan o‘tkazildi va uchrashuvda tomonlar o‘zaro moliyaviy hamkorlikning yangi istiqbollarini ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va turli korporativ ehtiyojlarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy forum davom etmoqda va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan forum doirasida hamkorlik masalalari yuzasidan yana bir qator nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top