16:51 / 04.11.2022
10072

Shols Xitoyni Moskvaga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi

«Xitoy raisi Si va men yadroviy tahdidlar mas’uliyatsiz va o‘ta xavfli ekanligiga oid umumiy fikrdamiz», - dedi Germaniya kansleri Pekinda Xitoy rahbari bilan muzokaradan so‘ng. 

Foto: AFP

Xitoy Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq tugatish uchun Rossiyaga ta’siridan foydalanishi kerak. Germaniya kansleri Olaf Shols 4 noyabr, juma kuni Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan shu haqda gaplashdi

«Xitoy raisi Si va men yadroviy tahdidlar mas’uliyatsiz va o‘ta xavfli ekanligiga oid umumiy fikrdamiz», — dedi Shols bu borada Xitoy rahbari bilan muzokaradan so‘ng. 

Shu bilan birga, Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan, AFP jurnalistlariga ko‘ra, Shols bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida o‘zini harbiy mavzudan g‘ayrioddiy tarzda uzoqlashtirgan. «Biz vaziyatni yanada keskinlashtirishni istamaymiz», dedi Li va «ikki tomonni tinchlik muzokaralarini boshlashga undash vaqti kelganini» ta’kidladi. 

«Biz mintaqaviy barqarorlikka putur yetishini, xalqaro ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini beqarorlashtirishni istamaymiz», — deya qo‘shimcha qildi xitoylik siyosatchi. 

Xitoy shu paytgacha Rossiyani Ukrainaga bostirib kirgani uchun ochiq tanqid qilishdan qochayotgandi. Urush boshlanganidan beri Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Xususan, Xitoy Rossiya neftini sotib olyapti, G‘arb davlatlari esa bundan bosh tortgan. 

O‘z navbatida, Germaniya kansleri Olaf Shols Xitoy rahbari Si Jinping bilan muzokaralar chog‘ida adolatli savdo aloqalarini o‘rnatishga chaqirdi. 

Germaniya va Xitoy globallashuv hamda u bilan bog‘liq iqtisodiy o‘sishning afzalliklarini boy bermaslikdan manfaatdor, dedi Germaniya hukumati rahbari Pekinda. Shu bilan birga, Germaniya uchun «teng asosda iqtisodiy munosabatlarni» saqlab qolish muhim», deya qo‘shimcha qildi u. 

Gap har ikki tomon ham investitsion ochiqlikka birdek amal qilishi lozimligi va erkin savdoni amalga oshirishga imkon bermaydigan qaramliklar yuzaga kelmasligi haqida ketyapti, deb tushuntirdi Shols. 

Pekinga safari oldidan Germaniyadagi ko‘plab mutaxassislar eksportga yo‘naltirilgan nemis iqtisodiyotining Xitoyga qaramligi ortib borayotganiga ishora qildi va bu vaziyatni Ukrainada urush boshlanishidan oldin Rossiyaga bo‘lgan energiya qaramligi bilan taqqosladi. 

Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Lining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati Germaniya bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi. «Germaniya va Xitoy erkin va adolatli savdo tarafdori. Biz barcha tomonlar uchun foydali bo‘lgan tashqi ochiqlikka sodiqligimizni bildirishda davom etamiz», deb va’da berdi u. 

Olaf Shols Xitoy rahbariyati bilan muzokaralarda ko‘targan boshqa mavzular orasida Xitoydagi inson huquqlari va Tayvan atrofidagi vaziyat bor edi. 

Shols birinchi masala yuzasidan «inson huquqlari universal xarakterga ega va bu, xususan, ozchiliklar huquqlariga taalluqlidir», deb ta’kidladi. 

Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi ehtimoli haqidagi xavotirlar bo‘yicha, Germaniya hukumati rahbari Tayvanning status-kvosini faqat tinch yo‘l bilan, muloqot orqali o‘zgartirish mumkinligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid
Top